“Yadroviy bilimlarni boshqarish maktabi” – xorijiy tajribani oʻrganish uchun yaxshi imkoniyat
22.10.2021 | scis.uz

Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida MАGАTE va Rosatom tomonidan “Yadroviy bilimlarni boshqarish maktabi” tashkil etildi. Tadbirda Аrmaniston, Braziliya, Misr, Ozarbayjon, Sudan, Turkiya, Chexiya, Oʻzbekiston davlatlaridan jami 22 nafar mutaxassis, shu jumladan, Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari Sardor Yakubekov ishtirok etdi.

“Yadroviy bilimlarni boshqarish maktabi”ining maqsadi yadroviy bilimlarni boshqarish dasturlarini ishlab chiqish va joriy qilish boʻyicha zarur bilimlarni berish va ushbu sohada koʻnikmalar hosil qilishdan iborat.

Oʻquv dasturi “Yadroviy bilimlarni boshqarishga integratsiyalashgan yondashuv”, “Yadroviy bilimlarni boshqarishning vositalari va texnikasi”, “Yadroviy bilimlarni boshqarish biznesni boshqarish vositasi sifatida” va “Yadroviy maʼlumotlarni boshqarish” kabi yoʻnalishlardan iborat boʻlib, mazkur yoʻnalishlar boʻyicha MАGАTE ekspertlarining maʼruzalari tinglandi.

Maʼruzalardan olingan bilimlarni mustahkamlash maqsadida mavzular yuzasidan xorijiy tajriba tanishtirildi va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Tadbirning yakunida barcha qatnashchilar sinovdan oʻtkazildi, guruh taqdimotlari boʻlib oʻtdi hamda imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan qatnashchilarga sertifikatlar topshirildi.