O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining korrupsiyaga qarshi kurashish
08.04.2016 | sgktn.uz

“TASDIQLAYMAN”

O‘zbekiston Respublikasi Sanoat

xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi

_______________B.V.Gulyamov

2020 yil “_____________

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining

korrupsiyaga qarshi kurashish

SIYOSATI

Umumiy qoidalar

 

 

 

  1. Mazkur O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Qo‘mita deb ataladi)ning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati (keyingi o‘rinlarda Siyosat deb ataladi) Qo‘mita tizimida korrupsiyaviy holatlarga qarshi kurashishning umumiy qoidalarini va O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchiligiga rioya etilishida o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tamoyillar va chora-tadbirlarning majmuini belgilab beradi.
  2. Siyosat Qo‘mita xodimlar orasida hamda jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyati darajasini oshirish maqsadida Qo‘mita tizimida yuqori axloqiy meʼyorlarga sodiqligini, shuningdek, Qo‘mita xodimlari faoliyatida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga murosasizlik va ularni sodir etishga yo‘l qo‘ymaslikni aks ettiradi.
  3. Siyosat ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimlari - Foydalanish bo‘yicha talablar va tavsiyalar” xalqaro standarti talablarini inobatga olgan holda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar tavsiyalari va yetakchi xalqaro amaliyot asosida, O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchiligi talablariga muvofiq ishlab chiqilgan.
  4. Qo‘mitaning barcha tarkibiy tuzilmalari ushbu siyosatni faoliyatining ahamiyatini hisobga olgan holda qabul qilishlari, korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini, mavjud bulgan korrupsiya xavfi, tajribasi va mavjud manbalari asosida ishlab chiqishlari va amalga oshirishlari lozim.
  5. Siyosat Qo‘mitaning ichki hujjati sifatida Siyosatning maqsadi va vazifalariga erishish uchun Qo‘mita faoliyatida korrupsiya bilan bog‘lik huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga barham berishga qaratilgan asosiy talablar va tamoyillarni belgilab beruvchi asos hisoblanadi.

 

  1. Asosiy tushunchalar

 

  1. Mazkur Siyosatning maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalar
    va atamalardan foydalaniladi:

korrupsiya – xodimning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishi;

korrupsiyaviy harakatlar - xodim tomonidan pora beruvchining manfaatlarini ko‘zlab harakat yoki harakatsizligi uchun bevosita yoki bilvosita, shaxsan yoki uchinchi shaxslar orqali porani yaʼni pul, qimmatbaxo qog‘ozlar, boshqa mol-mulkni, mulkiy tusdagi xizmatlarni, boshqa mulkiy huquqlarni olish, talab qilish, taklif qilish, vaʼda qilish va berish, shuningdek, pora berish va (yoki) olishda vositachilik qilish, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun to‘lovlarni olish, xodim tomonidan pora olish yoki huquqqa xilof boshqa maqsadlarda o‘z xizmat mavqeidan noqonuniy foydalanish;

korrupsiyaga oid huquqbuzarlik – korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish, yaʼni o‘zining xizmat mavqei yoki vakolatini suisteʼmol qilish, Qo‘mita xodimiga qonunga xilof ravishda shaxsan yoki boshqa shaxs orqali moddiy yoki nomoddiy naf berish yoki undan yoxud uchinchi shaxslardan bunday nafni olish;

korrupsiyaga qarshi kurashish – Qo‘mitaning vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan tizimda korrupsiyani profilaktika qilish va unga chek qo‘yish bo‘yicha amalga oshiriladigan faoliyat;

korrupsiyani profilaktika qilish – Qo‘mitaning vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan tizimda korrupsiyani oldini olish bo‘yicha amalga oshiriladigan faoliyat;

korrupsiyaviy xavf-xatar – Qo‘mita xodimlari yoki uchinchi shaxslar tomonidan Qo‘mita nomidan va (yoki) ularning manfaatlarini ko‘zlab korrupsiyaviy xatti-harakatlarni sodir etish ehtimoli va xavfi;

kontragent (shartnomaviy sherik) – Qo‘mita bilan shartnomaviy munosabatlarga (mehnat munosabatlari bundan mustasno) kirishgan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs;

manfaatlar to‘qnashuvi – Qo‘mita xodimlarining shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir ko‘rsatayotgan yoxud taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda xodimning shaxsiy manfaatdorligi bilan Qo‘mita manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat;

korrupsiyaga chek qo‘yish – Qo‘mitaning vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan tizimda huquqbuzarliklarni fosh etish, identifikatsiya qilish, belgilab olish, ularning sabablarini va sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni, unga daxldor shaxslar doirasi va aybliligi darajasini aniqlab olishga qaratilgan korrupsiyani aniqlash, unga chek qo‘yish va uni tekshirish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat;

xodimning shaxsiy manfaatdorligi – Qo‘mita xodimi tomonidan o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida uning yaqin qarindoshi yoki xodimga aloqador bo‘lgan shaxslar tomonidan xodimning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir qilishi mumkin bo‘lgan pul mablag‘lari, moddiy yoki nomoddiy qimmatliklar, boshqa mol-mulk, boylik va imtiyozlar ko‘rinishida shaxsiy naf olish imkoniyati (shaxsiy, ijtimoiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa tijorat yoki notijorat manfaatlari);

xodim – Qo‘mita bilan mexnat munosabatlariga kirishgan shaxs;

yaqin qarindoshlar – ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar va opa-singillar, er (xotin), farzandlar, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobolar, buvilar, nevaralar, shuningdek erning (xotinning) ota-onasi;

pora olish –  Qo‘mita mansabdor shaxslarining o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor bo‘lishi.

 

III. Siyosatning maqsadi va vazifalari

 

  1. 7. Siyosat Qo‘mitaning korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan asosiy yo‘nalishlari va korrupsiyaviy faoliyatga aralashib qolishga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatiga bo‘lgan yondashuvni ifodalaydi.
  2. 8. Mazkur Siyosat Qo‘mita tizimidagi rahbarlar va xodimlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda har qanday shakldagi va darajadagi korrupsiyaviy faoliyat haqida yagona tushunchani hosil qilish, korrupsiyaviy faoliyatga aralashib qolish bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirishning vazifalari va usullarini ifodalash maqsadini ko‘zlaydi.
  3. 9. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, Qo‘mita tizimini “Korrupsiyasiz soha”ga aylantirish Qo‘mita tarkibiy tuzilmalari rahbarlarining eng asosiy vazifasi sifatida belgilanadi.
  4. 10. Ushbu Siyosatning vazifalari Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning yagona tamoyillari, tashkiliy va huquqiy asoslarini, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi xavfni baholash va boshqarish, oqibatlarini, shuningdek ushbu illatlarga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish hamda korrupsiyaning holati va tendensiyalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘ish hamda tahlil etish tartibini belgilashdan iborat.
  5. 11. Siyosat Qo‘mitaning markaziy apparati, uning hududiy boshqarmalari, kon-texnika inspeksiyalari va idoraviy mansub tashkilotlarga nisbatan amal qiladi.
  6. 12. Siyosat Qo‘mita tizimida ishlovchi, lavozimidan qatʼiy nazar barcha darajadagi rahbarlar va xodimlarga nisbatan tatbiq etiladi.
  7. 13. Qo‘mita tizimiga ishga kirayotgan shaxs mazkur Siyosat bilan imzo qo‘ydirgan holda tanishtiriladi.

 

  1. Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining elementlari

 

  1. 14. Korrupsiyaga “har qanday ko‘rinishdagi korrupsiyaga murosasiz munosabatda bo‘lish” tamoyiliga tayangan holda Qo‘mitaning barcha xodimlariga korrupsiya bilan bog‘liq har qanday xatti-harakatlarda ishtirok etishi, yaʼni pora beruvchining manfaatlarini ko‘zlab harakat qilishi yoki harakatsizligi uchun bevosita yoki bilvosita, shaxsan yoki uchinchi shaxslar orqali pora, yaʼni pullar, qimmatbaho qog‘ozlar, boshqa mol-mulk, mulkiy tusdagi xizmatlarni berishni talab qilish, tovlamachilik qilish, vaʼda berish va pora berish, pora berish va (yoki) olishda vositachilik qilish, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun to‘lovlarni olish, shaxs tomonidan pora olish yoki g‘ayriqonuniy boshqa maqsadlarda o‘z xizmat mavqeidan noqonuniy foydalanishi qatʼiyan taqiqlanadi.
  2. 15. Quyidagilar Qo‘mitaning korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining asosiy elementlari hisoblanadi:
  3. a) korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha asosiy ichki hujjatlar mavjudligi, yaʼni Qo‘mitada korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining asosini:

mazkur Siyosat;

Qo‘mita xodimlarining odob-axlok qoidalari;

Qo‘mitada manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha hujjatlari  tamoyillar va talablarni tashkil etadi;

  1. b) “Yuqoridan quyiga munosabat” - Yuqori darajada rahbarlik namunasi:

Qo‘mitaning rahbarlari, shuningdek, uning tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlari o‘ziga bo‘ysunuvchilar, fuqarolar va yuridik shaxslar bilan munosabatlarda halol, adolatli va mustaqil xulq-atvor namunasi bo‘lishlari kerak;

Qo‘mita raisi, raisning o‘rinbosarlari, Qo‘mitaning tarkibiy bo‘linmalarning rahbarlari korrupsiyaga karshi kurashish samarali tizimni yaratish va amalga oshirishda quyidagilar orqali yetakchilikni namoyish etadilar:

Qo‘mita faoliyatining xavf-xatarga ega funksiyalari (yo‘nalishlari)ga korrupsiyaga qarshi kurashish samarali chora-tadbirlar va tartiblarni joriy etish, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi (Yo‘l xaritasini) ishlab chiqish va uning ijrosini nazorat qilish orqali ko‘maklashish;

o‘z mansab majburiyatlarini bajarish doirasida, Qo‘mita xodimlarida korrupsiyaning barcha shakllari va ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirgan holda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik normalari va qabul qilingan ichki hujjatlarga rioya qilish va axloqiy xulq-atvor yuzasidan shaxsan namuna sifatida namoyon bo‘lish;

  1. v) korrupsiyaviy xavf-xatarni aniqlash va baholash:

Qo‘mita funksiyalarining xususiyati, tashkiliy tuzilmasi, jamiyat va boshqa shaxslar bilan o‘zaro faoliyat olib borishiga hamda boshqa ichki va tashqi omillarga bog‘liq xolda o‘z faoliyatiga xos bo‘lgan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni ayniqlaydi va baholaydi;

korrupsiyaviy xavf-xatarni aniqlash va baholash doirasida Qo‘mita faoliyatining barcha soxalari korrupsiyaviy xavf-xatariga ko‘proq uchraydigan funksiyalarni aniqlash maqsadida tahlil qilinadi, ularda mavjud bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashishni nazorat qilishning barcha shakllari va tartib-taomillari aniqlangan xavf-xatarlarni kamaytirish uchun yetarliligi jihatidan tahlil qilinadi.

Qo‘mitaning korrupsiyaviy harakatlarga “mutlaqo toqatsizlik”ni hisobga olgan xolda Qo‘mita korrupsiyaviy xavf-xatarlarning yuzaga kelish ehtimoli va taʼsir kilish darajasidan qatʼi nazar ularni boshqarish zaruratini tan oladi;

Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash yiliga kamida bir marta amalga oshiriladi. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash natijalari Qo‘mita raisi va Qo‘mita tarkibiy tuzilmalari rahbarlari tomonidan ko‘rib chiqiladi, shuningdek aniqlangan xavf-xatarlarni kamaytiruvchi korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlar va tartib-taomillar Qo‘mitaning korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlarida aks ettiriladi.

  1. g) korrupsiyaga qarshi kurashish uchun masʼul shaxslar:

Qo‘mitada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘yish maqsadida Qo‘mitaning markaziy apparatida korrupsiyaga qarshi kurashishni shakllantirish va nazorat qilish jarayoni uchun masʼul bo‘lgan alohida xodim – korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimi kiritildi;

korrupsiyaga karshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassis Qo‘mitada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha vazifalarni amalga oshirishda yetarli darajada mustaqillikka va muxim resurslarga ega bo‘lib, bevosita Qo‘mita raisiga bo‘ysunadi va o‘z faoliyatini rais tomonidan tasdiqlangan lavozim yo‘riqnomasiga muvofiq amalga oshiradi;

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarida ruxsat etilgan lavozimlarga korrupsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish funksiyasi yuklatilishi mumkin. Korrupsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish funksiyalari Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarida yuqori darajada korrupsiyaviy xavf-xatarga ega bo‘lmagan, shuningdek, yetarli darajada mustaqil bo‘lgan xodimiga yuklatiladi;

Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchilari korrupsiyani bartaraf etish choralarini ko‘radi, shu bilan birga, o‘ziga yuklatilgan vazifalar doirasida korrupsiyaga karshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassis bilan hamkorlik qiladi;

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishda Qo‘mitaning Kadrlar masalalari bo‘yicha bo‘lim O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari normalariga muvofiq belgilangan tartibda va hajmda xodimlar va aloqador shaxslarning yaqin qarindoshlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni o‘z vaqtida va tizimli yig‘ish, tahlil qilish va yangilab borish uchun javobgar bo‘ladi;

Bundan tashqari, korrupsiyaga karshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassis xodimlar o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi Kadrlar masalalari bo‘yicha bo‘limdan kelib tushgan maʼlumotlarni ko‘rib chiqadi va (manfaatlar to‘qnashuvi tartibga solinmagan taqdirda) uni hal qilish bo‘yicha yoki aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha ko‘rilgan choralarning yetarliligi yoxud yetarli emasligi to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun Qo‘mita raisiga taklif kiritadi;

  1. d) aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarni minimallashtiruvchi korrupsiyaga qarshi kurashish choralari:

Qo‘mita o‘z faoliyati va funksiyalaridagi korrupsiyaviy xavf-xatarli yo‘nalishlarda umumiy nazorat muhitini va korrupsiyaga qarshi kurashish nazorat hamda tartib-taomillarni o‘z ichiga oluvchi korrupsiyaga qarshi kurashishning kompleks tizimini joriy etadi.

Qo‘mita korrupsiyaga qarshi kurashishni nazorat qilish va tartib-taomillarning samaradorligi, jumladan, ularning aniqlangan xavf-xatar darajasiga mutanosibligi, Qo‘mita xodimlari uchun qatʼiyligi va aniqligi, fuqarolik jamiyati uchun shaffofligini taʼminlashga intiladi;

Amalga oshiriladigan tadbirlar, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha nazorat choralari va tartib-taomillar Qo‘mitaning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dasturi/rejasi/yo‘l xaritasida aks ettiriladi hamda tegishli ichki hujjatlarda belgilanadi;

  1. e) axborotlashtirish, kommunikatsiya va maslahat berish:

Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish va Qo‘mitaning korrupsiyaga qarshi kurashish tamoyillari va talablari haqida jamiyatning xabardorligini oshirish maqsadida, mazkur Siyosat va Qo‘mitaning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlari to‘g‘risidagi asosiy maʼlumotlar Qo‘mitaning Internet tarmog‘idagi rasmiy veb saytiga joylashtiriladi.

Bundan tashqari, Qo‘mita korrupsiyaga qarshi kurashish amaldagi qonun hujjatlari normalari va korrupsiyaga qarshi kurashish joriy etilgan tamoyillar va talablar haqida Qo‘mita xodimlari va boshqa manfaatdor shaxslarni xabardor qilish va tushuntirish bo‘yicha quyidagilar orqali barcha oqilona xatti-harakatlarni amalga oshiradi:

Qo‘mita xodimlarini yiliga kamida bir marta korrupsiyaga qarshi kurashish asoslari bo‘yicha doimiy va tizimli o‘qitish, shu jumladan, ishga yangi qabul qilinayotgan xodimlarni ushbu Siyosat va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha boshqa ichki hujjatlar bilan majburiy tartibda tanishtirish bilan birgalikda ularni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha majburiy kurslarda o‘qitish. Korrupsiyaviy xavf-xatari yuqori bo‘lgan lavozimlar uchun Qo‘mitada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shimcha taʼlim dasturlari belgilanadi. O‘tkazilgan o‘qish/treninglar haqidagi maʼlumotlar Kadrlar masalalari bo‘yicha bo‘limda qonunchilikda belgilangan tartibda saqlanadi;

Qo‘mita xodimlarining korrupsiyaga murosasiz munosabatini shakllantirish bo‘yicha va korrupsiyaga qarshi kurashish amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida xabardorligini oshirishga qaratilgan tematik audio- va videoroliklar hamda boshqa axborot maʼlumotlaridan foydalangan holda korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlar o‘tkazish;

Qo‘mita xodimlari tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilganligiga gumonlar yoki faktlar, korrupsiyaviy xavf-xatarlar va boshqalar  haqida xabar berilishi mumkin bo‘lgan aloqa kanallari bilan taʼminlash;

korrupsiyaga karshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassis/korrupsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchi tomonidan mazkur Siyosat qoidalarini qo‘llash yoki korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari va tartib-taomillarini amalga oshirish bilan bog‘liq savollar kelib chiqqanda Qo‘mita xodimlariga maslaxatlar berish;

Qo‘mita xodimlarining mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi kurashish qoidalarni kiritish;

tasdiqlangan rejaga muvofiq korrupsiyaga karshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassis/korrupsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish xulq-atvor yuzasidan tashviqotlar o‘tkazish;

  1. g) monitoring, nazorat va hisobot:

korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassis Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarning yetarliligi, mutanosibligi va samaradorligini baholaydi hamda doimiy monitoringini olib boradi. O‘tkazilgan monitoring natijalari bo‘yicha Qo‘mitada korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish yuzasidan tegishli choralar ko‘riladi.

Qo‘mitada monitoring va nazorat qilishning quyidagi tartib-taomillari amalga oshiriladi:

Qo‘mita faoliyati va funksiyalaridagi o‘zgarishlar, ularning tashkiliy-funksional tuzilmasidagi o‘zgarishlar hamda boshqa ichki va tashqi omillarning Qo‘mitada korrupsiyaga qarshi kurashish tizimiga taʼsirini, mazkur tizimga o‘zgartirish kiritish zaruriyatini tahlil qilish, shu jumladan, uni amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligini taʼminlash;

tasdiqlangan rejaga muvofiq samarasiz nazorat va tartib-taomillarni aniqlash uchun ularni to‘g‘rilash va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining ishonchliligi va samaradorligini taʼminlash maqsadida tanlov asosida Qo‘mita tizimidagi funksiyalar va ichki jarayonlarni monitoring kilish;

davlat nazoratini o‘tkazish jarayonida Qo‘mita xodimlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha talablarga rioya qilinishini nazorat kilish;

korrupsiyaga karshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassis/korrupsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchi va boshka tarkibiy tuzilmalarga yuklatilgan korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va tegishli tartibda amalga oshirilishi ustidan nazorat olib borish va h.k.

Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini nazorat qilish va monitoringi bo‘yicha chora-tadbirlar natijalari Qo‘mita raisi, Qo‘mita xayʼati, tegishli hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarining choraklik hisobotlarida o‘z aksini topadi.

  1. z) huquqbuzarliklarga nisbatan munosabat bildirish va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish:

mazkur Siyosatga amal qilish va Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlariga rioya qilish har bir xodim uchun o‘z xizmat majburiyatlarini bajarilishi doirasida majburiydir. Xodimlar belgilangan talab va tartib-taomillarning buzganligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadilar. Bundan tashqari, bevosita rahbarlar o‘z bo‘ysunuvidagi xodimlar tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etilganligi uchun shaxsan javobgar xisoblanadilar;

korrupsiyaga qarshi kurashishga oid belgilangan talablar va tamoyillarni buzgan Qo‘mita xodimlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda va asoslarda intizomiy, maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortililadilar;

xodimlar ularni korrupsiya bilan bog‘lik huquqbuzarlikni sodir etishga undovchi shaxslarning har qanday murojaatlari to‘g‘risida, shuningdek, boshqa xodimlar tomonidan sodir etilgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida o‘ziga maʼlum bulgan har qanday faktlar haqida o‘z rahbarlariga va korrupsiyaga karshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassis/korrupsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchiga xabar berishlari shart;

korrupsiyaga mutlaqo toqatsizlik tamoyilini hisobga olgan holda, Qo‘mita tizimida Qo‘mita xodimlarining korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etishlari bilan bog‘lik har qanday asosli shubxa bo‘yicha xizmat tekshiruvlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq va ichki hujjatlarda belgilangan tartibda o‘tkaziladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalarini va (yoki) mazkur siyosat va Qo‘mitaning boshqa ichki hujjatlarida belgilangan korrupsiyaga qarshi talab va tartib-taomillarni buzgan Qo‘mita xodimlari, ularning lavozimi, xizmat muddati va boshqa omillardan qatʼi nazar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida hamda Qo‘mitaning ichki hujjatlarida nazarda tutilgan doirada va asoslarda javobgarlikka tortiladilar;

korrupsiyaga oid huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda Qo‘mita ularning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini tahlil qiladi va doimiy asosda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtiradi;

Qo‘mita korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash va tekshirish uchun boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar va davlat organlari bilan hamkorlik qiladi.

 

  1. V. Korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy tamoyillari

 

  1. 16. Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishda quyidagi asosiy tamoyillar qo‘llaniladi:

qonuniylik. Qo‘mita tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyat, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lishi zarur;

har qanday ko‘rinishdagi korrupsiyaga murosasiz munosabatda bo‘lish. Qo‘mita o‘z faoliyatining barcha yo‘nalishlarida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘ladi. Qo‘mitaning rahbarlari va xodimlariga bevosita yoki bilvosita korrupsiyaviy harakatlarda ishtirok etish taqiqlanadi;

korrupsiyaga oid xatarlarni muntazam baholash. Qo‘mita tarkibiy tuzilmalarining vazifa va funksiyalarida korrupsiyaviy omillar mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlarni baholab boradi. Xatarlarni oldini olish maqsadida xodimlar zimmasiga yuklangan majburiyatlarni baholash natijasiga ko‘ra zarur chora-tadbirlarni muntazam ravishda amalga oshiradi;

ochiqlik va shaffoflik. Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida Qo‘mita xodimlari va keng jamoatchilikni xabardor kilib borish;

profilaktik xarakterdagi choralarni ko‘rishning ustuvorligi. Qo‘mita korrupsiyaviy harakatlarni sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabab va sharoitlarni bartaraf etishga mo‘ljallangan barcha choralarni ko‘radi;

axborot, tashkiliy va nazorat choralaridan kompleks tarzda foydalanish. Qo‘mita korrupsiyaga qarshi kurashishning qonunchilikda ruxsat etilgan barcha maʼlumotlarni olish, to‘plash, qayta ishlash, korrupsiya bilan bog‘liq obyektlarni nazorat qilishning shakllari, usullari va vositalaridan foydalanadi hamda zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

pora olishga yo‘l qo‘ymaslik. Pora – har doim ham naqd pul mablag‘lari berilishini anglatmaydi. Agar qaror qabul qilishga taʼsir ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, sovg‘alar, mehmondo‘stlik harakatlari va vaqtichog‘lik taqdim qilishlar ham pora bo‘lishi mumkin;

qo‘mita tizimida korrupsiyaga ko‘p uchrayotgan yo‘nalishni takomillashtirish. Qo‘mita korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlarni tahlil qilish natijasidan kelib chiqib, o‘z xodimlari va boshqa shaxslarni tizimda korrupsiyaviy holatlar haqida o‘z vaqtida axborot berish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berishga chaqiradi;

korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora- tadbirlarning preventivligi, tizimliligi va o‘zaro bog‘likligi. Qo‘mita korrupsiyaviy xatti-harakatlar sodir etilishiga va korrupsiyaviy xavf-xatarlarga ko‘maklashuvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan preventiv chora-tadbirlarni amalga oshirishga ustuvor ahamiyat beradi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va tartib-taomillar aniqlangan xavf-xatarlar darajasiga muvofiq keladi hamda Qo‘mitaning barcha funksiyalari va yo‘nalishlariga integratsiya qilingan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimiga birlashtiriladi;

korrupsiyaviy huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi. Qo‘mitada korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etgan va sodir etilishiga shart-sharoit yaratib bergan shaxslar egallab turgan mavqeidan qatʼiy nazar Qo‘mitaning ichki hujjatlari va amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladilar;

texnika taraqqiyotining yutuqlaridan foydalanish. Qo‘mita korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yaratishda ilm-fan taraqqiyotining so‘nggi yutuqlaridan, shu jumladan, integratsiyalashtirilgan axborot tizimlaridan foydalanishga intiladi;

to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbariyatga murojaat qilish. Qo‘mita tizimining har bir xodimi korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilganligi to‘g‘risida ishonchli va asosli maʼlumotlar mavjud bo‘lganda belgilangan choralarni ko‘rish uchun to‘sqinliksiz o‘zi faoliyat olib borayotgan tarkibiy tuzilma rahbari va Qo‘mita raisiga murojaat qilish;

korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini doimiy ravishda takomillashtirish - korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini monitoring va nazorat qilish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni amalga oshirish natijalariga ko‘ra Qo‘mita tizimida korrupsiyaga karshi kurashish tizimining samaradorligini to‘xtovsiz ravishda oshirish choralarini ko‘rish.

  1. Korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy yo‘nalishlari

 

1-§. Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish

 

  1. 17. Qo‘mita xodimlari o‘z xizmat majburiyatlarini bajarish va (yoki) Qo‘mita manfaatlarini ifodalash doirasida vijdonlilik va halollik tamoyillariga amal qilishi, shaxsiy manfaatlarini hisobga olgan holda o‘zlarining xizmat mavqeidan va (yoki) Qo‘mita mol-mulkidan foydalanmaslik va manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan vaziyatlardan saqlanishlari lozim.

Qo‘mita xodimlarining o‘zlarining xizmat majburiyatlarini lozim darajada va xolis bajarishlariga, jumladan, xolis qaror qabul qilishga hamda Qo‘mitaning huquqlari, qonuniy manfaatlari, mol-mulki va (yoki) nufuziga taʼsir qiladigan yoki taʼsir qilishi mumkin bo‘lgan vaziyatda manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga keladi.

  1. 18. Qo‘mita tizimining xodimlari ishga qabul qilinishida, boshqa lavozimga o‘tkazilishida manfaatlar to‘knashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorligi haqidagi maʼlumotlarni har yili va tegishli vaziyatlar/xolatlar yuzaga kelishiga qarab oshkor qilishga majburdirlar. Qo‘mita xodimlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni oshkor qilish va uni hal qilish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xizmat jarayonida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish hamda xodimning huquq va majburiyatlarini belgilash tartibi bilan belgilanadi.

 

2-§. Sovg‘alar va ish jarayonida mehmondo‘stlik belgilari

 

  1. 19. Qo‘mita xodimlariga o‘z xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘lik holda jismoniy va yuridik shaxslardan biron-bir sovg‘a yoki ish jarayonida mehmondustlikning belgilari, qarz, kafolatlar, kafilliklar, mukofotlar shaklida rag‘batlantirish vositalarini, naqd pul mablag‘lari yoki ularning ekvivalenti, qimmatli qog‘ozlar ko‘rinishida moddiy yordam qabul qilish taqiqlanadi.
  2. 20. Qo‘mita xodimlari tomonidan rasmiy delegatsiyalar tarkibida, rasmiy tadbirlarda, jumladan, xorijda olingan har qanday sovg‘alar summasidan qatʼi nazar Qo‘mitaning mulkiga o‘tkaziladi.
  3. 21. Qo‘mita xodimlariga ularning shaxsi bilan bog‘liq bayramlar (tug‘ilgan kun, bolaning tug‘ilishi, Vatan himoyachilari kuni, Xalqaro xotin-qizlar kuni)da berilgan, xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq bo‘lmagan sovg‘alar xodimning shaxsi bilan bog‘lik sovg‘alar deb tan olinadi.
  4. 22. Bunday sovg‘alarni berishda quyidagi talablarga rioya qilish lozim:

sovg‘alar Qo‘mitaning kamida uch nafar xodimlari ishtirokida berilishi;

sovg‘a berish jaryoni tabrik nutqi bilan birga bo‘lishi, unda sovg‘a berishga sabab bo‘lgan voqea o‘zining aniq ifodasini topgan bo‘lishi;

sovg‘aning umumiy qiymati (barcha soliqlar va yig‘imlarni hisobga olgan holda) 5 (besh) bazaviy hisoblash miqdoridan oshmasligi;

Qo‘mitaning bitta xodimi boshqa xodimga sovg‘a uchun sarflaydigan xarajat summasi, har bir xolatda 1 (bitta) bazaviy hisoblash miqdordan oshmasligi kerak.

  1. 23. Shubhalar paydo bo‘lmasligi uchun boshqa davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, ushbu Siyosatning 20 va 21-bandlarida ko‘rsatilmagan boshqa jismoniy va yuridik shaxslardan har qanday bayram (tug‘ilgan kun, farzand tug‘ilishi, Vatan himoyachilari kuni, Xalqaro xotin-qizlar kuni va h.k.ni inobatga olgan holda, biroq bu bilan cheklanmasdan) bilan bog‘liq holda olinadigan, ushbu Siyosatning 19-bandida sanab o‘tilgan sovg‘alar va boshqa moddiy boyliklarni olish taqiqlanadi.
  2. 24. Qo‘mita nomidan xalqaro konferensiyalarda, simpoziumlarda va boshqa ishbilarmonlik (xizmatga oid) yig‘ilishlarda sovg‘alar berish Qo‘mita raisi yoki uning o‘rinbosarlarining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
  3. 25. Sovg‘ani qabul qilishning qonuniyligi to‘g‘risida shubha tug‘ilgan har qanday xollarda Qo‘mita xodimi korrupsiyaga karshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisga maslahat so‘rab murojaat qilishi lozim.

 

3-§. Xodimlarni tanlash, lavozimdan lavozimga o‘tkazish,

moddiy rag‘batlantirish

 

  1. 26. Qo‘mita xodimlarini tanlash, ularni attestatsiyadan o‘tkazish va faoliyatini baholash, shu jumladan mukofot pullarini to‘lash, ustama haqlar va boshqa turdagi mukofotlarni belgilash jarayoni barcha xodimlar uchun shaffof, teng va xolis bo‘lib, ushbu Siyosatning asosiy tamoyillari va talablariga muvofiq keladi.
  2. 27. Qo‘mitada uning rahbarlari, shuningdek, Qo‘mitaning tarkibiy tuzilmalari boshliqlarini mukofotlashga asos bo‘lib xizmat qiladigan, ular faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlarini baholash tartibi va mezonlari ishlab chiqilgan bo‘lishi lozim. Ushbu ko‘rsatkichlar xolis, oshkora hamda Qo‘mita xodimlari tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin.

 

4-§. Davlat nazorati va tekshiruvlarini o‘tkazish

 

  1. 28. Qo‘mitaning nazorat ostidagi obyektlarida davlat nazorati va tekshiruvlarni o‘tkazishda Qo‘mita xodimlari:

manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi;

sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni soxtalashtirish uchun tekshirish obyekti vakillarining savodsizligidan foydalanib qonun hujjatlari normalarini noto‘g‘ri talqin qilmasligi, tekshirilayotgan obyekt xodimlarini aniqlangan faktlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish bilan qo‘rqitmasligi;

tekshirilayotgan obyektning xodimlariga tahdid qilmasligi;

o‘z vakolatlari va tekshiruv dasturida belgilangan masalalar doirasidan chetga chiqmasligi;

tekshirish davomida aniqlangan har bir huquqbuzarlik holatlariga qonuniy va professional baho berishlari;

agar tekshirish obyekti vakillari Qo‘mita xodimlariga aniqlangan qonunbuzarliklarni yashirish uchun pora va (yoki) biron-bir moddiy qimmatlik yoki xizmatlarni taklif qilsa, o‘zining Qo‘mitadagi bevosita rahbariga zudlik bilan xabar berishi;

tekshirish obyekti vakillariga Qo‘mita xodimlarining axloqiy xulq-atvor tamoyillariga muvofiq xolis munosabatda bo‘lishlari shart.

 

5-§. Kontragentlar va uchinchi shaxslar bilan uzaro munosabatlar

 

  1. 29. Qo‘mita ushbu Siyosatning tamoyillari va talablariga zid bo‘lgan har qanday to‘lovlar va (yoki) shu kabi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni keltirib chiqaruvchi xatti-harakatlarni amalga oshirish uchun mahsulot yetkazib beruvchilarni, pudratchilarni va boshqa uchinchi tomonlarni jalb qilmaydilar.
  2. 30. Qo‘mita kontragentlar bilan munosabatlarda o‘z faoliyatini amalga oshirishida qonuniylik va shaffoflik tamoyillariga amal qiladilar. Qo‘mita tanlashning xolis mezonlaridan foydalanishga asoslangan, maxsulot yetkazib beruvchilar, pudratchilar va boshqa kontragentlarni tanlab olishning haqqoniy, ochiq va shaffof jarayonini hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va sotib olinadigan maxsulotning Qo‘mita tizimining ichki hujjatlari bilan tartibga solinadigan bahosini aniqlashning shaffof tartibini taʼminlaydi.
  3. 31. Qo‘mita kontragent bilan o‘zaro hamkorligida:

ehtimoli yuqori bo‘lgan kontragentning ishonchliligini, shu jumladan o‘tmishda korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etganligi, O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan moddiy tovar boyliklarini xarid qilish va tegishli xizmatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi normalari doirasida Qo‘mita xodimlari bilan manfaatlar to‘qnashuvi mavjud emasligini tekshiradi;

ehtimoli yuqori bo‘lgan kontragentni (tanlov, tender g‘olibini va to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid kontragentini) o‘zining korrupsiyaga qarshi tamoyillari va talablari haqida ular bilan tuziladigan shartnomalar matnida korrupsiyaga qarshi maxsus shartlarni qo‘shgan holda xabardor kiladi.

 

6-§. Xayriya va xomiylik faoliyati

 

  1. 32. Qo‘mita O‘zbekiton Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan xollarda xayriya va xomiylikni qabul qilishlari mumkin. Bunday yordamni olgan paytda Qo‘mita manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, mablag‘larni qonunchilikda va (yoki) shartnomada belgilangan maqsadlar uchun samarali sarflanishini taʼminlash lozim.

 

7-§. “Sirli mijoz” tadbiri

 

  1. 33. Qo‘mita tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining sifati va tezligini, shuningdek haqqoniy va ochiq tanlov natijalariga ko‘ra tanlab olingan mustaqil kompaniyalar tomonidan korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishiga moyilligini aniqlash uchun xizmatlarning haqiqiy oluvchilari sifatida aloxida nazorat tadbirlari o‘tkaziladi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida mustaqil kompaniya bunday xizmatlarning sifati, muddatlari, shartlarini, shuningdek, Qo‘mita xodimlarining belgilangan axloq qoidalariga, shu jumladan xodimning pora olishga moyilligini belgilab boradi.

  1. 34. Qo‘mita o‘tkazilgan “sirli mijoz” tadbirlari to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqadilar va korrupsiya xavfi aniqlangan taqdirda xizmat tekshiruvi tayinlash haqidagi tashabbus bilan chiqadi.

 

8-§. Qo‘mita faoliyatini videotasvirga olish va translyatsiya qilish

 

  1. 35. Qo‘mita xodimlarining faoliyatini nazorat qilish uchun Qo‘mita xonalarida video va audio yozuv kameralari joylashtiriladi, ularning yozuvlari Qo‘mitaning masʼul xodimlari tomonidan doimiy ravishda kuzatib boriladi.
  2. 36. Qo‘mitaning rasmiy veb-saytlariga korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan ayrim jarayonlarning onlayn translyatsiyalari joylashtiriladi (xususan, xodimlar bilan suhbat o‘tkazish va ularni sinovdan o‘tkazish, komissiya yig‘ilishlari va boshqalar).

 

9-§. Ichki hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizasi

 

  1. 37. Ichki hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda hujjatlarda korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon yaratadigan korrupsiyaviy omillar kelib chiqishini oldini olish, aniqlash va istisno qilish maqsadida ham ekspertiza o‘tkaziladi.

 

10-§. Qo‘mita xodimlariga maslaxat berish

 

  1. 38. Qo‘mita xodimlarida korrupsiyaga qarshi amaldagi qonun hujjatlari talablari, ushbu Siyosat qoidalari yoki Qo‘mitada korrupsiyaga qarshi boshqa chora-tadbirlar va tartib-taomillar bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday savollar bo‘lsa, ular korrupsiyaga karshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassis/korrupsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchi va (yoki) Qo‘mitaning 71 244-23-53 “ishonch telefoni”ga murojaat qilishlari mumkin.

 

11-§. Odob-axloq qoidalariga rioya qilish

 

  1. 39. Qo‘mita xodimlari xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida ish sharoitlari va xizmat tadbirlarining shakliga bog‘liq holda xodimning tashqi ko‘rinishi fuqarolarning davlat organiga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishiga yordam berishi, umumiy qabul qilingan ish uslubiga muvofiq bo‘lishi, ular rasmiyliligi, vazminligi va tartibliligi bilan boshqalardan ajralib turishi kerak.
  2. 40. Qo‘mita xodimlari xizmatdan tashqari vaqtda umumiy qabul qilingan odob-axloq normalariga rioya etishlari, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi kerak hamda Qo‘mita tizimidagi hududda ish vaqtida spirtli ichimliklar va shaxsning aql-idrokiga taʼsir ko‘rsatadigan boshqa vositalarni isteʼmol qilishlari taqiqlanadi.

 

VII. Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berish

 

  1. 41. Qo‘mita xodimlari va boshqa shaxslar, agar ular Qo‘mita tizimi xodimlari xatti-harakatlarining qonuniyligi va (yoki) odob-axloqqa muvofiqligi to‘g‘risida shubha tug‘ilsa, korrupsiya va boshqa huquqbuzarlik holatlari sodir etilishiga gumon yoki sodir etilganligi faktlari bo‘lsa, ular bu haqda Qo‘mitaning foydalanish mumkin bo‘lgan aloqa kanallari orqali xabar berishlari mumkin.
  2. 42. Qo‘mita o‘z vakolatlari va mavjud imkoniyatlari doirasida huquqbuzarlik to‘g‘risida ishonchli maʼlumot bergan shaxsning maxfiyligini taʼminlaydilar (qonunchilikda nazarda tutilgan xollar bundan mustasno).
  3. 4Qo‘mita o‘z xodimlarining manfaatlarini himoya qiladi va qasos olishga qaratilgan harakatlarga, shu jumladan ishdan bo‘shatish, lavozimni pasaytirish, kamsitish, bosim o‘tkazish, Qo‘mita tizimining boshqa xodimlarining shubhali harakatlari yoki ular tomonidan ushbu Siyosatning korrupsiyaga qarshi talablarini buzish ehtimoli haqida xabar bergan shaxslarni taʼqib qilinishiga yo‘l qo‘ymasligini kafolatlaydi.
  4. 44. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi xabarlarni quyidagi aloqa kanallari orqali berish mumkin:

71 244-23-53 telefon raqami va Qo‘mita tomonidan o‘rnatilgan boshqa telefon raqamlar;

Qo‘mitaning Telegram kanallari;

Qo‘mitaning rasmiy veb-saytlarida joylashtirilgan shakllar;

Qo‘mitaning elektron pochta manzillari;

to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquqni muhofaza qilish organlariga.

  1. 45. Qo‘mita tizimining aloqa kanallariga kelib tushgan barcha xabarlar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va Qo‘mitaning ichki hujjatlariga muvofiq Qo‘mita tizimining masʼul xodimi tomonidan xolis tarzda va o‘z vaqtida ko‘rib chiqiladi.
  2. 46. Anonim ravishda (faqat Qo‘mitaning Telegram kanallari orqali) yuborilgan xabarlar ham ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi. O‘z nomini oshkor qilinmasligini istagan ariza beruvchi bunday holatda quyidagilarni tan oladi:

Qo‘mita xabarga javob berish uchun murojaat etuvchi shaxs bilan bog‘lana olmaydi;

Qo‘mita zarur kushimcha maʼlumotlarni olishning imkoniyati yuqligi sababli xabarni to‘liq va har tomonlama tekshirishni amalga oshira olmaydi.

  1. 47. Qo‘mita tomonidan kelib tushgan xabarga javob berish uchun murojaat etuvchi shaxs bilan quyidagi holatlarda bog‘lanilmaydi:

to‘liq va keng qamrovli tekshirish o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha maʼlumotlarning yo‘qligi;

Qo‘mita xodimining kasddan yolg‘on maʼlumotni taqdim etishi ushbu Siyosatni buzilishi va axloqsiz xulq-atvorning namunasi sifatida qaralsa, bunday shaxs esa O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va Qo‘mitaning ichki hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin.

  1. 48. Qo‘mita tizimida korrupsiya faktlari to‘g‘risida vijdonan xabar bergan Qo‘mitaning xodimlari, agar bu maʼlumotlar tasdiqlangan bo‘lsa, ichki hujjatlarga muvofiq rag‘batlantirilishi mumkin.

VIII. Korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonining subyektlari

 

  1. 49. Qo‘mitada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik, mazkur Siyosat va boshqa idoraviy hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat Qo‘mitaning korrupsiyaga karshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassis tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
  2. 50. Korrupsiyaga karshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassis vakolatlari quyidagilardan iborat:

Qo‘mita tarkibiy tuzilmalari xodimlar faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymasliklari borasida doimiy tashviqot ishlarini amalga oshrish;

korrupsiyaga qarshi kurashishda Qo‘mitaning bircha tarkibiy  tuzilmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorligini taʼminlash;

korrupsiyani keltirib chiqaruvchi xavfni baholash va boshqarish;

Qo‘mita xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, tizimda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirilishini tashkil etish;

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlashga, ularni oldini olishga
va chek qo‘yishga, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini taʼminlash;

korrupsiyaning holati va tendensiyalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘ish hamda tahlil etish;

korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash yuzasidan takliflar tayyorlash;

Qo‘mita xodimlarining odob-axloqining yagona prinsiplari va qoidalarini belgilovchi odob-axloq qoidalarini samarali amalga oshirish;

Qo‘mita xodimlari manfaatlarining to‘qnashuvini hal qilishning tashkiliy-huquqiy asoslariga rioya etilishi yuzasidan monitoring o‘tkazilishini taʼminlash;

Qo‘mita tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish, murojaatlarning to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini taʼminlash.

  1. 51. Qonun hujjatlarida va idoraviy hujjatlarda korrupsiyaga karshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisning qo‘shimcha vakolatlari belgilanishi mumkin.
  2. 52. Korrupsiyaga karshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassis korrupsiyaga oid belgilarni barvaqt aniqlash, korrupsiyaviy holatlarni profilaktika qilish, rahbarlar, xodimlar va Qo‘mita bilan munosabatda bo‘ladigan boshqa shaxslar o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish, korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish maqsadida Qo‘mita tizimida o‘rganish va tekshirishlar o‘tkazish, xodimlarni zarur hollarda jalb etish, korrupsiyaviy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslarga tegishli chora ko‘rish haqida rahbariyatga taklif kiritishi mumkin.
  3. 53. Qo‘mita tizimida barcha darajadagi rahbarlar va xodimlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish qonun hujjatlari talablarining buzilishi mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo‘lgan intizomiy javobgarlik qo‘llanilishiga olib kelishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkin.

 

VII. Siyosatni qayta ko‘rib chiqish va unga

o‘zgartirishlar kiritish tartibi

 

  1. 54. Ushbu Siyosat quyidagi hollarda qayta ko‘rib chiqilishi va tuzatilishi kerak:

korrupsiyaga qarshi kurashish amaldagi siyosat va tartib-taomillarni qayta ko‘rib chiqish zaruratini keltirib chiqaradigan holda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi o‘zgarganda;

korrupsiyaga qarshi kurashish samarasiz nazorat va tartib-taomillar aniqlanganda va Qo‘mita faoliyatida korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlarni takomillashtirishga zarurat tug‘ilganda;

Qo‘mita tizimining tashkiliy tuzilmasi va (yoki) Qo‘mita tomonidan o‘z vazifalarini bajarishi xususiyatlari va boshqalar o‘zgarganda.