Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida shaffoflikni taʼminlash kuchaytiriladi
24.06.2021 | scis.uz

“Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Prezident Farmoni (PF–6247-son, 16.06.2021 y.) mazmun-mohiyati
Barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʼlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʼyxati (33 ta) tasdiqlandi.
Davlat organlari va tashkilotlari oʼz faoliyatiga oid hisobotni har yili:
1 martgacha veb-saytlariga joylashtirib, 10 martgacha uni jamoatchilik ishtirokida muhokama etish haqida xabar beradi;
1 aprelgacha hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etish uchun matbuot anjumanlarini oʼtkazadi.
2021 yil 1 iyuldan quyidagilar toʼgʼrisidagi maʼlumotlar Ochiq maʼlumotlar portaliga va davlat organlari va tashkilotlari veb-saytlariga joylashtirilib, har chorakda yangilab boriladi:
• amalga oshirilgan davlat xaridlari;
• mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari;
• Prezident, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferentsiyalar;
• oʼzlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi.
Quyidagi imtihonlarni oʼtkazish jarayonini Internetda jonli efirga uzatish tartibi joriy etiladi:
• OTMning bakalavriat va magistratura imtihonlari;
• oʼqishni koʼchirish bilan bogʼliq imtihonlar;
• nostrifikatsiya test sinovlari.
2021/2022 oʼquv yili qabuligacha imtihonlarni Internetda jonli efirga uzatishni taʼminlaydigan, barcha foydalanuvchilar uchun ochiq boʼlgan “imtihon.uz” veb-platformasi ishga tushiriladi.
2021 yil 1 sentyabrgacha Ochiq maʼlumotlar portali davlat xaridlari boʼyicha maxsus axborot portali bilan integratsiya qilinadi

2021 yil 1 avgustgacha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi rasmiy veb-saytida va Portalda Ov qilish va ovchilik xoʼjaliklari toʼgʼrisidagi axborot bazasi ishga tushiriladi.
Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga qoʼshimcha vazifalar yuklatildi. Аgentlik, jumladan:
• davlat organlari va tashkilotlarining maʼlumotlarni Internetga joylashtirish majburiyatlari hisobini yuritadi;
• murojaatlardan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni “Mening fikrim” veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqaradi.
“Davlat sirlarini saqlash toʼgʼrisida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
2021 yil 1 dekabrdan:
• yil yakunlari boʼyicha davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksi aniqlanadi;
• quyidagi tadbirlar telekanallar, shuningdek, Internet orqali jonli efirga uzatiladi:
 Qonunchilik palata va Senat majlislari, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari;
 taraflarning roziligi bilan ayrim huquqbuzarliklarga va oilaviy nizolarga oid fuqarolik sud ishlari.