“Komplaens-nazorat” tizimi korrupsiyaga qarshi kurashning samarali vositasi
04.02.2022 | scis.uz

So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta'minlash, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Prezidentning 2021 yil 6 iyuldagi PQ-5177-son “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu esa davlatda korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan davlat organlarida ushbu illatga barham berishga xizmat qiladi.

Korrupsiyaga qarshi ichki «komplaens-nazorat» tizimi avvalo, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar xodimlarining nafaqat korrupsiyaviy xatti-harakatlarni sodir etishining oldini olishga, faoliyatining normativ hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lishini ta'minlashga, balki ularning manfaatlariga, turli tahdidlar va javobgarliklardan himoya qiladi.

Kuni kecha Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida qo‘mita raisi Baxtiyor Gulyamov raisligida  o‘tkazilgan yig‘ilish ham ayni shu mavzuga bag‘ishlandi. Qo‘mita rahbari yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga, poraxo‘rlik va ta'magirlikka qarshi kurashish samaradorligi va natijadorligini oshirish tadbirlari, bu borada qo‘mita tizimida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Bugungi kunda respublikamiz Hukumati tomonidan ushbu muhim masalaga alohida e'tibor qaratilayotganini e'tiborga olgan holda qo‘mita hamda uning tarkibiy tuzilmalarida korrupsiyaga qarshi kurashishda samaradorlikni oshirish yuzasidan mas'ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.