Radioaktiv chiqindilar muammosi MDHga a'zo davlatlar asosiy tashkilotlari maslahat organi yig‘ilishining asosiy mavzusi bo‘ldi
20.12.2021 | scis.uz

Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida “Ishlatib bo‘lingan yadroviy yoqilg‘i, radioaktiv chiqindilar, yadroviy va radiasiyaviy inshootlarni ekspluatasiyadan chiqarish masalalari” mavzusida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH)ga a'zo davlatlar asosiy tashkilotlari maslahat organining yig‘ilishi o‘tkazildi.

Maslahat organi yig‘ilishida Rossiya Federatsiyasi, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston vakillari, xususan, Qo‘mitaning Radiasiya va yadro xavfsizligi departamenti yadro qurilmalari xavfsizligini baholash boshqarmasi boshlig‘i  Jalil Yusupov va ishlatib bo‘lingan yoqilg‘i va radioaktiv chiqindilar bilan xavfsiz muomalada bo‘lishni nazorat qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Otabek Eshmurodov ishtirok etdi.

Maslahat organ yig‘ilishida  yadro energetika dasturlarini ko‘rib chiqayotgan, ishlab chiqayotgan yoki boshlayotgan mamlakatlar ishtirokchilari o‘rtasida ishlatib bo‘lingan yadro yoqilg‘isi, radioaktiv chiqindilar va yadroviy va radiasiyaviy xavfli inshootlarni ekspluatasiyadan chiqarishni xavfsiz va barqaror boshqarish strategiyalari ko‘rib chiqildi hamda xavfsizlik talablarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda soha yetakchi ekspertlarining ma'ruzalari va taqdimotlari tinglandi.

MDHga a'zo davlatlar Asosiy tashkilotining ishlatilgan yadro yoqilg‘isi, radioaktiv chiqindilar va radiasiyaviy xavfli inshootlarni ekspluatasiya qilish elementlarini boshqarish bo‘yicha istiqbolli ish rejalari ko‘rib chiqildi.

Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlar vakillari tadbir mavzusi doirasida o‘z mamlakatlarida amalga oshirilgan ishlar, rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma'lumot berdilar.

Mazkur maslahat organ yig‘ilishidan olingan ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasi energetika dasturlarini ko‘rib chiqishda, yadro yoqilg‘i aylanish va u bilan bog‘liq radioaktiv chiqindilarni xavfsiz va barqaror boshqarish strategiyalarini ishlab chiqish, ishlatib bo‘lingan yadro yoqilg‘isi va radioaktiv chiqindilar bilan bog‘liq muammolar va ularni yoritish hamda ishlatilib bo‘lingan yadro yoqilg‘isi va radioaktiv chiqindilarni xavfsiz boshqaruvi bo‘yicha milliy strategiyalarni ishlab chiqishda qo‘yiladigan asosiy xavfsizlik talablarini takomillashtirishda muhim o‘rin tutadi.