«O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil» esdalik nishoni tantanali topshirildi
28.01.2022 | scis.uz

2022 yil 14 yanvarda Vatanimiz ozodligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayoti, sarhadlarimiz daxlsizligining mustahkam kafolati bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganiga 30 yil to‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 30 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning mudofaa qudratini yuksaltirish, jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni, millatlararo totuvlikni asrash, yoshlarimizni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi samarali faoliyati uchun Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari, faxriylari va ishchi xizmatchilarini munosib taqdirlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 1 dekabrdagi PF-28-son Farmoni bilan «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil» esdalik nishoni ta'sis etildi.

Ushbu farmonda Mustaqillik yillarida, xususan, so‘nggi besh yilda Qurolli Kuchlarimizni modernizasiya qilish, uning harbiy-texnik va jangovar salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilarning jismoniy va ma'naviy tayyorgarligini oshirish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni vatanparvar, mard va jasur etib voyaga yetkazish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilayotgani alohida ta'kidlangan.

Esdalik nishoni yuqori professional mahorati, harbiy-vatanparvarlik burchiga sadoqatini namoyon etgan harbiy xizmatchilar bilan bir qatorda  mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgan shaxslarga O‘zbekiston Prezidenti – Qurolli Kuchlar oliy bosh qo‘mondoni nomidan kuch ishlatuvchi tuzilmalar vazirlik va idoralarining  vakillari  tomonidan tantanali vaziyatda topshirilmoqda.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida ham «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil» esdalik nishonini  tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu yuqori mukofotga Qo‘mita rahbari Baxtiyor Gulyamov, shuningdek qo‘mita xodimlari  Olimjon Djuraev, Asliddin Nurullaev hamda Sardor Sayfutdinov  sazovor bo‘ldilar.