O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimlarining odob-axloq
23.01.2018 | sgktn.uz

“TASDIQLAYMAN”

O‘zbekiston Respublikasi

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi

raisi B.Gulyamov

___________________

2020 yil “21” dekabr

 

O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi
xodimlarining odob-axloq

QOIDALARI

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2016 yil 2 martdagi 62-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi) xodimlarining kasbiy odob-axloqining normalari, tamoyillari va xizmatdagi xulq-atvorining qoidalarini belgilaydi.
  2. Mazkur Qoidalar huquqbuzarlikning oldini olishga, ular sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga, xodimlarni yuksak huquqiy ong, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga qatʼiy rioya qilish ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan.
  3. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimlari mazkur Qoidalarning talablariga rioya etishlari shart. Mazkur Qoidalarni bilish va ularga rioya qilish majburiyati egallab turgan lavozimi va bajaradigan ishining xususiyatidan qatʼiy nazar Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining barcha xodimlariga tatbiq etiladi.
  4. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xizmat jarayonida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish hamda xodimning huquq va majburiyatlarini belgilash Tartibida belgilangan.
  5. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimlarida mazkur Qoidalar, kasbiy xulq-atvor yoki Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida tartib-taomillar bilan bog‘liq har qanday savollar paydo bo‘lganida ular o‘zining tarkibiy bo‘linmasi yoki Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining korrupsiyaga qarshi bosh mutaxassisiga, shuningdek, “71 244 23 53 ishonch telefoni”ga maslahat so‘rab murojaat qilishlari mumkin.

 

2-bob. Asosiy terminlar va tushunchalar

  1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:      
    yaqin qarindoshlar – qarindosh yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar, yaʼni ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillari;  

urug‘-aymoqchilik – xodimning umumiy ajdodga ega bo‘lgan muayyan qarindoshga mansubligi asosida uchinchi shaxslarga subyektiv, iltifotli va noxolis munosabatda bo‘lish tarzidagi shaxsiy manfaati;

manfaatlar to‘qnashuvi – shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir ko‘rsatayotgan yoxud taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat;

korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish;

korrupsiyaga oid huquqbuzarlik – korrupsiya belgilariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish;

kontragent – Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishgan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs, mehnat munosabatlari bundan mustasno;

xodimning shaxsiy manfaatdorligi – Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimi tomonidan o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida uning yaqin qarindoshi yoki xodimga aloqador bo‘lgan shaxslar tomonidan xodimning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir qilishi mumkin bo‘lgan pul mablag‘lari, moddiy yoki nomoddiy qimmatliklar, boshqa mol-mulk, boylik va imtiyozlar ko‘rinishida shaxsiy naf olish imkoniyati (shaxsiy, ijtimoiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa tijorat yoki notijorat manfaatlari);

mahalliychilik – shaxsni faqatgina qarindoshligi (qarindoshini hamma bilishi yoki mashhurligi va uning jamoatchilik tan olganligi) va bunday shaxsning hokimiyat vakolatiga ega bo‘lgan organlardagi qarindoshlarining xizmat mavqei sababli lavozimga qo‘yiladigan malaka talablarini hisobga olmasdan ishga yollash, rotatsiya qilish hamda lavozimga tayinlash;

nepotizm (tanish-bilishchilik) – o‘zining yaqin qarindoshlari yoki do‘stlariga asossiz imtiyozlar berish maqsadida hokimiyatdan foydalanish va (yoki) taʼsir o‘tkazish, biroq quyidagi vaziyatlar bilan cheklanib qolmaslik: yaqin qarindoshlari va (yoki) do‘stlariga asossiz mukofotlar hisoblash, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi manfaatlari zarariga yaqin qarindoshlari va do‘stlarini ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash;

homiylik – yon bosish, qulay mehnat sharoitlarini yaratib berish shaklida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimini yuqoriroq lavozimdagi xodim tomonidan himoya qilinishi;

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimi – Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi bilan mehnat munosabatlariga kirishgan shaxs;

favoritizm – Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimi bir shaxs yoki bir guruh shaxslar manfaatlarini boshqa shaxs va (yoki) shaxslar guruhi manfaatlaridan ustun qo‘yish, shu bilan birga, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, lavozimi bo‘yicha ko‘tarish, mukofotlarni hisoblash va davlat mukofotlariga tavsiya qilish, mehnat taʼtillari berish yoki sanatoriyalar va xorij safarlariga yuborish, murojaatlarni ko‘rib chiqish navbatini, shuningdek, ish vaqti va navbatchilik grafiklarini belgilash shular jumlasidandir.

 

3-bob. Xizmatdagi xulq-atvorning asosiy tamoyillari va qoidalari

  1. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi o‘z xizmat majburiyatlarini quyidagi tamoyillar asosida bajarishlari shart:

            qonuniylik – Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga so‘zsiz rioya qiladilar hamda o‘z xizmat majburiyatlarini mansab yo‘riqnomalari, mehnat shartnomalari, ichki hujjatlar va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq bajaradilar;

            fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi – fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining oliy qadriyati bo‘lib hisoblanadi. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xodimlari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaydilar va qonunbuzarlik bo‘lgan hollarda ularni tiklashga ko‘maklashadilar;

            vatanparvarlik va xizmat burchiga sodiqlik – Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xodimlari o‘z faoliyatini maʼnaviy va vatanparvarlik qadriyatlari, Vatanga sadoqat, xizmat burchiga sodiqlik asosida jamiyatning Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasiga bo‘lgan talabini ifodalagan holda amalga oshiradilar. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xodimlari o‘z xizmat burchlarini shaxsiy xayrixohlik, o‘z manfaatlari va mafkuraviy qarashlaridan qatʼiy nazar bajaradilar;

            davlat va jamiyat manfaatlariga sadoqat – Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xodimlari o‘z xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishga hamda davlat va jamiyat manfaatlarini ko‘zlashga to‘sqinlik qiladigan shaxsiy manfaatdorligi taʼsiri bilan bog‘liq har qanday harakatlardan o‘zlarini tiyishlari lozim;

            adolat, halollik va xolislik – Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xodimlari Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasiga murojaat qilgan barcha shaxslarga nisbatan adolatli, halol va xolis munosabatda bo‘lishni taʼminlaydilar;

            professionallik va kompetentlilik – Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xodimlari Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining asosiy qadriyati bo‘lib hisoblanadi, ularning malakasi, ishonchi, ezgu niyati, hamkorligi va jamoaviy ruhi qo‘yilgan maqsadlarga erishish hamda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasini takomillashtirish imkonini beradi. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimlari professionallik, benuqson ishchanlik obro‘si, jamoada qulay maʼnaviy va ruhiy muhitni yaratishda yordam berish, shuningdek, hamkasblari bilan samarali bilim va tajriba almashishni taʼminlashi majburiydir;

            samaradorlik va tejamkorlik – Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi o‘z faoliyati samaradorligini oshirishni, jumladan, erishilishi jamiyat va davlat farovonligini oshirish imkonini beradigan strategik vazifalardan biri sifatida ichki boshqaruv, fuqarolar, tashkilotlar va davlat organlari bilan o‘zaro aloqalar tizimini takomillashtirish, innovatsion texnologiyalarni tadbiq etish va boshqa yo‘llar bilan doimiy ravishda ko‘rib chiqadilar. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xodimlari, o‘z navbatida, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining mulkiga, o‘zining va boshqa xodimlarning vaqtiga masʼuliyat va ehtiyotkorlik bilan yondashadilar.

 

4-bob. O‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlarning axloqiy xulq-atvorini shakllantirishda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining roli

  1. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining rahbarlari xodimlarning axloqiy xulq-atvorini shakllantirishda quyidagilarga majburdirlar:

            o‘z mansab majburiyatlarini bajarishda mazkur Qoidalarda belgilangan axloq normalari va tamoyillarga so‘zsiz rioya qilinishida shaxsiy namuna ko‘rsatish;

            Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xodimlari bilan o‘zaro munosabatlarda halol bo‘lish, ularning takliflari, g‘oyalari, talablari va shikoyatlariga o‘z vaqtida javob berish;

            kamsitishga oid siyosatga yo‘l qo‘ymaslik va xodimlarga mehnatga haq to‘lash va  xizmat bo‘yicha ko‘tarilishida teng huquq va imkoniyatlarga kafolat berish; 

            xodimlarga ularning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazmaydigan sharoitlarni yaratish;

            Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xodimlari bilan munosabatlarini uzoq muddatli hamkorlik qilish, maqsadlar umumiyligi, o‘zaro manfaatlarni hurmat qilish va hisobga olish, ijtimoiy sheriklik asosida o‘rnatish;

            manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish va hal qilish bo‘yicha o‘z vaqtida birlamchi choralarni ko‘rish;

            korrupsiyani oldini olish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda faol qatnashadigan xodimlarni himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha choralar ko‘rish;

            vazifalar doirasini aniq belgilab olish va bo‘ysunuvchi xodimlar o‘rtasida ularning mansabi va kasbiy layoqatidan kelib chiqib taqsimlash, xodimlarning lavozim majburiyatlari doirasidan chetga chiqadigan vazifalarni bermaslik;

            xodimni asossiz ravishda rag‘batlantirish va lavozim bo‘yicha ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, g‘ayrihuquqiy harakatlarga eʼtibor bermaslikka qarshi choralar ko‘rish (masalan, xodimlar tomonidan o‘z faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun yetarli darajada choralar ko‘rilmasligi);

            xodimlarni majburiy mehnatda, jumladan, shahar hududlarini obodonlashtirishda, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlarida, metall qoldiqlarini yig‘ishda, shuningdek, boshqa mavsumiy tadbirlarda qatnashishlarini oldini olish (tegishli tashkilot hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan xavfsizlik standartlariga qatʼiy rioya qilingan holda ixtiyoriy shanbalik tashkil etilgan hollar bundan mustasno);

            Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xodimlarini samarali boshqarish, ular tomonidan Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining mol-mulki va moliyaviy resurslari bilan ehtiyotkor va tejamkor munosabatda bo‘lishlarini kuzatish;

            o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlar tomonidan mazkur Qoidalar buzilishini oldini olishga bo‘lgan harakatsizligi uchun javob berish.

  1. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining rahbarlari, shuningdek, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasidagi bo‘lim va boshqarmalar boshliqlari o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlar bilan munosabatlarda professional, halol va adolatli xulq-avtor namunasi bo‘lishi, qulay ish muhitini yaratishi hamda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida ijobiy maʼnaviy-psixologik muhitni shakllantirishga ko‘maklashishlari lozim.
  2. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining rahbarlari, shuningdek, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasidagi bo‘lim va boshqarmalar boshliqlari nepotizm, favoritizm, mahalliychilik, homiylik, urug‘-aymoqchilik va boshqa belgilarga ko‘ra xodimlarni yollash, rotatsiya qilish, lavozimga tayinlash, rag‘batlantirish yoki jazolash, shuningdek, ularga boshqacha subyektiv munosabatda bo‘lishga yo‘l qo‘ymasliklari kerak.

 

5-bob. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimlarining axloq normalari va qoidalarga rioya qilish bo‘yicha majburiyatlari

  1. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xodimlari o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishda quyidagilarga majburdirlar:

            O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga rioya qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Hayʼati qarorlari, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining buyruqlari va farmoyishlari, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining ichki idoraviy hujjatlarini bajarish;

            o‘z xizmat majburiyatlarini vijdonan va professional darajada bajarish;

            yuqori turuvchi davlat organlari va mansabdor shaxslari tomonidan o‘z vakolati doirasida qabul qilingan farmoyishlarni o‘z vaqtida va sifatli ijro etish;

            o‘z faoliyatini qonunchilik va ichki hujjatlarda belgilangan kompetensiya doirasida amalga oshirishi;

            o‘z xizmat majburiyatlarini bajarayotganda fuqarolar va boshqa shaxslarni kamsitmaslik, ular taʼsiridan o‘z mustaqilligini saqlab qolish, fuqarolar huquqlari, majburiyatlari va qonuniy manfaatlarini hisobga olish;

            xizmat majburiyatlarini bajarishga to‘sqinlik qilishi yoki ularni bajarishda biron-bir shaxsiy, mulkiy yoki boshqa manfaatlarga taalluqli bo‘lishi mumkin bo‘lgan harakatlardan o‘zini tiyish;

            xizmat majburiyatlarini samarali bajarish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni doimiy asosda oshirish;

            o‘z vakolatlaridan davlat organlari, boshqa tashkilotlar yoki ular mansabdor shaxslari faoliyatiga noqonuniy aralashish maqsadida foydalanmaslik;

            turli etnik, ijtimoiy guruhlar va konfessiyalarning madaniy va boshqa xususiyatlarini hisobga olib, ijtimoiy barqarorlik, millatlar va konfessiyalararo totuvlikka ko‘maklashgan holda O‘zbekiston Respublikasi va boshqa mamlakatlar xalqlarining urf-odatlari va anʼanalarini hurmat qilish;

            xodimlar tomonidan o‘z xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishiga shubha uyg‘otishi mumkin bo‘lgan xulq-avtordan o‘zini tiyish va o‘z obro‘si yoki Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining nufuzini tahdid ostiga olishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni oldini olish;

            egallab turgan lavozimi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼiy nazar, yuqori darajada maʼnaviy-axloqiy sifatlarga ega bo‘lish, hamkasblariga, fuqarolarga va boshqa uchinchi shaxslarga hurmat, xushmuomalalik va xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lish;

            Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining ishi to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilish yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari faoliyatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, shuningdek, belgilangan tartibda ishonchli maʼlumotlarni olishga ko‘maklashish;

            maxfiy axborotdan faqat xizmat maqsadlarida foydalanish, shuningdek, maxfiy axborot va shaxsiy maʼlumotlarni nobud qilish, yo‘qotish, o‘zgartirish, oshkor qilish, zarar yetkazish, ruxsatsiz foydalanish xavfidan tegishli darajada himoya qilinishini taʼminlash;

            haqoratli, hurmatsiz va kamsituvchi xulq-atvorda bo‘lishga, shuningdek, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va (yoki) ular xodimlarining obro‘siga putur yetkazadigan zo‘ravonlik yoki yolg‘on mish-mishlarni tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

            o‘z xizmat majburiyatlarini bajarayotganda xizmat xonalari, davlat mulki, moddiy-texnik bazadan hamda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi boshqa mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanish;

            xatlar va xizmat xabarlarini yetkazish va olishning Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida belgilangan qoidalariga rioya qilishi;

            qonunbuzarlik sodir etishga undab o‘ziga murojaat qilgan holatlar, shuningdek, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining boshqa xodimlari tomonidan sodir etilgan va o‘ziga maʼlum bo‘lgan har qanday qonunbuzarlik faktlari haqida o‘z rahbari yoki boshqa vakolatli shaxslarni zudlik bilan xabardor qilish;

            Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining yangi va boshqa xodimlariga zarur amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish, hamkasblarini ularning kasbiy intilishlarida qo‘llab-quvvatlash;

            mehnat intizomiga rioya qilish va ish vaqtidan samarali foydalanish;

            ish joyida va (yoki) o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishda alkogol, giyohvand va boshqa taqiqlangan vositalarni isteʼmol qilishdan, shuningdek, ish joyida alkogol yoki giyohvand vositalar taʼsirida bo‘lish holatidan voz kechish;

            hamkasblari va boshqa shaxslardan tanqidni to‘g‘ri qabul qilish, shuningdek, xolis eʼtirozlar bo‘lganda xulq-atvor modelini o‘zgartirish;

            berilgan vazifalarni bajarishga ijobiy taʼsir ko‘rsatadigan tinch emotsional holatda bo‘lish.

  1. Siyosiy, iqtisodiy maqsadga muvofiqlik, shuningdek, shaxsiy va boshqa subyektiv sabablar xodim tomonidan mazkur Qoidalar talablarini buzishga asos bo‘lib hisoblanmaydi.
  2. Mehnat shartlari va xizmat turidan kelib chiqib, xodimning o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishida tashqi ko‘rinishi fuqarolar tomonidan ommaviy hokimiyatni hurmat qilishga ko‘maklashishi, umumqabulqilingan ish uslubiga muvofiq bo‘lishi va rasmiylik, kamtarlik va intizomlilikni alohida taʼkidlashi lozim.
  3. Xodimlar ishdan bo‘sh vaqtlarida umumqabul qilingan axloq normalariga rioya qilishlari va axloqqa zid keluvchi xulq-atvordan o‘zlarini tiyishlari kerak.

 

6-bob. Sovg‘alar va ish muomalasida mehmondo‘stlik belgilari

  1. Adliya organlari va muassasalari xodimlariga xodim o‘z xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq holda jismoniy va yuridik shaxslardan biron-bir sovg‘a yoki ish muomalasida mehmondo‘stlikning belgilari, qarz, kafolatlar, kafilliklar, mukofotlar shaklida rag‘batlantirish vositalarini, naqd pul mablag‘lari yoki ularning ekvivalenti, qimmatli qog‘ozlar ko‘rinishida moddiy yordam qabul qilish taqiqlanadi.
  2. Adliya organlari va muassasalari xodimlari tomonidan boshqa adliya organlari va muassasalari xodimlariga ularning shaxsiy bayramlari (tug‘ilgan kun, farzandining tug‘ilishi, Vatan himoyachilari kuni, Xalqaro xotin-qizlar kuni)da berilgan, xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq bo‘lmagan sovg‘alar xodimning shaxsi bilan bog‘liq sovg‘alar deb tan olinadi.
  3. Bunday sovg‘alarni berishda quyidagi talablarga rioya qilish lozim:

            sovg‘alar Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining kamida uch nafar xodimlari ishtirokida berilishi;

            sovg‘a berish tabrik nutqi bilan birga bo‘lishi kerak, unda sovg‘a berishga sabab bo‘lgan voqea o‘zining aniq ifodasini topgan bo‘lishi;

            sovg‘aning umumiy qiymati (barcha soliqlar va yig‘imlarni hisobga olgan holda) 5 (besh) bazaviy hisoblash miqdoridan oshmasligi;

            adliya organi va muassasasining bitta xodimi boshqa xodimga sovg‘a uchun sarflaydigan xarajat summasi, har bir holatda 1 (bitta) bazaviy hisoblash miqdordan oshmasligi kerak.

  1. Sovg‘alarni qabul qilishning qonuniyligida har qanday shubhalar paydo bo‘lganda xodim O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati qoidalari bilan tanishib chiqishi va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisga maslahat so‘rab murojaat qilishi maqsadga muvofiq.
  2. Sovg‘alar va ish muomalasida mehmondo‘stlik belgilarini olish va berish O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati bilan tartibga solinadi.

 

7-bob. Korrupsiyaga qarshi kurashish

  1. Adliya organlari va muassasalari korrupsiyani uning har qanday shakli va namoyon bo‘lishida qabul qilmaydi.
  2. Korrupsiyaga “mutlaqo toqatsizlik” tamoyiliga tayangan holda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining barcha xodimlariga pora beruvchining manfaatlarini ko‘zlab harakat qilishi yoki harakatsizligi uchun bevosita yoki bilvosita, shaxsan yoki uchinchi shaxslar orqali pora, yaʼni pullar, qimmatbaho qog‘ozlar, boshqa mol-mulkni, mulkiy tavsifdagi xizmatlarni berishni talab qilish, tovlamachilik qilish, vaʼda va pora berish (yoki) olishda vositachilik qilish, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun to‘lovlarni olish, shaxs tomonidan pora olish yoki huquqqa xilof boshqa maqsadlarda o‘z xizmat mavqeidan noqonuniy foydalanishi qatʼiy taqiqlanadi.
  3. Adliya organlari va muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan tamoyillar va talablar O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosatida mustahkamlangan.

 

8-bob. Odob-axloq komissiyasi

  1. Mazkur Qoidalar, shuningdek, umumqabul qilingan odob-axloq normalariga rioya etilishi masalalarini ko‘rib chiqish uchun adliya organlari va muassasalarida odob-axloq komissiyalari tashkil etiladi.
  2. Odob-axloq komissiyalari har bir adliya organlari va muassasalarida qabul qilingan odob-axloq komissiyasi to‘g‘risidagi nizomlar, mazkur Qoidalar hamda adliya organlari va muassasalari rahbarlarining buyruqlari asosida faoliyat olib boradi.
  3. Odob-axloq komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalari xodimlarining odob-axloq qoidalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tizimida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi nizomning buzilishi bilan bog‘liq masalalarni: 

adliya organi yoki muassasasi rahbarining ko‘rsatmasi bo‘yicha;

            xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra;

            o‘z tashabbusi bilan;

            adliya organlari va muassasalari xodimlaridan, shuningdek, adliya organlari va muassasalari bilan aloqa kanallari orqali kelib tushgan axborot asosida ko‘rib chiqadi.

  1. Adliya organlari va muassasalari xodimlari tomonidan mazkur Qoidalar buzilganda yoki buzilishida shubha paydo bo‘lganida ushbu vaziyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha vakolat (funksiya)larni masʼul bo‘linmalar o‘rtasida taqsimlash quyidagi tartibda amalga oshiriladi: O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tizimida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda hal qilinmagan manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanganda, bu vaziyat Odob-axloq komissiyasi tomonidan Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi;

            korrupsiyaga oid huquqbuzarlik yoki korrupsiyaviy xavf-xatar mavjud bo‘lgan vaziyatlar aniqlanganda, ular Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan ko‘rib chiqiladi;

            sovg‘alar va ish muomalasida mehmondo‘stlik belgilariga oid qoidalar buzilganida, ushbu vaziyatlar Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan ko‘rib chiqiladi;

            Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi Odob-axloq komissiyasi bilan birgalikda, agar qoidabuzarliklar nafaqat mazkur Qoidalarga, balki Odob-axloq komissiyasi majlislarida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limining ishtiroki bevosita nazarda tutilgan Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining boshqa ichki hujjatlariga tegishli bo‘lsa, mazkur Qoidalarni buzish faktlari va xavf-xatarlarini ko‘rib chiqadi.

            Mazkur bandda nazarda tutilmagan boshqa hollarda ushbu Qoidalar talablarining buzilishi Odob-axloq komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

 

9-bob. Odob-axloq sohasida qonunbuzarliklar haqida xabarlar

  1. Adliya organlari va muassasalari xodimlari va boshqa shaxslarda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xodimlari harakatlarining qonuniyligi va (yoki) axloqiyligida shubha paydo bo‘lganda, odob-axloq qoidalarining buzilishida ehtimol tutilgan yoki ularni sodir etilganganligi fakti bo‘yicha asosli gumoni bo‘lganda, bu haqda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining mavjud aloqa kanallari orqali xabar berishlari mumkin.
  2. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi o‘z vakolatlari va mavjud imkoniyatlari doirasida qonunbuzarlik haqida ishonchli axborot bergan shaxsning maxfiyligini taʼminlaydilar, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
  3. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi o‘z xodimlarining manfaatlarini himoya qiladi va qasos olish, jumladan, ishdan bo‘shatish, lavozimini pasaytirish, kamsitish, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining boshqa xodimining shubhali xulq-atvori yoki mazkur Qoidalardagi odob-axloq normalari va tamoyillarini buzish ehtimoli haqida ixtiyoriy xabar bergan xodimlarni taʼqib qilishga yo‘l qo‘yilmasligiga kafolat beradi.
  4. Mazkur Qoidalarning buzilishi haqidagi xabarlar quyidagi aloqa kanallari orqali berilishi mumkin:

            Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xodimlari uchun bevosita Kadrlar va maxsus qismga;

            Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimlarining telefonlariga hamda qabulxonaga;

            jismoniy va yuridik shaxslarga – “71 244 23 53” telefoni yoki Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining boshqa telefonlariga;

            “@anticorbot” “Telegram” kanaliga hamda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining boshqa “Telegram” kanallariga.

  1. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining aloqa kanallariga kelib tushgan barcha xabarlar masʼul bo‘linma Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining mansabdor shaxsi tomonidan qonunchilik va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining ichki hujjatlariga muvofiq xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqiladi.
  2. Ko‘rib chiqishga, shuningdek, anonim tarzda (faqat Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining “Telegram” kanali orqali) yo‘llangan xabarlar ham qabul qilinadi. Anonim bo‘lib qolishni istagan arz qiluvchi bunday holda quyidagilarga rozi bo‘ladi: Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi kelib tushgan xabarga javob berish uchun u bilan bog‘lana olmaydilar; Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi zarur qo‘shimcha maʼlumot olish imkoni bo‘lmaganligi tufayli xabarni to‘liq va har tomonlama tekshira olmaydilar.
  3. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xodimi tomonidan bila turib yolg‘on maʼlumot berilishi mazkur Qoidalarning buzilishi va g‘ayriaxloqiy xulq-atvor namunasi sifatida qaraladi, bunday shaxs esa qonunchilik hamda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining ichki idoraviy hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin.
  4. Aloqa kanallarining ishi va olingan xabarlarni ko‘rib chiqish qayta ishlash tartibi to‘g‘risidagi batafsil maʼlumot Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasiga korrupsiyaviy harakatlar haqida xabar berish uchun aloqa kanallaridan kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va qayta ishlash reglamentida hamda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining shunga o‘xshash ichki hujjatlarida aks ettirilgan.

 

10-bob. Mazkur Qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik

  1. Xodimlar tomonidan mazkur Qoidalarga rioya qilish muhim kasbiy kompetensiya sifatida qaraladi va boshqa mezonlar qatorida lavozimini ko‘tarish, faoliyatini baholash va h.k.larga xizmat qiladi.
  2. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimining obod-axloq standartlariga sodiqlik attestatsiyada, yuqori turuvchi va boshqa lavozimlarga tayinlash uchun kadrlar zaxirasini tayyorlashda inobatga olinadi.
  3. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining xodimi tomonidan mazkur Qoidalarning buzilishi uni qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos bo‘lishi mumkin.

 

11-bob. Qayta ko‘rib chiqish va o‘zgartirish kiritish tartibi

  1. Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar va huquqni qo‘llash amaliyoti, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining tamoyillari va talablariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganda mazkur Qoidalar Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi rahbarining buyrug‘iga asosan qayta ko‘rib chiqilishi va yangilanishi lozim.