«Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonun mazmun-mohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbir o‘tkazildi
18.08.2022 | scis.uz

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Qonuni mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ma'sul  xodimi ishtirokida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda Qo‘mita raisi Baxtiyor Gulyamov, rais o‘rinbosari Ibrohim Tashkentbaev, boshqarma va inspeksiyalar rahbarlari, xodimlar ishtirok etdilar, hududiy boshqarmalar rahbarlari va xodimlari tadbirga Zoom orqali bog‘landilar.

Baxtiyor Gulyamov yig‘ilishni ochib, «Davlat xizmati to‘g‘risida»gi qonun uzoq kutilgan bo‘lib, unda xalqqa xizmat ko‘rsatish davlat xizmatining tamoyillaridan biri etib belgilanganini ta'kidladi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ma'sul  xodimi Abduraxmon Umarov yangi qonunning chuqur muhokamalar asosida mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda ishlab chiqilganini , uning kimlarga nisbatan qo‘llanishi, Davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari , davlat fuqarolik xizmatchilarining huquq va majburiyatlari to‘g‘risida atroflicha ma'lumot berdi.

Ma'ruzachi Qonunda davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari ham ko‘zda tutilgani to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Qonun davlat xizmati sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar va manfaatlar to‘qnashuvlarining oldini olish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi ta'kidlandi.

Tadbir yakunida Abduraxmon Umarov qo‘mita xodimlarining savollariga javob berdi.