Quyidagilar markaziy apparatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
- hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlar bilan birgalikda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasiga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishini ta’minlash;
- sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni va normativ hujjatlarni ishlab chiqish va belgilangan tartibda qabul qilishni tashkil etish;
- Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining vakolatiga tegishli bo‘lgan masalalar bo‘yicha kompleks davlat dasturlari va tarmoq dasturlari, chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqish, qabul qilish uchun belgilangan tartibda kelishish va ularning bajarilishini tashkil etish;
- radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi, yer qa’ridan foydalanishda ishlarni olib borish xavfsizligi, uglevodorod xom ashyo qa’ridan foydalanish va ularni qo‘riqlash masalalari bo‘yicha, istirohat bog‘lari attraksionlaridan foydalanishda qonun hujjatlari va normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil etish;
- sanoat, radiatsiya xavfsizligi, atom energetikasi va yadro texnologiyalari sohasida faoliyatni litsenziyalash, shuningdek, yer qa’ridan foydalanish, ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlarni berish, xavfli ishlar, xavfli tovarlar va moddalar, portlovchi materiallarni ishlab chiqarish, ularning aylanishi sohasida va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining vakolatiga kiradigan boshqa sohalarda ishlarini tashkil etish;
- hududiy boshqarmalar, kon-texnika inspeksiyalar va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
- Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tarkibiy bo‘linmalarining yuklangan vazifalarni ijro etish yuzasidan boshqa vazirliklar va idoralar bilan o‘zaro hamkorligini tashkil etish;
- Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tizimi uchun oliy, kasb-hunar ma’lumotli malakali kadrlar tayyorlash, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, ular mehnatini rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- nazorat ostidagi ob’ektlarda sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.
Markaziy apparat inspeksiyasi hamda Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti:
- ko‘mir, kon-ruda va noruda, kimyo, metallurgiya, neft-gaz qazib olish, neft-gazni qayta ishlash sanoatida, geologiya-qidiruv ishlarida, magistral neft va gaz quvurlarida, ishlab chiqarish siklida gazdan foydalanishda, portlash-yong‘in xavfi bo‘lgan ob’ektlarda, shu jumladan, donni saqlash va qayta ishlash ob’ektlarida, yer osti transporti va gidrotexnika qurilishini olib borishda, xavfi yuqori bo‘lgan qurilish ob’ektlarida va portlash-yong‘in xavfi bo‘lgan ob’ektlarda;
- sanoat portlovchi moddalari va portlatish vositalarini ishlab chiqarish, saqlash, ulardan foydalanish va ularni hisobga olishda;
- magistral neft va gaz quvurlarini, shaharlar va aholi punktlari gaz bilan ta’minlash tizimlarini, shuningdek, neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan (propan-butan) gazlarini tashish, saqlash va ulardan foydalanish bilan bog‘liq ob’ektlarda loyihalashtirish, qurish, foydalanish va ta’mirlashda;
- uglevodorod xom ashyo qa’ridan foydalanishda va uni muhofaza qilishda, ularni izlashda, neft va gaz quduqlarini burg‘ulashda, ularni sinab ko‘rishda va foydalanishga tayyorlashda;
- portlash va yong‘in chiqishi xavfi bo‘lgan nazorat ostidagi ishlab chiqarishlar va ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, ulardan foydalanish va ularni ta’mirlashda;
- radioaktiv materiallar va rudalarni (vakolati bo‘yicha), ionlashtiruvchi nurlanish manbalari mavjud bo‘lgan buyumlarni tashish, saqlash, foydalanish, ko‘mish, qazib olish, qayta ishlash va hisobga olishda, yadro ob’ektlarini loyihalashtirish, qurish, foydalanish va foydalanishdan chiqarishda, ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchi yoki ularni oluvchi ob’ektlardan foydalanishda;
- ko‘tarish inshootlarini, bug‘ va suv isitish qozonlarini, bosim ostida ishlaydigan idishlarni, bug‘ va issiq suv uchun suv quvurlarini, shuningdek, boshqa nazorat ostidagi ob’ektlarni tayyorlash, montaj qilish, ta’mirlash va ulardan foydalanishda;
- o‘z vakolatiga muvofiq xavfli yuklar va portlovchi moddalarni tranzit tashishda;
- istirohat bog‘lari attraksionlarini montaj qilish, ta’mirlash va foydalanishda;
- ionlashtiruvchi nurlanish manbalari aylanishi va atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyatni amalga oshirishda davlat nazoratini tashkil etadi va amalga oshiradi.
Markaziy apparat unga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
- Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va uning rahbariyati faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash;
- O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Hukumat qarorlari hududiy boshqarmalar, kon-texnika inspeksiyalari va idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan bajarilishi ustidan tizimli nazorat qilish;
- Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladigan hujjatlar sifatli va o‘z vaqtida puxta ishlab chiqilishini tashkil qilish;
- hududiy boshqarmalar, kon-texnika inspeksiyalari va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatiga rahbarlik qilish, muvofiqlashtirish va faoliyati ustidan nazorat qilish;
- Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi faoliyatini, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish sohasida huquqiy ta’minlash;
- operativ, tashkiliy, kadrlar, moliya, ishlab chiqarish-xo‘jalik masalalarini va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining vakolatlariga tegishli bo‘lgan boshqa masalalarni hal etish;
- jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish ishlarini tashkil etish;
- Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi hay’ati (keyingi o‘rinlarda hay’at deb ataladi) majlislarini tashkil etish, majlislarga, shu jumladan, hududiy boshqarmalari, kon-texnika inspeksiyalari va idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan axborot-tahliliy va hisobot materiallarini tayyorlash;
- foydali qazilmalarni qazib olish korxonalari, ob’ektlarini tugatish va konservatsiya qilishda yer qa’ridan foydalanuvchilar bajarishi majburiy bo‘lgan texnik talablarni (ishlarning xavfsizligi, foydali qazilma konlaridan foydalanishda yer qa’rini muhofaza qilish va iqtisodiyot tarmoqlarida foydalanish uchun yaroqli bo‘lgan kon qazilmalarini saqlash yuzasidan) belgilash;
- nazorat ostidagi ob’ektlar tomonidan sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi, yer qa’ridan foydalanish ishlarini xavfsiz yuritish sohasida, putur yetkazmaydigan nazorat bo‘yicha, shuningdek, istirohat bog‘lari attraksionlaridan foydalanishda normativ-huquqiy hujjatlar va normativ hujjatlar bajarilishini ta’minlash bo‘yicha profilaktik ishlar olib borish;
- radiatsiya va yadro materiallari saqlanishini ta’minlash ustidan nazorat qilish;
- radioaktiv chiqindilarni saqlash, tashish, utilizatsiya qilish va ko‘mishda radiatsiya va yadro xavfsizligini ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
- daryolarning o‘zanini tozalash va ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlari xavfsiz olib borilishi ustidan belgilangan tartibda tizimli nazoratni amalga oshirish;
- korxonalar, Harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismi, favvoraga qarshi gaz-qutqaruv va avariya-dispetcherlik xizmatlarining bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariyalarni tugatishga va ularning oqibatlarini bartaraf etishga tayyorligini nazorat qilish, shuningdek, ko‘rsatib o‘tilgan bo‘linmalarning joylashishi sxemalarini kelishish;
- xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarining sanoat xavfsizligini, shuningdek, atom energiyasidan foydalanish bilan bog‘liq ob’ektlarning xavfsizligini ekspertizadan o‘tkazishni tashkil etish;
- nazorat ostidagi korxonalarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha ishchi va davlat komissiyalarining tarkibida ishtirok etish, ushbu ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish qoidalariga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish;
- respublika darajasida ionlashtiruvchi nurlanish manbalarining davlat hisobi va nazoratini tashkil etish, ularning milliy reestrini yuritish;
- bug‘ va suv isitish qozonlarini, bosim ostida ishlaydigan idishlarni, bug‘ va issiq suv uchun suv quvurlarini, ko‘tarish inshootlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ro‘yxatdan o‘tkazilgan uskuna reestrini yuritish;
- yer qa’ridan foydalanishda sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi, ishlarni olib borish xavfsizligi masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni va normativ texnik hujjatlarni ishlab chiqish, sanoat xavfsizligi sohasida va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar bo‘yicha ekspert tashkilotlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish;
- o‘z vakolatlari doirasida faoliyatning ayrim turlariga litsenziya berish uchun takliflarni ko‘rib chiqish va tayyorlash;
- Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining vakolatiga kiradigan ishlarining ayrim turlariga belgilangan tartibda ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlarni berish va bekor qilish uchun xulosalar tayyorlash;
- yer qa’ridan foydalanishda, uglevodorod xom ashyo foydali qazilmalaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishda sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi, ishlarni xavfsiz yuritish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar dasturlarini va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha dasturlarni shakllantirish va kelishishda ishtirok etish;
- markaziy apparat va tarkibiy bo‘linmalar xodimlarining mehnat intizomiga, ichki mehnat tartibi qoidalariga rioya qilishi ustidan nazorat qilish;
- hay’at qarorlari, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining buyruqlari, farmoyishlari va ko‘rsatmalari uning tarkibiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan ijro etilishini nazorat qilish;
- tarkibiy bo‘linmalar va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyati bo‘yicha zarur axborotni tayyorlash va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi rahbariyatiga taqdim etish;
- sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi, yer qa’ridan foydalanishda ishlarni xavfsiz yuritish sohasida, putur yetkazmaydigan nazorat bo‘yicha, shuningdek, istirohat bog‘lari attraksionlaridan foydalanishda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining tarkibiy bo‘linmalari va boshqa shaxslar bilan o‘zaro hamkorlik qilish;
- Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining faoliyatini amalga oshirishda olingan axborotning va natijalarning maxfiyligini ta’minlash;
- Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi faoliyatining shaffofligini ta’minlash;
- davlat xizmatlari ko‘rsatishning elektron shakllarini joriy etish;
- o‘zining rasmiy veb-saytida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi faoliyati to‘g‘risidagi axborotni belgilangan tartibda joylashtirish.