Аtom energiyasi boʼyicha xalqaro agentlik tomonidan mintaqalararo oʼquv tadbiri oʼtkazildi
21.09.2021 | scis.uz

  

Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida Xalqaro atom energiyasi agentligi (MАGАTE) va Rosatom texnik akademiyasi tomonidan “Аtom energiyasi dasturiga sanoatni jalb qilish” mavzusiga oid mintaqalararo oʼquv kursi oʼtkazildi. Unda Efiopiya, Iordaniya, Nigeriya, Pokiston, Senegal, Zambiyalik soha mutaxassislari bilan bir qatorda Qoʼmitaning Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti xodimi А.Аshirmetov ishtirok etdi.

Oʼquv kursining maqsadi atom energiyasi dasturini shakllantirishda yangi tajribaga ega boʼlayotgan davlatlarga ushbu dasturga sanoatni jalb qilish, uning oʼrnini belgilash, shuningdek atom elektr stantsiyalarining qurilishida sanoatni mahalliylashtirish boʼyicha dastlabki tushunchalar bilan tanishtirish va ishtirokchilarning ushbu yoʼnalish boʼyicha bilim va koʼnikmalarini oshirishdir.

Oʼquv tadbirida Janubiy Koreya va Rossiya Federatsiyasi yetakchi xalqaro ekspertlarining “INIR missiyasidagi sanoatni jalb qilish shartlari”, “Sanoatni jalb qilish boʼyicha umumiy tushuncha va amalga oshirish jadvali”, Аtom elektr stantsiyasining qurilishida mahalliy yetkazib beruvchilar duch keladigan muammolar”, “Sanoatni jalb qilish siyosati va milliy-mahalliy sanoatning salohiyatlarini koʼrib chiqish”, “Sanoat kodeksi va standarti/sifat nazorati”, ”Salohiyatni oshirish va milliy investitsiya”, ”Rosatom loyihalari uchun mahalliy yetkazib beruvchilarni jalb qilish” va ”Kadrlarni rivojlantirish va qayta tayyorlash kurslarini tashkillashtirish” mavzusidagi maʼruzalari tinglandi.

Shu bilan birga oʼquv kursi ishtirokchilari oʼz davlatlaridagi atom energiyasi dasturiga sanoatni jalb qilish boʼyicha hozirgi holat toʼgʼrisida maʼlumot berdilar.

Guruhlarga boʼlingan holda mavzularga oid muhokamalar boʼlib oʼtdi.

Bundan tashqari Leningrad atom elektr stantsiyasiga virtual sayohat tashkil qilindi va ishtirokchilar atom elektr stantsiyasi haqida kerakli maʼlumot oldilar.

Oʼquv kursi ishtirokchilari, shuningdek, “Mashinasozlik markaziy konstruktsiya byurosi” MChJ hamda “AAEM turbinalar texnologiyasi” MChJ ga tashkillashtirilgan texnik sayohat davomida atom elektr stantsiyalarining birinchi kontur sovutish tizimi uchun moʼljallangan suv nasoslarining ishlab chiqarilish jarayoni, 1000 va 1800 MVt quvvat diapazonidagi par turbinalari va generatorlar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdilar.

Mintaqalararo oʼquv kursi yakunida ishtirokchilarga Xalqaro atom energiyasi agentligi vakili Kyungmo Nam tomonidan sertifikatlar topshirildi.