Konstitutsiya - Bosh Qomusimiz
07.12.2021 | scis.uz

Davlatimiz mustaqillikka erishgan ilk yillaridan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish masalasi asosiy vazifalardan biri etib belgilandi. Nihoyat ko‘p izlanishlar va xalq muhokamasidan so‘ng 1992 yil 8 dekabrda O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilindi. Davlatimizning Аsosiy Qonuni bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mustaqillik yillarida hayot sinovidan o‘tib, milliy davlatchilik va uning demokratik tamoyillari asosida qurilgan siyosiy hamda iqtisodiy tizimni shakllantirishning huquqiy poydevori vazifasini o‘tab kelmoqda.

Konstitutsiya bilan davlat va jamiyat rivojlanishining demokratik tamoyillari belgilab qo‘yilgan. Respublikada ro‘y berayotgan demokratik o‘zgarishlar davomida Konstitutsiyaga ham o‘zgarishlar kiritib kelinmoqda.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligiga bagʼishlab o‘tkazilgan tadbirda Bosh Qomusimiz inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyat hayotining barcha sohalarini izchil isloh qilish, taʼlim, fan, madaniyat hamda maʼnaviyat rivojida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganligi taʼkidlandi.

Konstitutsiyamizda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼiy nazar, barcha fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlangan.

Tadbir davomida Konstitutsiyamizning yaratilish tarixi, uning demokratik-huquqiy davlat barpo etish va inson manfaatlarini taʼminlashdagi ahamiyati, Bosh Qomusimizning xalqchilligi, xalqaro huquq normalariga mosligi haqida atroflicha maʼlumot berildi.