ATTRAKSIONLAR XAVFSIZLIGIGA KIM JAVOBGAR?
12.08.2021 | scis.uz

     Eng ko‘p Andijondagi attraksionlar talabga javob bermasligi aniqlandi

   2019–2021-yillarda o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, bugungi kunda yurtimizda 143 ta madaniyat va istirohat bog‘larida 1879 ta attraksion mavjud.

   Qo‘mita tomonidan mavjud attraksionlarning xavfsizlik talablariga javob berishi o‘rganilganida 582 ta nosoz, 738 ta taʼmirtalab va 175 ta qo‘lbola attraksion aniqlangan. Texnik holati normativ talablarga javob bermaydigan attraksionlarning aksar qismi Andijon (241 ta), Namangan (229 ta), Farg‘ona (229 ta), Samarqand (145 ta) va Surxondaryo (137 ta) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. So‘nggi paytlarda attraksionlar bilan bog‘liq noxush holatlarning ko‘payishiga attraksion egalarining bepisandligi va ularni o‘rnatishda maxsus ixtisoslashgan tashkilotlarning jalb qilinmagani sabab bo‘lgan. Bugungi kunga kelib ko‘rilgan choralar natijasida xavfsizlik talablariga javob beruvchi attraksionlar bo‘yicha ko‘rsatkich 20,5 % dan 53,1 % ga yetdi.

   Ma’lumot o‘rnida, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Istirohat bog‘lari va attraksionlarni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan sohaga doir xavfsizlik nazorati amalga oshiriladi. Inspeksiya 2019-yilda o‘z faoliyatini boshlagan. Unga qadar attraksionlar xavfsizligini nazorat qiluvchi tashkilot mavjud bo‘lmagan.