Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi
30.06.2021 | scis.uz

“Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident Farmoni loyihasining mazmuni ID-46830

Adliya vazirligi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda boshqa qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan korrupsiyaga qarshi kurashishga oid Prezident Farmoni (https://regulation.gov.uz/uz/d/46830) loyihasi muhokamaga qo‘yilgan.

Loyihaga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri” yuritiladi.

Reyestrga kiritilgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:

davlat xizmatiga qabul qilinishi va davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi;

saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodlarining ko‘rsatilishi;

davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning aʼzoligiga kiritilishi;

ularning tadbirkorlik subyektlari davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik bitimida ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashishi;

davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar hamda davlat taʼlim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilmoqda.

Deklaratsiya qilish tizimi doirasida:

a) mol-mulkning kelib chiqish manbasini tasdiqlash sharti faqat 2022 yil 1 yanvardan so‘ng orttirilgan mol-mulkka nisbatan tatbiq etiladi;

b) deklaratsiyani taqdim etishdan bosh tortish va noto‘g‘ri maʼlumot kiritish davlat xizmatidan bo‘shatish va javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi;

v) davlat xizmatchilariga xorijda bank hisobraqamlarini ochish, naqd pul mablag‘larini saqlash va boshqa mol-mulkka ega bo‘lish taqiqlanadi.

Manfaatlar to‘qnashuvi hisoblanadigan mansabdor shaxslarning harakatlari belgilanib, ularni amalga oshirish qatʼiyan taqiqlanadi. (masalan, tijorat tashkilotlarining muassisi bo‘lish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, davlat organining ishlarida uchinchi shaxslarning manfaatlarini noqonuniy ilgari surish va boshqalar)

2022 yil 1 yanvarga qadar “Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikni o‘rnatishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ishlab chiqiladi.

Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda:

a) korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilab, bunday jinoyatlar uchun jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish;

b) deklaratsiyalashda aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik va manfaatlar to‘qnashuvi uchun jinoiy javobgarlikni belgilash.