NAVOIY SHAHRIDA RO‘Y BERGAN PORTLASH YUZASIDAN RASMIY BAYONOT
13.08.2021 | scis.uz

Navoiy shahrida joylashgan gaz quyish shoxobchasida yuz bergan portlash oqibatida 4 nafar fuqaro jabrlandi

2021 yil 12 avgust kuni soat 19:15 lar chamasi Navoiy viloyati, Navoiy shahar, “Kimyogar” MFY, Inspektorlar ko‘chasida joylashgan “Propan Best” avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchachasi (AGTSH)da suyultirilgan gaz sizib chiqqan va chaqnash natijasida portlash ro‘y bergan. O‘sha vaqtda harakatlanib ketayotgan “Moskvich” rusumli avtomashina portlash zarbidan ag‘darilgan. Avtomashina ichida bo‘lgan haydovchisi va ikki navfar yo‘lovchi va shu atrofda bo‘lgan “Neksiya” rusumli avtomashina haydovchisi mashinadan chiqib voqea joyidan qochayotgan vaqtida turli darajadagi tan jarohatlari olib, tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida 1986 yilda tug‘ilgan A.R, 1982 yilda tug‘ilgan A.B, 1995 yilda tug‘ilgan S.I, 1994 yilda tug‘ilgan M.R turli-xil tan jarohati olishgan, hozirda ular o‘zlarini yaxshi his qilishmoqda, vafot etganlar yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, ushbu baxtsiz hodisa bo‘yicha ishchi guruh komissiyasi tashkil qilingan bo‘lib, tergov oldi ishlari olib borilmoqda.