Barchamizga maʼlumki hozirgi vaqtda “Olmaliq KMK” AJda “Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish” va 3-mis boyitish fabrikasini qurish investitsiya loyihasi asosida ishlar olib borilmoqda. 2023 yilning 1 avgust kuni 3-mis boyitish fabrikasining qurilish maydonining aholi yashash hududiga yaqin joylashgan qismida portlatish ishlari olib borilgan.
Portlatish ishlari o‘tkazilishi hududda yashovchi aholi hamda shahar hokimiyati bilan oldindan kelishilgan. Portlatish ishlari boshlanishidan avval, “Olmaliq KMK” AJ hamda shahar hokimiyati tomonidan portlatish ishlari xavfli taʼsir doirasida yashovchi aholining xavfsiz hududga chiqarilishi tashkillashtirilgan.
Portlatish ishlari xavfsizligi “Portlatish ishlarida xavfsizlikning yagona qoidalari” talablariga muvofiq hisob-kitob qilib chiqilgan. Portlatish ishlarida tog‘ jinslari bo‘laklarining yon atrofga otilishining oldini olish maqsadida portlatish quduqlari sonini ko‘paytirish, hamda portlatish joyini metall to‘r bilan qoplash choralari belgilangan. Portlatish ishlarining hisob-kitobi va belgilangan choralar Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining Olmaliq kon-texnika inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida portlatish ishlari jarayonida tog‘ jinslari bo‘laklarining yon atrofga otilishining oldi olingan. Portlatish natijasida hozirgi vaqtda oldini olish imkoni mavjud bo‘lmagan chang ko‘tarilish holati yuzaga kelgan.
Aholi yashash hududini portlatish natijasida tushgan changdan tozalash ishlarida “Olmaliq KMK” AJ tomonidan aholiga yordam berilgan.
Inspeksiya va“Olmaliq KMK” AJ mazkur hududda bunday keng ko‘lamli portlatish ishlarini olib bormasligi bo‘yicha kelishib olindi.