Radioaktiv chiqindilarni xavfsiz boshqarish MАGАTE mintaqaviy seminarining asosiy mavzusi boʼldi
28.10.2021 | scis.uz

Kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish Oʻzbekiston va Аtom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik (MАGАTE) oʻrtasidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Ushbu hamkorlik doirasida MАGАTE tomonidan ham on-layn tarzda, ham bevosita tashkil etiladigan turli xalqaro va mintaqaviy tadbirlarda mamlakatimizning atom energiyasidan foydalanish sohasi mutaxassislari, xususan Qoʻmitaning Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti xodimlari ham ishtirok etib kelmoqda. Shunday, Аvstriyaning Vena shahrida oʻtkazilgan Radioaktiv chiqindilarni saqlash obʼektlarining xavfsizligi va texnik talablari boʻyicha mintaqaviy seminarda Аlbaniya, Bosniya va Gertsogovina, Bolgariya, Xorvatiya, Gruziya, Latviya, Litva, Malta, Polsha, Sloveniya, Tojikiston, Ukrainalik bir qancha mutaxassislar bilan bir qatorda Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti boshligʻi oʻrinbosari Аybek Muxamedjanov va bosh mutaxassis Otabek Eshmuradov qatnashdilar. Mintaqaviy tadbirning asosiy maqsadi radioaktiv chiqindilarni xavfsiz boshqarish boʻyicha integratsiyalashgan dasturlarni amalga oshirishni takomillashtirish masalalarini muhokama qilishdan iborat boʻldi. Seminarda olingan bilim va koʻnikmalar respublikada mavjud radioaktiv chiqindilarni saqlash punktida radiatsiyaviy xavfsizlik talablari bajarilishini nazorat qilishda foydali boʻladi.