Kimyoviy, biologik, radiologik va yadro xavflarini minimallashtirish: amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va rejalar
17.11.2021 | scis.uz

Italiyaning Turin shahrida Kimyoviy, biologik, radiologik va yadro xavflarini minimallashtirish bo‘yicha Yevropa ittifoqining Ilg‘or tajriba markazlari tashabbusi mintaqaviy kotibiyatlari rahbarlarining to‘rtinchi tayyorgarlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Kimyoviy, biologik, radiologik va yadro xavflarini minimallashtirish bo‘yicha Yevropa Ittifoqining Ilg‘or tajriba markazlarining Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy kotibiyati rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor G‘ulomov boshchiligidagi Mintaqaviy kotibiyat delegasiyasi ishtirok etdi.

Uchrashuvda, shuningdek, Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy muvofiqlashtiruvchi Nargizaxon Usmanova, O‘zbekiston Respublikasi Milliy muvofiqlashtiruvchisi Otabek Qosimov va ekspert Lela Bakanidze ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, yuqorida ko‘rsatilgan tashabbus yuzasidan 2020 yil uchun yo‘l xaritasida belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishi yakuni muhokama qilindi, 2022 yilga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi. Joriy yilning 22 noyabr' kuni mintaqaviy kotibiyatlar rahbarlarining navbatdagi uchrashuvini onlayn tarzda o‘tkazish rejalashtirildi.

Mintaqalararo hamkorlik doirasida shuningdek, Markaziy Osiyo hamda Janubi-Sharqiy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha mintaqaviy kotibiyatlar rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvlari o‘tkazilishi ham kutilmoqda.