O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tizimida davlat tilida ish yuritish tartibi


Ushbu tartib O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni talablari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
34-son qarori asosida ishlab chiqilgan.

  1. Mazkur tartibga muvofiq, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining markaziy apparati va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari, shuningdek, qo‘mita tasarrufidagi Harbiylashtirilgan kon qutqarish qismi, “Sanoat xavfsizligi”, “Kontexnazorato‘quv” va “Sanoat laboratoriyasi” Davlat unitar korxonalarida davlat tilida ish yuritilishi tashkil etiladi.

         Tartib lavozimidan qatʼiy nazar barcha xodimlarning mehnat faoliyatida ish yuritilishi faqat davlat tili haqidagi qonun va qonunosti hujjatlari talablari asosida olib borilishini belgilaydi.

  1. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari, shuningdek, qo‘mita tasarrufidagi Harbiylashtirilgan kon qutqarish qismi, “Sanoat xavfsizligi”, “Kontexnazorato‘quv” va “Sanoat laboratoriyasi” Davlat unitar korxonalarida meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning davlat tilida yuritilishi bo‘yicha qatʼiy tartib Qo‘mitaning 2020 yil 26 iyundagi 04/01-201-b-sonli buyrug‘iga asosan amalga oshiriladi, bu boradagi masʼuliyat ularning rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
  2. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha rais maslahatchisi tizimda davlat tilida ish yuritilishini samarali tashkil qilish, davlat tili bo‘yicha amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan raisga muntazam axborot berib boradi.

         Qo‘mita davlat tilida ish yuritish bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar, meʼyoriy hujjatlar, lug‘atlar va boshqa ko‘rgazmali qurollar bilan taʼminlaydi.

         Qo‘mitada sohaga oid atamalar bilan ishlash, ilmiy asoslangan atamalarni soha rivoji uchun qo‘llash amalga oshiriladi.

         Qo‘mita, tizimda faoliyat yurituvchi soha xodimlarining davlat tilida ish yuritish bo‘yicha malakasini oshirish maqsadida ular ishtirokida o‘quv soatlari, uchrashuv va davra suhbatlarini tashkil etish, Respublika o‘quv kurslariga malaka oshirish uchun yuborish masalalarini doimiy ravishda ish rejalariga kiritib boradi.

  1. 4. Qo‘mita va tizimdagi tashkilotlarda ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan normativ-huquqiy va normativ-texnik hujjatlar yoki yuqori tashkilot va idoralarga yuboriladigan xatning matni davlat tili talablari – grammatik, uslubiy, tinish belgilari va imlo qoidalariga muvofiq ravishda tayyorlanadi.
  2. Normativ-huquqiy va normativ-texnik hujjatlar, xatlar tayyorlashda “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “O‘zbek tilining imlo qoidalari” va yana boshqa tegishli lug‘atlardan bevosita foydalangan holda hujjatdagi xatoliklarga o‘z o‘rnida barham beriladi.
  3. Normativ-huquqiy va normativ-texnik hujjatlar, xatlar tayyorlashda sanoat xavfsizligi sohasida qo‘llaniladigan atama va terminlarni o‘z o‘rnida, to‘g‘ri qo‘llashga qatʼiy eʼtibor qaratish va bunga erishish talab etiladi.
  4. Normativ-huquqiy va meʼyoriy hujjatlar, xatlar loyihasi tayyorlangandan so‘ng uning ustida takroriy ishlovni amalga oshirish, davlat tili, shu bilan birga, sohaviy nuqtai nazardan qonunchilik texnikasiga muvofiqligi qayta ko‘rib chiqiladi (zaruriyat tug‘ilganda mutaxassislar bilan kelishiladi).
  5. Tayyorlangan buyruqlar va yuqori tashkilotlarga, shuningdek, aloqador vazirlik, idoralarga yuboriladigan xatlarni davlat tili qoidalariga amal qilgan holda tayyorlanishini taʼminlash talab etiladi.
  6. Tilning Qoraqalpog‘iston Respublikasida amal qilishiga bog‘liq masalalar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
  7. Ushbu tartib jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda murojaatchilar o‘rtasidagi muloqot tilini tartibga solmaydi. Murojaatlarga javoblar murojaatchining xohishiga ko‘ra uning tilida berilishi mumkin.
  8. Sohaga oid yangi (ilgari amalda bo‘lmagan), shuningdek, xalqaro hujjatlar bilan kirib kelgan atamalar Qo‘mitada tuzilgan ekspertlar guruhi xulosasiga muvofiq jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi hamda Oliy Majlis palatalari tegishli qo‘mitalarining roziligi bilan o‘zbek tiliga joriy etilganidan so‘ng sohada rasmiy foydalaniladi.
  9. Qo‘mitaga boshqa tillarda kelib tushgan murojaatlar, xat, hujjatlarning davlat tilida bo‘lmaganligi uchun qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
  10. Qo‘mita va uning tizimida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarning ko‘pchiligi davlat tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tilini o‘rgatuvchi o‘quv kurslari tashkil etiladi.
  11. Qo‘mita va uning tasarrufidagi tashkilotlarning rasmiy veb saytlari, elektron axborot tashuvchilarining elektron hujjatlari davlat tilida olib boriladi. Talab va ehtiyojga qarab boshqa tillarda olib borilishi mumkin.
  12. Qo‘mita va uning tasarrufidagi tashkilotlarning muhrlari, tamg‘alari, ish qog‘ozlarining matnlari davlat tilida bo‘ladi. Xorijiy davlatlar jismoniy va yuridik shaxslariga, davlat tilida aks ettirilgan ish qog‘ozidagi matn boshqa (so‘ralgan) tilda yuborilishi mumkin.
  13. Qo‘mita va uning tasarrufidagi tashkilotlarning peshlavhalari, lavhalari, eʼlonlari, narxnomalari va boshqa ko‘rgazmali axborot vositalarining matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va eʼlon qilinadi.
  14. Sohaga oid O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi matnlari, qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, davlat tilida va ahdlashuvchi tomonning (tomonlarning) tilida yoziladi.
  15. Qo‘mita va uning tasarrufidagi tashkilotlarga qarashli eʼlon, reklama va boshqa axborot matnlarini, o‘zbek tilining lotin yozuviga asoslangan shaklida to‘g‘ri, bexato va mazmunan teranligiga eʼtibor qaratgan holda yozilishini taʼminlash talab etiladi.
  16. Turli tadbirlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi axborot xabarlari (press-relizlar, byulletenlar va shu kabilar)ni davlat tilida yozilishi va zaruratga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi taʼminlanadi.
  17. Yuqori turuvchi organlar, vazirlik va idoralarga yuboriladigan hujjatlarning davlat tili talablariga javob berishi, davlat tili bo‘yicha maslahatchi xulosasi asosida amalga oshiriladi.
  18. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari, shuningdek, qo‘mita tasarrufidagi Harbiylashtirilgan kon qutqarish qismi, “Sanoat xavfsizligi”, “Kontexnazorato‘quv” va “Sanoat laboratoriyasi” Davlat unitar korxonalarida ish rejalari va boshqa hujjatlarning lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek tilida yuritilishi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
  19. Ish yurituvida davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga rioya etmaslik O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.