Bosim ostida ishlaydigan gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishi baxtsiz hodisalarni oldini olishning asosiy sharti
10.01.2022 | scis.uz

 

10 yanvar kuni  O‘zbekiston Respublikasi Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida “Gaz ballonlaridan noto‘g‘ri foydalanish, ularni o‘zboshimchalik bilan o‘rnatish oqibatlari, sohada tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar, davlat nazorati va vakolatlari masalalari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi hamda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan mutasaddi rahbarlar jurnalistlarga mavzu yuzasidan ma'lumot berdilar.

Xususan, Sanoat xavfsizligi qo‘mitasining Bug‘ qozonlari, ko‘tarish inshootlari va putur yetkazmaydigan nazoratda sanoat xavfsizligi inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Usmonov hozirgi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan qurilgan 1200 dan ortiq avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) va 800 dan ortiq avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchalari (AGQSh)  faoliyat ko‘rsatayotganini, shu bilan birga gaz ballonlarini ishlab chiqaruvchi bir nechta  tashkilot mavjudligini ma'lum qildi.

Qo‘mita tomonidan gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish vakolatini beruvchi 150 ta korxona va tashkilotlarga belgilangan tartibda ruxsatnoma berilgan.

2022 yilga qadar 1 mln 570 mingdan ortiq avtotransport vositalarida 2,5 mln dan ortiq metan gaz va 200 000 dan ortiq avtotransport vositalarida suyultirilgan gaz yoqilg‘isida ishlashga moslashtirilgan gaz ballonlari o‘rnatilgan.

Biroq bugungi kunda yurtimizda ba'zi yuridik va jismoniy shaxslarlar tomonidan sinovdan o‘tkazilmagan gaz ballonlaridan foydalanish holatlari aniqlanmoqda.

Ba'zi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari tomonidan gaz ballon bilan jihozlangan avtomobillarga me'yoridan ortiq gaz to‘ldirish kabi qonunbuzarlik holatlari qayd qilinmoqda.

Buning oqibatida 2021 yil mobaynida avtomobillarga o‘rnatilgan ballonlarning portlashi bilan bog‘liq umumiy 16 ta favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan. Buning oqibatida 14 ta fuqaro vafot etgan va 10 ta fuqaro og‘ir tan jarohatlari olgan, 23 ta avtotransport vositalariga ziyon yetgan.

Tahlillarga ko‘ra avtomobil ballonlarining portlashiga quydagilar sabab bo‘lmoqda:

-muomaladan chiqarilgan sifatsiz (metallokompozit) ballonlaridan foydalanish;

-ballonlarni ishlab chiqarish jarayonida texnologik kamchiliklar;

-avtomobillarga ballonlarni o‘rnatish va sinov ishlarining sifatsizligi;

-avtomobillarga siqilgan gaz quyishda ruxsat etilganidan ortiqcha bosimda gaz quyilishidir.

Aytilgan barcha jarayonlarda inson omili ishtiroki oqibatida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va xozirgi holatda bu jarayonlarni doimiy nazorat qilish imkoniyati mavjud emasligi muammoni chuqurlashtirmoqda.

 

Anjuman davomida respublika idoralari vakillari jurnalistlarning savollariga javob berdilar.