Qo'mitada korrupsiyaga qarshi amalga oshirilgan ishlar HISOBOTI (2020-2021 yy)
23.05.2022 | scis.uz

O'zbekistan Respublikasi sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo'yicha 2020-2021 yillarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan
Hisobot

Sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi "sanoat, radiasiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PF-5594-son Farmoni va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi "O'zbekiston Respublikasi sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasi faoliyatini tashkil etish to'g'risida"gi PQ-4058-son qarori hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 1 fevraldagi "O'zbekiston Respublikasi sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash to'g'risida"gi 75-son qarori bilan barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan respublika hududida sanoat va radiasiya xavfsizligiga, shuningdek, davlat tomonidan tartibga solishning boshqa chora-tadbirlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini belgilangan tartibda amalga oshiruvchi sanoat xavfsizligi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilangan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbarining 2020 yil 4 sentyabrdagi 02-2488-son topshirig'ining
17 ilovasi bilan sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasi organlarida yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo'yicha 2020-2021 yillarga mo'ljallangan "yo'l xaritasi" tasdiqlangan.
Mazkur "yo'l xaritasi" 10 banddan iborat bo'lib, Davlat qo'mitasi tomonidan "yo'l xaritasi"ni o'z muddatlarida bajarish maqsadida joriy yilning 8 sentyabrda 04/01-234-b-sonli buyruq qabul qilinib, Qo'mitaning ishchi gurux tarkibi tasdiqlangan.
Ma'lumot uchun. Yo'l xaritasining 1-bandiga muvofiq maxsus ishchi guruh tarkibiga O'zbekiston Respublikasi hisob palatasidan mas'ul xodimi B.Yunusov, Adliya vazirligidan korruasiyaga qarshi kurashish bo'limi etakchi maslahatchisi T.Safarov, Bosh prokuraturadan boshqarma katta prokurori K.Musashayxov va korrupsiya qarshi kurashish agentligidan boshqarmasi etakchi inspektori M.Asrorov nomzodlari berilgan.
"Yo'l xaritasi"ni o'z muddatlarida bajarish bo'yicha Davlat qo'mitasining tarmoq jadvali ishlab chiqilib, 31 banddan iborat aniq vazifalar belgilangan va ular unga asosan tasdiqlangan ish rejaga muvofiq quyida keltirilgan ma'lumotlar asosida ijro etilgan.
O'zbekiston Respublikasining "korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida"gi Qonuni (Qonunchilik palatasi tomonidan 2016 yil 24 noyabrda qabul qilingan Senat tomonidan 2016 yil 13 dekabrda ma'qullangan) ijrosini ta'minlash, hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi bo'yicha ogohlantirish maqsadida, davlat qo'mitasining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib bir birlikdan iborat "korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha bosh mutaxassis" lavozimi (2020 yil 30 oktyabr 80-son buyruq) joriy etilgan.
Sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasida korrupsiyaga qarshi kurashish "kompleans nazorat" tizimini joriy etish bo'yicha maxsus ishchi guruh tuzilgan, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati nizomi, qonunbuzilishlar to'g'risida xabar berish bo'yicha tartib, xizmat siri yoki maxfiylik qoidalariga rioya qilish bo'yicha tartib loyixasi, xizmatga qabul qilishda nomzodlarni tekshirish bo'yicha yo'riqnomalarni yoki ishga qabul qilish jarayonini tartibga soluvchi hujjatlarni qayta ko'rib chiqish nizomi (jami 4 ta)va mehnat shartnomasining namunaviy shakli ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalariga ko'mak berish maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT TDning "O'zbekistonda samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish" loyihasi bilan birgalikda ISO 37001:2016 korrupsiyaga qarshi standartdan kelib chiqib, sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etuvchi tavsiyaviy xujjatlar to'plami asosida (jami 10 ta) hujjat ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Malakali xodimlarni tayyorlash va ularda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida nazariy hamda amaliy ko'nikmalarni shakllantirish maqsadida qo'mita tomonidan tasdiqlangan reja va dasturiga muvofiq malaka oshirish o'quv kurslari tashkillashtirilgan bulib, ushbu kunga qadar ushbu o'quv kurslarini 80dan ortik xodim tamomladilar.
Sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan quyidagi tahliliy ma'lumotlar havola qilinadi:
Sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasida yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo'yicha 2021-2022 yil uchun 10 ta banddan iborat ish reja ishlab chikilgan va qo'mita raisi tomonidan 05 yanvar 2021 yilda tasdiqlangan.

Ish rejaning 1-bandi yuzasidan:
Xalqaro tajribani o'rganish maqsadida 2021 yil 16 mart kuni Buyuk Britaniya davlat xizmatidagi benuksonlik va halollikni ta'minlash amaliyotiga bag'ishlangan onlayn seminar-konferentsiyada va 6 may kuni Qozog'iston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda "Davlat xizmati va korporativ sektorda halollik: Qozog'iston tajribasi" mavzusida bo'lib o'tagan vebinarda, shuningdek korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning nazariy va amaliy masalalari, xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni o'rgatish bo'yicha joriy yilning 1 aprel kunidan boshlab bo'lib o'tgan masofaviy o'quv kursida Davlat qo'mitasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha bosh mutaxassisi ishtiroki ta'minlandi.
Joriy yilning 2 fevral sanasida sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasida qo'mita raisi Baxtiyor Gulyamov raisligida korrupsiyaga qarshi kurash, bunda qo'mita tizimida samarali komplaens nazoratni tashkil masalalariga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazildi. Qo'mita rahbari korrupsiya, poraxo'rlik va ta'magirlikka qarshi kurashish samaradorligi va natijadorligini oshirish bo'yicha tizimda amalga oshirilayotgan ishlar va muammolarga to'xtalib o'tdi. Bugungi kunda respublikamiz hukumati tomonidan ushbu muhim masalaga alohida e'tibor qaratilayotganini e'tiborga olgan holda qo'mita hamda uning tarkibiy tuzilmalarida korrupsiyaga qarshi kurashishda samaradorlikni oshirish yuzasidan mas'ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Joriy yilning 7 fevral sanasida "korrupsiyaga qarshi kurashish - barchamizning burchimiz" mavzusi ostida qo'mitaning korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha bosh mutaxassisi tomonidan on-layn seminar (https://scis.uz/press/news/183) tashkil etildi. Tadbirda qo'mita mas'ullari – boshqarma va inspektsiyalar, hududiy boshqarmalar rahbarlari va mutaxassislar ishtiroki ta'minlandi.

Ish rejaning 2-bandi yuzasidan:
O'zbekiston Respublikasining "xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarining sanoat xavfsizligi to'g'risida"gi Qonunining amaldagi me'yoriy hujjatlar asosida yangi tahririni ishlab chiqildi va "normativ-huquqiy hujjatlar" to'g'risidagi qonunning 25-moddasi va "normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o'tkazish tartibi to'g'risida"gi Nizomga asosan korrupsiyaga qarshi ish rejasida belgilangan muddatda ekpertizadan o'tkazildi.

Ish rejaning 3-bandi yuzasidan:
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi PF-5594-son "sanoat, radiasiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmonining amaldagi me'yoriy hujjatlar asosida yangi tahriri ishlab chiqildi va "normativ-huquqiy hujjatlar" to'g'risidagi qonunning 25-moddasi va "normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o'tkazish tartibi to'g'risida"gi Nizomga asosan korrupsiyaga qarshi ish rejasida belgilangan muddatda ekpertizadan o'tkazildi.

Ish rejaning 4-bandi yuzasidan:
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi PQ-4058-son "O'zbekiston Respublikasi sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasi faoliyatini tashkil etish to'g'risida" qarorining amaldagi me'yoriy hujjatlar asosida yangi tahriri ishchi guruh tomonidan ishlab chiqildi va korrupsiyaga qarshi ish rejasida belgilangan muddatda ekpertizadan o'tkazildi.

Ish rejaning 5-bandi yuzasidan:
O'zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi T. Narbaeva tomonidan 2021 yil 4 noyabrda tasdiklangan "9 dekabr-xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni"ga bag'ishlangan aksilkorrupsiya haftaligi rejasining 7-bandiga muvofiq aksilkorrupsiya haftaligiga bag'ishlangan "korrupsiya rivojlanishimizga to'siq" mavzusida davra suxbati ko'rinishida seminar-kengash o'tkazildi.

Ish rejaning 6-bandi yuzasidan:
Qo'mita faoliyatiga doir ochiq ma'lumotlar qo'mita veb-saytiga "ochiq ma'lumotlar" rukni ostida (https://scis.uz/interactive/opendate) joylashtirilib kelinmoqda. Bular:
- Sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasining Davlat xaridlari to'g'risidagi ma'lumotlar, shu jumladan davlat xaridlarini amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar bo'yicha xarid qilinadigan tovarlar to'g'risidagi ma'lumotlar qo'mita veb-saytining ochiq ma'lumotlar rukni ostida joylashtirildi (https://scis.uz/interactive/opendata/). ma'lumotlarni muntazam ravishda belgilangan muddatda veb-saytlarga joylab borish yo'lga qo'yildi.
- Mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari (xizmat safarining yoki tashrifning maqsadi, sutkalik pul, transport va yashash bilan bog'liq xarajatlar to'g'risidagi ma'lumotlar qo'mita veb-saytining ochiq ma'lumotlar rukni ostida joylashtirildi (https://scis.uz/interactive/opendata/).
- Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg'armalari hamda byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg'armalari hisobiga xarid qilinishi rejalashtirilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) to'g'risidagi ma'lumotlar qo'mita veb-saytining ochiq ma'lumotlar rukni ostida joylashtirildi (https://scis.uz/interactive/opendata/).
- Sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasida davlat xaridlari va investisiya loyihalari doirasida hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish bo'yicha tashkil etiladigan komissiya mavjud emas.