Kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy materiallar ta'siri xavfini kamaytirish bo‘yicha "ARZ 2021" mashg‘ulotlari o‘tkazildi
17.12.2021 | scis.uz

Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Kimyoviy, biologik, radiasiyaviy va yadroviy materiallar ta'siri xavfini kamaytirish bo‘yicha ilg‘or tajriba markazlarining Mintaqaviy kotibiyati rahbari Baxtiyor Gulyamov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegasiyasi Livanning Bayrut shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida "ARZ 2021" deb nomlangan kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy materiallar ta'siri xavfini kamaytirish bo‘yicha mashg‘ulotlarda ishtirok etdi.

O‘zbekiston delegasiyasining mashg‘ulotlardagi ishtirokidan maqsad huquqni muhofaza qilish organlarining Kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy tahdidlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha birgalikdagi harakatlari bilan tanishish va tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.

Ta'kidlash joizki, Markaziy Osiyo uchun kimyoviy, biologik, radiasiyaviy va yadroviy materiallar ta'siri xavfini kamaytirish bo‘yicha ilg‘or tajriba markazlarining Mintaqaviy kotibiyati Respublika hukumati qaroriga muvofiq 2015 yilda Toshkent shahrida tashkil etilgan.

Shu kabi kotibiyatlar Gruziya (janubi-Sharqiy Yevropa va Kavkaz hududlari uchun), Filippin (Janubi-Sharqiy Osiyo), Marokash (Afrika-Atlantika mintaqasi), Iordaniya (yaqin Sharq), Keniya (Markaziy va Sharqiy Afrika), Abu-Dabi (Fors ko‘rfazi davlatlari) va Jazoir (Shimoliy Afrika) mamlakatlarida faoliyat ko‘rsatadi.

Yevropa Ittifoqining Kimyoviy, biologik, radiasiyaviy va yadroviy materiallar ta'siri xavfini kamaytirish bo‘yicha ilg‘or tajriba markazlari tashabbusi Yevropa komissiyasi tomonidan moliyalashtiriladi va Yevropa komissiyasining Qo‘shma tadqiqot markazi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Ushbu tashabbusni keyinchalik amalga oshirishda Yevropa tashqi aloqalar xizmati ham ishtirok etmoqda. Ushbu tashabbus tegishli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar va boshqa manfaatdor tomonlarning texnik ko‘magida milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosda muvofiqlashtirilgan va samarali hamkorlik orqali ishlab chiqildi. Tashabbus dunyoning sakkiz mintaqasidagi 62 mamlakatni o‘z ichiga oladi.

Mashqlar davomida:

terroristik xarakterdagi kimyoviy va biologik tahdidlarning oldini olish bo‘yicha brifing tashkil etildi;

Livan huquqni muhofaza qilish organlari bo‘linmalarining vazifalarni bajarishdagi harakatlarini muvofiqlashtirish uchun mo‘ljallangan qo‘shma tezkor shtab ishini tashkil etish bo‘yicha nazariy mashg‘ulotlar o‘tkazildi;

Livan tegishli bo‘linmalarining kuchli ta'sir qiluvchi zaharli moddalar ishlab chiqarish uchun xom ashyoni aniqlash; yashirin laboratoriyani bartaraf qilish, odamlar ommaviy to‘plangan ob'ektda jinoyatchilarni ushlab va kimyoviy zaharli moddasi bo‘lgan portlovchi qurilmani zararsizlantirish, shuningdek odamlarni evakuasiya qilish va jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha  amaliy harakatlari bajarildi;

natijalar sarhisob qilindi va Livan huquq-tartibot bo‘linmalarining o‘zaro hamkorligini yanada yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Mashqlar yaqin Sharq uchun Yevropa Ittifoqi Kimyoviy, biologik, radiasiyaviy va yadroviy materiallar ta'siri xavfini kamaytirish bo‘yicha ilg‘or tajriba markazlari tashabbusining mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi va Livandagi milliy muvofiqlashtiruvchisi rahbarligida BMTning Jinoyatchilik va odil sud masalalari bo‘yicha mintaqaviy ilimy-tadqiqot instituti ko‘magida, Xalqaro ilmiy-texnik markaz, «Fondazione SAFE» Assosiasiyasi hamda YeIning joylardagi yordam ko‘rsatish bo‘yicha ekspertlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.