Tibbiy, tadqiqot va tijorat ob'ektlaridagi radioaktiv manbalar foydalanuvchilari uchun xavfsizlik madaniyati
27.07.2022 | scis.uz

AQShning Middlberi xalqaro talqiqotlar institutining Dj.Martin tadqiqotlar markazi tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon vakillari uchun tashkil qilingan mintaqaviy seminar ayni shu mavzuga bag‘ishlandi. Tojikistonning Yadro va radiasiya xavfsizligi agentligi bilan hamkorlikda Dushanbe shahrida o‘tkazilgan ushbu tadbirda mintpqa davlatlarida radiasiyaviy xavfsizlik madaniyati sharhi, radioaktiv manbalar xavfsizligi sohasida milliy va xalqaro tajriba almashish masalalari muhokamaga qo‘yildi.

Seminarda yadro va radiasiya xavfsizligini tartibga soluvchi milliy organlar, operatorlar, tibbiy va tadqiqot muassasalalari, chiqindilarni saqlash va utilizasiya qilish ob'ektlari xodimlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, “O‘zmetkombinat” AJ mutaxassislari ishtirok etdi.

Seminar qatnashchilari e'tiboriga mintaqadagi soha ekspertlarining o‘z mamlakatlaridagi xavfsizlik madaniyati bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlariga doir taqdimotlar havola etildi. Xususan respublikamiz vakillari tomonidan ham yadro va radiasiya xavfsizligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, tatbiq qilinayotgan yangi uslublar va xorijiy tajriba to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Seminarning maqsadi  tegishli ob'ektlarda samarali xavfsizlik madaniyatini shakllantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqish, bu sohada o‘rganilishi lozim bo‘lgan jihatlar va ehtiyojlarni aniqlashga qaratilgan bo‘lib, uning yakuni bilan ishtirokchilarning o‘z mamlakatlarida va o‘z ob'ektlarida xavfsizlik madaniyati to‘g‘risida xabardorlikni oshirish va o‘qitishga ko‘mak ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ekspertlar ishchi guruhini tuzish to‘g‘risida kelishib olindi.

Yuklab olish | 155.46 kB