Yadroviy bilimlarni boshqarish maktabining navbatdagi mashg‘ulotlari o‘tkazildi
23.08.2022 | scis.uz

Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridagi “Rosatom” texnik akademiyasida Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorlikda “MAGATE yadroviy bilimlarni boshqarish maktabi” mavzusi xalqaro o‘quv kurslari o‘tkazildi.

Xalqaro o‘quv kurslarining asosiy maqsadi yadroviy dasturlarga jalb qilingan tashkilotlarda bilimlarni boshqarish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda yosh mutaxassislarga ixtisoslashtirilgan ta'lim va kasbiy tayyorgarlikni taqdim etishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, yadroviy bilimlarni boshqarishning turli jihatlarini, shu jumladan inson resurslari, iste'dod va axborotni boshqarish biznesni boshqarishning muhim vositasi sifatida ko‘rib chiqish, ishtirokchilarni turli bilimlarni boshqarish metodologiyalar va amaliyotlariga o‘rgatish bo‘yicha savollar ham o‘quv kursi davomida muhokama qilingan savollar orasidan o‘z o‘rnini topdi.

Tadbirda xorijiy hamkasblari bilan bir qatorda Qo‘mitaning Radiasiya va yadro xavfsizligi departamenti AESning radiasiya va yadro xavfsizligi ta'minlanishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Qahramon Axmedxodjaev hamda Yadroviy va radioaktiv materiallarni jismoniy himoya qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Ahror Ortiqovlar ham ishtirok etdilar.

O‘quv kursi davomida ekspertlarning yadroviy bilimlarni boshqarishda kompleks yondashuv, yadroviy bilimlarni boshqarish vositalari va usullari, yadroviy bilimlarni boshqarish biznesni boshqarish vositasi sifatida kabi mavzulardagi ma'ruza va taqdimotlari havola etildi.

Shuningdek, guruhlarga bo‘lingan holda mavzularga oid muhokamalar o‘tkazildi.

O‘quv kursi yakunida ishtirokchilar  yakuniy test topshirdilar hamda sertifikatlar oldilar.

Tadbirda olingan bilim va ko‘nikmalar  va xalqaro tajriba mutaxassislarning malaka salohiyatini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.