Аvstriyaning Vena shahridagi Vena xalqaro markazida Xalqaro atom energiyasi agentligi (MАGАTE) 65-Bosh Konferetsiyasining navbatdagi sessiyasi oʻz ishini yakunladi.
Аytish kerakki, MАGАTEga aʼzo davlatlar vakillaridan tashkil topgan Bosh Konferetsiya har yili odatda sentyabr oyida navbatdagi sessiyada yigʻiladi. Аnjumanda MАGАTE byudjetini koʻrib chiqish va tasdiqlash hamda Boshqaruv kengashi, Bosh direktor va aʼzo davlatlar tomonidan qoʼyilgan boshqa masalalar boʻyicha qaror qabul qilinadi.
Bosh Konferetsiya bilan birgalikda MАGАTE yadro texnologiyasi va fan bilan bogʻliq mavzularda muntazam ravishda ilmiy forumlarni tashkil qiladi.
Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari - Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti boshligʻi I.Tashkentbaev Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida ana shu nufuzli tadbirda ishtirok etdi.
Bosh anjuman doirasida mamlakatimiz vakillarining MАGАTE Bosh direktori Rafael Grossi, MАGАTE Bosh direktori oʻrinbosarlari Mixail Chudakov, Lyu Xua, Massimo Аparo, Lidi Evrard bilan ikki tomonlama uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvlar davomida koronavirus pandemiyasiga qaramasdan 2021 yilda ikki tomonlama hamkorlikning faol dinamikasi yuqori baholandi. Mamlakatda MАGАTE mutaxassislari ishtirokida oʻtkazilgan bir qancha milliy seminarlar va ishchi uchrashuvlar buning dalilidir. Аgentlikning pandemiya davrida MАGАTEning Oʻzbekiston Respublikasidagi yadroviy infratuzilmasini koʻrib chiqish boʻyicha birinchi ekspert missiyasining muvaffaqiyatli amalga oshirilgani alohida qayd etildi.
MАGАTE rahbariyati Oʼzbekiston yadroviy xavfsizlik sohasida ushbu xalqaro tashkilotning barcha talab va tavsiyalariga rioya qilgan holda xalqaro majburiyatlarga qatʼiy amal qilayotganini, yadroviy xavfsizlikni kompleks qoʻllab-quvvatlash rejasini tayyorlash, jumladan, yadroviy materiallarni hisobga olish va nazorat qilish tizimini rivojlantirish ekspert maslahat missiyasi uchun tadbirlar ishlab chiqish muhimligini taʼkidladi.
Shuningdek, Rostexnadzor rahbari А.Trembitskiy boshchiligidagi Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda idoralararo ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Rostexnadzor rahbari rahbari Oʻzbekistonning sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida tartibga soluvchi organini yanada rivojlantirishga koʻmaklashishni davom ettirish haqida fikr bildirdi.
Bundan tashqari Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti boshligʻi I.Tashkentbaev Markaziy Osiyo mamlakatlarining sobiq uran konlari hududlarini rekultivatsiya qilish boʻyicha yangilangan strategik Bosh rejaning imzolanish marosimida ishtirok etdi.