Mintaqaviy seminar: favqulodda vaziyatlarga tayyorlik va javob berish salohiyatini oshirish
06.12.2021 | scis.uz

Аtom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MАGАTE) tomonidan noyabr oyining so‘nggi kunlari Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida “Favqulodda vaziyat vaqtida yadroviy yoki radiologik avariya holatlariga bartaraf etishga tayyorgarlikni taʼminlash” mavzusida mintaqaviy oʼquv kursi o‘tkazildi.

Mintaqaviy oʼquv tadbirining asosiy maqsadi ishtirokchilarga MАGАTEning xavfsizlik standartlarida belgilangan favqulodda vaziyatlarga tayyorlik va javob berish talablarini, odatiy favqulodda vaziyatlarda va tabiiy hodisalar natijasida boshlangan yadroviy yoki radiologik favqulodda vaziyatlarda belgilangan talablarni, shuningdek ushbu yo‘nalish boʼyicha dunyoning yetakchi mamlakatlari tajribalarini o‘rganish sohasida salohiyatni rivojlantirishga ko‘mak berishdan iborat bo‘ldi.

Mazkur kursda Аlbaniya, Belarus, Kipr, Gruziya, Latviya, Polsha, Ruminiya, Rossiya, Tojikiston, Ukraina kabi mamlakatlar soha mutaxassislari bilan bir qatorda O‘zbekiston vakillari – Qo‘mitaning Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Аybek Muxamedjanov hamda ushbu departamentning Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada bo‘lish sohasida litsenziyalash va ruxsatnoma berish ishlari bo‘limi boshlig‘i B.Fayzullaev ishtirok etdilar.

O‘quv kurslari davomida olingan bilim va ko‘nikmalar departament mutaxassislarining tabiiy hodisalar natijasida boshlangan yadroviy yoki radiologik favqulodda vaziyatlarda belgilangan talablarni o‘zlashtirishlariga, shuningdek ushbu yo‘nalish bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakatlari tajribalarini joriy qilinishi sohasida salohiyatlarini oshirishlariga xizmat qiladi.