Yadroviy bilimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish bo‘yicha MАGАTE missiyasi seminari o‘tkazildi
14.11.2021 | scis.uz

Joriy yilning 8-11 noyabr kunlari Toshkent shahrida Аtom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MАGАTE) va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda «Yadroviy bilimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning maqsadi yadroviy bilimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish bo‘yicha MАGАTE xalqaro tajribasi asosida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi mutaxassislarning bilim va malakalarini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, «O‘zatom» agentligi, «АES qurilishi direktsiyasi» davlat unitar korxonasi vakillari qatnashdilar.

MАGАTE, Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasining yetakchi ekspertlari yadro-energetika dasturi uchun muhim bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishga yondashuvlar, bilimlarni boshqarish, yadroviy energetika sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish kabi mavzularda taqdimot va maʼruzalar qildilar. Ishtirokchilar guruhda mashqlar o‘tkazib, bilimlarini sinadilar.

Seminarda xalqaro ekspertlar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar respublikamizning atom energiyasidan foydalanish sohasi mutaxassislari uchun foydali bo‘lishi shubhasiz.