Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
01.07.2021 | scis.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi mazmun-mohiyati

 

I. Qarorning maqsadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishini samarali tashkil etish tizimini joriy etishdan iborat.

 

II. Qarorning mazmun va mohiyati.

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 sentyabrdan:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

2021 yil 1 oktyabrdan:

Barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida mavjud shtat birliklari doirasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda o‘tkaziladigan ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi, ularni lavozimidan ozod etish masalasi Agentlik bilan kelishiladi.

2021 yil 1 avgystdan:

davlat xaridlari sohasida shaffoflik va qonuniylikni taʼminlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida davlat xaridlari sohasida o‘tkazilayotgan tender (tanlov)larning natijalarini majburiy tarzda ochiq eʼlon qilish amaliyoti joriy etiladi.

2021 yil 1 dekabrdan:

Har yil yakuni bo‘yicha barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarida yo‘lga qo‘yilgan korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reytingni eʼlon qilish amaliyotini joriy etiladi.

2022 yil 1 yanvarga qadar:

Mutasaddi vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va maʼlumotlar bazasi bilan Elektron hukumatning idoralararo maʼlumotlar uzatish tarmog‘i orqali integratsiyalashgan “Korrupsiyaviy xavflarni baholash elektron tizimi”ni ishga tushiriladi.

Qurilish sohasida shaffoflik va qonuniylikni taʼminlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida:

Qurilish vazirligi 2021 yil 1 oktyabrgacha:

byudjet va unga tenglashtirilgan mablag‘lar hamda davlat organlari va tashkilotlari mablag‘lari hisobidan qurilish-pudrat shartnomasi uchun o‘tkaziladigan tanlovlar (tenderlar)ni “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining maʼlumot almashinuvini taʼminlagan holda davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida elektron tarzda amalga oshirish amaliyotini yo‘lga qo‘yiladi.

Transport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yo‘l qurilishi va ekspluatatsiyasi sohasiga shaffoflik standartlarini joriy qilish maqsadida 2022 yil 1 yanvarga qadar avtomobil yo‘llari sohasiga tegishli maʼlumotlarni o‘z ichiga oladigan “SHAFFOF YO‛L” onlayn axborot platformasini ishga tushiriladi.

Agentlik, Adliya vazirligi va Davlat boshqaruvi akademiyasi
2022 yil 1 yanvardan boshlab “halollik vaksinasi” tamoyili asosida davlat xizmatchilarini muntazam ravishda korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvi va odob-axloq qoidalari bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida o‘qitish tizimini joriy etilishi belgilangan.