“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati
23.07.2021 | scis.uz

Joriy yilning iyulida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan 49 ta litsenziyalar, 121 ta ruxsat berish hujjatlari hamda 33 ta xabarnomalarning yakuniy ro‘yxatlari tasdiqlandi.

Mazkur Qonunda nazarda tutilmagan yangi tartib-taomillar turlarini joriy etish taqiqlanmoqda.

Faoliyatni amalga oshirish hayot va sog‘liqqa, atrof-muhitga zarar, huquqlar va qonuniy manfaatlarga, jamoat xavfsizligiga ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lsa, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari joriy etiladi.

Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish va ular bilan bog‘liq boshqa tartiblar barcha uchun ochiq bo‘lgan “Litsenziya” axborot tizimi (maxsus elektron tizim) orqali amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslar filiallari va vakolatxonalari uchun alohida litsenziyalar hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar olish talab etilmaydi.

Bunda avval olingan litsenziyalarda va ruxsatnomalarda filiallar va vakolatxonalarning manzillari ko‘rsatiladi.

Filiallar va vakolatxonalar tashkil etgan yuridik shaxslar vakolatli organni maxsus elektron tizim yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali xabardor qiladi.

Litsenziyalar, ruxsat berish hujjati va xabarnomalar reyestrlari faoliyat turi bo‘yicha alohida-alohida maxsus elektron tizimda ochiq elektron shaklda yuritiladi.

Reyestrda litsenziyalarni chaqirib olish asoslari va sanalari, faoliyatni xabardor qilish tartibi asosida amalga oshirishga doir taqiqning qolgan muddati va boshqa maʼlumotlar aks ettiriladi.

Mazkur qonun bilan tasdiqlangan 49 ta faoliyat turlari faoliyatning litsenziyalanadigan turlari hisoblanadi.

Litsenziya faoliyatning har bir litsenziyalanadigan turi uchun alohida beriladi. Litsenziya berilgan faoliyat turi faqat litsenziya olgan jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.

Litsenziyalar ularning amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi, quyidagilar mustasno:

tibbiy faoliyat;

farmatsevtika faoliyati;

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyat;

tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik vositasining miqdori 0,2 foizgacha bo‘lgan kannabisni sanoat maqsadlarida yetishtirish, olib kirish, qayta ishlash, saqlash, realizatsiya qilish, olish va tashish;

ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqadan va teleradioeshittirishlarni tarqatishdan foydalanish va ularning xizmatlarini ko‘rsatish;

neftni, gazni va gaz kondensatini qazib olish, qayta ishlash va realizatsiya qilish;

affinaj faoliyati.

Litsenziya berganlik, uning amal qilish muddatini uzaytirganlik va uni o‘zgartirganlik uchun davlat boji undiriladi.

Faoliyatning quyidagi turlari bo‘yicha litsenziyaning amal qilishi uchun yillik davlat bojlari belgilanadi:

konsert-tomosha faoliyati;

isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol ishlab chiqarish;

alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi;

telekommunikatsiyalar tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, foydalanish va xizmatlarni ko‘rsatish.

Mazkur Qonun bilan tasdiqlangan 121 ta faoliyat turlari ruxsat berish hujjatlarini olish talab etiladigan faoliyat turlaridir.

Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilish muddati, qoida tariqasida, cheklanmaydi.

Ruxsat berish tartibiga oid nizomlarda va ularning pasportlarida, bir martalik harakatni bajarish uchun beriladigan ruxsatnomalarda hujjatning amal qilish muddati cheklanishi mumkin.

Litsenziya va ruxsat berish talablari hamda shartlari nizomlarda, shuningdek ularning pasportlarida ko‘rsatiladi. Bunda raqobatni cheklovchi talablar va shartlarni joriy etish taqiqlanadi.

Litsenziya yoki ruxsatnomalarni berishga oid arizalar, ularga ilova qilingan hujjatlar maxsus elektron tizim yoki YAIDXP orqali qabul qilinadi.

Ariza ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjat avtomatik ravishda talabgorga yuboriladi.

Arizani qabul qilishni vakolatli organlar tomonidan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar yagona
QR-kod qo‘yilgan holda elektron shaklda rasmiylashtiriladi.

Arizani rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

litsenziyani yoki ruxsatnomani berish uchun zarur hujjatlarning to‘liq hajmda taqdim etilmaganligi;

talabgorning litsenziya va ruxsat berish talablari va shartlariga muvofiq emasligi;

taqdim etilgan hujjatlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan maʼlumotlar mavjudligi;

o‘tkazilishi majburiy bo‘lgan o‘rganishlar, tadqiqotlar, tekshirishlar yoki boshqa ilmiy hamda texnik baholashlarning yakunlari bo‘yicha asoslantirilgan salbiy xulosa olinganligi.

Litsenziyani yoki ruxsatnomani berishni maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan yoxud boshqa asoslarga ko‘ra, quyidagi hollarda
rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi:

xodimlar kasbiy malakasi belgilangan talablarga muvofiq bo‘lmaganda;

taqdim etilgan hujjatlar va dasturlar belgilangan talablarga muvofiq bo‘lmaganda;

litsenziya va ruxsat berish talablari hamda shartlariga muvofiq foydalaniladigan bino va inshootlar sanitariya-epidemiologik hamda yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiq bo‘lmaganda.

Arizada bartaraf etish mumkin bo‘lgan kamchiliklar mavjud bo‘lsa, vakolatli organ ularni bartaraf etish uchun talabgorga muddat beradi.

Kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi xabarnoma vakolatli organ tomonidan maxsus elektron tizim orqali elektron shaklda talabgorga 1 ish kunida yuboriladi.

Xabarnomada hujjatlarda aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish usullari, ko‘rsatilgan sabablarni bartaraf qilib, hujjatlarni takroran taqdim etish mumkin bo‘lgan muddat ko‘rsatiladi.

Xabarnomada ko‘rsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur bo‘ladigan vaqtga mutanosib bo‘lishi, lekin 30 ish kunidan ortiq bo‘lmasligi kerak.

Litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishi quyidagi hollarda to‘xtatib turilishi mumkin:

litsenziat yoki ruxsatnoma olgan shaxs litsenziya va ruxsat berish talablari hamda shartlarini buzganida;

litsenziat yoki ruxsatnoma olgan shaxs vakolatli organning qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha qarorini bajarmaganda.

Litsenziyaning yoki ruxsatnomani to‘xtatib turish vakolatli organ tomonidan 10 kungacha muddatga, 10 kundan ortiq, lekin 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga esa –sud tomonidan amalga oshiriladi.

Qonun bilan tasdiqlangan 33 ta faoliyat turlarini amalga oshirish uchun vakolatli organni xabardor qilish talab etiladi.

Xabardor qiluvchi vakolatli organga elektron raqamli imzodan foydalangan holda maxsus elektron tizim yoki YAIDXP orqali xabarnoma yuboradi.

Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etishga doir talablar va shartlarga rioya etilishini tekshirish:

Maxsus elektron tizim yordamida masofaviy nazorat, faoliyatni joyiga chiqqan holda tekshirish, faoliyatga oid statistik axborot va ulardan so‘rab olingan maʼlumotlarni tahlil qilish orqali;

xavfni tahlil etish” tizimi va jamoatchilik murojaatlari asosida amalga oshiriladi.

Litsenziyasiz, ruxsat berish hujjatisiz va vakolatli organni xabardor etmasdan faoliyatni amalga oshirganda ularga nisbatan jarima solinadi:

v jarima 1 oyda ixtiyoriy to‘langanda uning 70% undiriladi;

v murojaatchilarga qonun buzilishi to‘g‘risida murojaatlar asosida undirilgan jarimaning 10% miqdorda pul mukofoti beriladi.