“Respublikada radiasiya va yadro xavfsizligini ta'minlash: amalga oshirilayotgan ishlar, rejalar, xalqaro hamkorlik” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi
14.12.2021 | scis.uz

“Respublikada radiasiya va yadro xavfsizligini ta'minlash: amalga oshirilayotgan ishlar, rejalar, xalqaro hamkorlik” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi

 

14 dekabr' kuni Qo‘mita tomonidan Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida “Respublikada radiasiya va yadro xavfsizligini ta'minlash: amalga oshirilayotgan ishlar, rejalar, xalqaro hamkorlik” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda rais  o‘rinbosari - Radiasiya va yadro xavfsizligi departamenti boshlig‘i Ibrohim Tashkentbaev, departament boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sardorbek Yakubekov, departament boshlig‘ining o‘rinbosari Aybek Muxamedjanov, departamen mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Departament boshlig‘i respublikada atom energetikasi va yadro texnologiyalari ob'ektlarida radiasiya va yadro xavfsizligini ta'minlash, shuningdek, xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarida sanoat xavfsizligi sohalarida yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha ishni muvofiqlashtirish va nazoratni amalga oshirish Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining asosiy vazifalaridan va faoliyat yo‘nalishlaridan biri etib belgilangani, Departamentning asosiy vazifalari va  ushbu vazifalarni bajarish bo‘yicha 2021 yilda bir qator ishlar amalga oshirilgani to‘g‘risida yig‘ilganlarga ma'lumot berdi.

Jumladan, jami 32 ta tekshiruv va 189 ta nazorat-profilaktika ishlari o‘tkazildi va natijalarida 1920 ta kamchilik aniqlandi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar rejalari tuzildi va ular bajarilishi ustidan monitoring olib borilib, barcha kamchiliklar bartaraf etilishi ta'minlandi. Nazoratosti ob'ektlarida tekshiruvlar doirasida radiasiya va yadro xavfsizligi talablarini buzganligi uchun 41 ta xodim ma'muriy javobgarlikka tortildi, respublika byudjetiga 21 mln so‘m miqdorda jarima undirildi.

Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan ishlash sohasida Qo‘mitaga tushgan arizalar asosida faoliyat yuritish huquqini beruvchi 26 ta lisenziya va 142 ta ruxsatnoma rasmiylashtirildi.

Radioaktiv chiqindilarni aholiga va atrof muhitga zararli ta'sirini bartaraf qilish, hamda ularning o‘z vaqtida ko‘milishini ta'minlash maqsadida o‘rnatilgan tartibda ishlatilmayotgan radioaktiv ifloslangan elementlarning respublika radioaktiv chiqindilarni ko‘mish punktida ko‘milishi ta'minlandi.

Sovet Ittifoqi davrida uran konlari faoliyati natijasida to‘planib qolgan radioaktiv chiqindilari masalasi ham muhimdir. Bu muammo nafaqat O‘zbekistonda, O‘rta Osiyoning boshqa davlatlarida ham mavjud. Jami 418 mln.tonna shunday radioaktiv chiqindilaridan Qozog‘istonda – 240 mln.tonna, Qirg‘izistonda – 132 mln.tonna, Tojikistonda – 42 mln.tonna, O‘zbekistonda esa – 4 mln.tonna chiqindi mavjud.

Ushbu chiqindilar joylashgan hududlarni ekologik sog‘lomlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadida Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki, Yevropa Ittifoqi va bir qator davlatlarning sponsorlik yordamida 2 mln yevro miqdorida birinchi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Tadbirda bugunda Qo‘mita oldidagi vazifalarning nechog‘li mas'uliyatli ekanini e'tiborga olib, kadrlarning kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirishni kun tartibidagi asosiy masala ekani ta'kidlab o‘tildi.

Ayni vaqtda O‘zbekistonlik 3 nafar talaba Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi yordamida Moskva shahridagi «MMFI» milliy tadqiqot yadro universitetida o‘qimoqda, keyinchalik ular o‘z faoliyatini Departamentda amalga oshirishi ko‘zlangan.

Atom energiyasidan foydalanish sohasi, radiasiya va yadro xavfsizligini ta'minlash transchegaraviy masalalarni ham o‘z ichiga oladi. Bu masalalarni hal etish uchun davlatlararo, hukumatlararo  muloqotlar muhim o‘rin tutadi. Shuni e'tiborga holda sohada ilg‘or xorijiy mamlakatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish  alohida ahamiyat kasb etadi.

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) tomonidan hamda ushbu tashkilot bilan o‘zaro hamkorlik doirasida tashkil etilayotgan, shu jumladan milliy miqyosdagi  turli o‘quv va ishchi tadbirlarda aloqador vazirliklar va idoralar vakillari qatorida departament xodimlari ham ishtirok etib, yadroviy energetika sohasi bo‘yicha bilim va malakalarini oshirib kelmoqda. Hozirgi vaqtda koronavirus pandemiyasi sababli ko‘pgina tadbirlar on-layn tarzda bo‘lib o‘tmoqda. O‘tgan davr mobaynida 181 ta tadbir, shu jumladan malaka oshirish, o‘qish, trening, mavzu uchrashuvlar va boshqa tadbirlar tashkil etildi. Shulardan 145 ta on-layn rejimda o‘tkazilgan tadbirda 200 nafarga yaqin, chet el davlatlarda o‘tkazilgan 36 tadbirda  85 nafar O‘zbekistonlik mutaxassis ishtirok etdi.

Xalqaro hamkorlik doirasida AES larga bilim va tajriba olish uchun yuborish, xalqaro inspeksiyalarda respublika vakillari ishtirokiga erishish va tartibga solish organi faoliyati bilan tanishish va xalqaro tajribani qo‘mita faoliyatiga  tadbiq etish ham rejalashtirilgan.

 

Qo‘mita Hukumat qarorlari bilan O‘zbekiston Respublikasi va MAGATE o‘rtasidagi Yadroviy qurolni tarqatmaslik to‘g‘risidagi Bitim hamda Qo‘shimcha protokol, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Atom energiyasi bo‘yicha Yevropa Hamjamiyati (Evratom) o‘rtasida atom energiyasidan tinchlik yo‘lida foydalanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida Bitim bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini ta'minlash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilangan. Qo‘mita ana shu Bitimlar doirasida o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish yuzasidan MAGATE va Yevratomga ma'lumotlar taqdim etmoqda.

Shu o‘rinda mamlakatimizning Ishlatib bo‘lingan yoqilg‘i bilan xavfsiz muomalada bo‘lish xavfsizligi to‘g‘risidagi va radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lish xavfsizligi haqidagi Birlashgan Konvensiya doirasidagi majburiyatlari to‘g‘risida ham aytish joiz. Mazkur Konvensiyaga O‘zbekiston 2008 yilda qo‘shilgan. Birlashgan Konvensiya - bu jahon miqyosida ishlatib bo‘lingan yoqilg‘i va radioaktiv chiqindilar bilan xavfsiz muomalada bo‘lishga qaratilgan yagona qonuniy yuridik majburiy xalqaro huquqiy hujjat hisoblanadi. Hozirgi kunda MAGATEga a'zo 173 davlatning 86 tasi ushbu Birlashgan Konvensiya Kelishuv tomonlari hisoblanadi. Konvensiyaning 32-moddasiga asosan 2018 yilda MAGATEning 6chi Birlashgan Konvensiya Kelishuv tomonlari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi o‘ziga olgan majburiyat va amalga oshirilgan ishlari yuzasidan birinchi Milliy Hisoboti tinglangan. O‘zbekiston tomonidan 2017-2020 yillar uchun bo‘lgan davrda amalga oshirilgan va bajarilgan ishlar yuzasidan 2020 yil oktyabrda O‘zbekiston Respublikasining ikkinchi Milliy Hisoboti tayyorlandi va MAGATEga taqdim etildi.

MAGATE bilan hamkorlik doirasida respublikaga tashkiliy, moliyaviy, va texnikaviy yordam ko‘rsatib kelinmoqda. MAGATE bilan hamkorlik davrida (27 yil) jami 22,6 mln yevro miqdorida yordam ko‘rsatilgan bo‘lib, mazkur hamkorlik doirasida tegishli qurilmalar va asbob uskunalar olib kelindi va ishga tushirildi.

Xususan, 2019-2021 yillarda yadroviy tibbiyotni hamda saraton kasalligiga qarshi kurashishni rivojlantirish maqsadida 3 ta radioterapiya apparati olib kelindi, Yadro fizikasi institutining ilmiy-tadqiqot yadroviy reaktori modernizasiyasi hisobiga xavfsizligi oshirildi, yadroviy bilimlarni rivojlantirish maqsadida Samarqand davlat va O‘zbekiston Milliy universitetlarida yadro fizikasi laboratoriyalari zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta'minlandi. 2022-2023 yillarda 1 mln. yevro miqdorida 4 ta loyiha (mazkur loyihalar natijasida atom energiyasidan foydalanish sohasida milliy salohiyatni oshirish, atom energiyasidan xavfsiz foydalanishni tartibga solish infratuzilmasini mustahkamlash, saraton kasalligi bilan kurashish bo‘yicha mavjud salohiyatni kuchaytirish va putur yetkazmaydigan nazorat tizimini rivojlantirish) amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.  

Matbuot anjumani davomida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.