9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni
09.12.2021 | scis.uz

Bugun korrupsiyaga qarshi kurashish dunyo miqiyosida eng dolzarb masalaga aylanib ulgurdi. Bu illat nainki O‘zbekistonda tobora avj olib bormoqda, balki yer yuzining barcha mintaqalarini keng qamrab olyapti. Albatta, korrupsiya illatlariga qarshi kurashishda mamalakatimizda bir muncha ibratli ishlar amalga oshirilyapti, davlat siyosati aniq yo‘nalishlar bilan amalga oshirilyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan ham korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida bir qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, bu borada yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish buyicha 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Xaritada belgilangan topshiriqlar yuzasidan Qo‘mitaning 139 ta me'yoriy-huquqiy, me'yoriy-texnik hujjatlari xatlovdan o‘tkazildi, 13 ta idoraviy hujjat qabul qilindi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimi joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi PF-6257-son farmonida Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilash nazarda tutilgan va unga ko‘ra korrupsion jinoyatlar ro‘yxati tuzib chiqildi va korrupsion jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasida quyidagi 16 turdagi jinoyatlar korrupsiyaga oid jinoyatlar sifatida belgilanmoqda:

  • JKning 167-moddasi uchinchi qismi “d” bandi (mansab mavqeyini suiste'mol qilish yo‘li bilan o‘zlashtirish yoki rastrata);
  • 168-moddasi to‘rtinchi qismi “g” bandi (xizmat mavqeyidan foydalanib firibgarlik sodir etish);
  • 192-9-moddasi (tijoratda pora evaziga og‘dirib olish);
  • 192-10-moddasi (NNT yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish);
  • 192-11-moddasi ikkinchi qismining “v” bandi (NNT yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini g‘arazgo‘ylik niyatida suiste'mol qilish);
  • 205-moddasi ikkinchi qismining “v” bandi (g‘arazgo‘ylik niyatida sodir etilgan hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish);
  • 206-moddasi ikkinchi qismining “v” bandi (g‘arazgo‘ylik niyatida sodir etilgan hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish);
  • 208-moddasining ikkinchi qismi (g‘arazgo‘ylik niyatida sodir etilgan hokimiyat harakatsizligi);
  • 209-moddasi ikkinchi qismining “v” bandi (g‘arazgo‘ylik niyatida sodir etilgan mansab soxtakorligi);
  • 210-moddasi (pora olish);
  • 211-moddasi (pora berish);
  • 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish);
  • 213-moddasi (davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish);
  • 214-moddasi (davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi);
  • 301-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi (og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan holda hokimiyatni suiste'mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi);
  • 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), agar jinoyat korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etish natijasida olingan daromadlarga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa.

Qonun loyihasida mazkur ro‘yxatdan o‘rin olgan jinoyatlarni sodir etganlarning muddatidan ilgari ozodlikka chiqarilmasligi, ularga tayinlangan jazo yengilrog‘i bilan almashtirilmasligi nazarda tutilgan.

Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilib, deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Hilola Mirjavharova,

Sanot xavfsizligi davlat qo‘mitasining

korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisi