MAGATE radiatsiyaviy xavfsizlik bo‘yicha O‘zbekistonga 20 mln yevrodan ortiq moliyaviy yordam ko‘rsatgan
01.06.2021 | scis.uz

O‘tgan yillar davomida MAGATE O‘zbekistonda radiatsiyaviy xavfsizlikni oshirish bo‘yicha 20 million yevrodan ortiq moliyaviy yordam ko‘rsatgan. Shuningdek, 2020-2021 yillarda umumiy qiymati 1 million yevrodan ortiq 4ta milliy loyiha doirasida texnik yordam ko‘rsatadi.

Bugun Milliy matbuot markazida «Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohalarida xalqaro doirada erishilgan yutuqlar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Nazorat profilaktika faoliyatini tahlil qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Olimjon Jo‘rayev xalqaro doiralarda qo‘mita tomonidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida maʼlumot berdi.

«Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi – sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohalarida maxsus vakolatli davlat nazorati boshqaruv organi hisoblanadi.

Qo‘mita xalqaro doirada mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro ish olib borib hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining sanoat xavfsizligi kengashi, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentligi, Yevroatom, Yevropa Ittifoqi Komissiyasi, «Rosatom» davlat birlashmasi, «Rostexnadzor» federal xizmati kabi tashkilotlar bilan sanoat radiatsiya va yadro xavfsizligi sohalarida mustahkam hamkorlik o‘rnatilgan.

O‘zbekiston MDHning sanoat xavfsizligi kengashi, Kimyoviy va bakteriologik qurollarni taqiqlash to‘g‘risidagi Konvensiya hamda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning aʼzosi sanaladi», – dedi Olimjon Jo‘rayev.

Shuningdek, u Atom energiyasi xalqaro agentligi tomonidan O‘zbekistonda radiatsiyaviy xavfsizlik bo‘yicha moliyaviy ko‘mak asosida bajarilayotgan milliy loyihalar to‘g‘risida maʼlumot berdi.

«Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan imzolangan texnik hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shimcha kelishuvga asosan, MAGATE bilan hamkorlik doirasida hozirgi kunga qadar 30 dan ortiq milliy loyihalar amalga oshirilgan.

Ushbu loyihalarda O‘zbekistonga 20 million yevrodan ortiq moliyaviy yordam ko‘rinishida maxsus jihozlar, radiatsiya va yadroviy xavfsizlik sohasida kadrlarni tayyorlash, shuningdek, fan, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda radiatsiyaviy xavfsizlikni oshirish bo‘yicha yordam ko‘rsatilgan.

Xususan, 2018-2019 yillarda sog‘liqni saqlash, tadqiqot yadroviy reaktorining xavfsiz ishlashi va metrologik jihozlarni takomillashtirish bo‘yicha umumiy qiymati 1,2 million yevroga teng quyidagi to‘rtta milliy loyiha amalga oshirilgan:

Radiatsiya va yadro xavfsizligini mustahkamlash va Fanlar Akademiyasining Yadro fizikasi institutida VVR-SM tadqiqot reaktoridan foydalanishni takomillashtirish;Respublika Endokrinologiya ilmiy markazi yadro tibbiyoti bo‘limini modernizatsiyalash;Ikkilamchi standartlar dozimetriya laboratoriyasini tashkil etish;Namangan viloyati onkologiya dispanserida radiatsiya terapiyasini takomillashtirish.Shuningdek, 2020-2021 yillarda O‘zbekiston uchun MAGATEning texnik hamkorlik bo‘yicha umumiy qiymati 1 million yevrodan ortiq bo‘lgan quyidagi 4 ta milliy loyihasi tasdiqlangan:

Yadroviy fan va texnologiyalardan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini salohiyatni oshirish (188 360 yevro);Yadro fizikasi instituti ilmiy-tadqiqot reaktoridan samarali foydalanish, yadroviy xavfsizligini va ekspluatatsiya qilish xarakteristikalari samaradorligini oshirish (330 525 yevro);Birinchi atom elektrostansiyasi uchun kadrlar salohiyatini oshirish va milliy yadroviy infratuzilmani rivojlantirish (266 070 yevro);Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent shahar filialida nurlanish terapiyasi sifatini yaxshilash (244 552 yevro).Shu bilan birga, hozirda 2022-2023 yillar uchun yana 4 ta loyiha konsepsiyasi tayyorlangan bo‘lib, ular MAGATEning mutasaddi xodimlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda», – shu va boshqa maʼlumotlar qo‘mita matbuot anjumanida tinglandi.