Korrupsiyaga qarshi kurashish - barchamizning burchimiz
07.02.2022 | scis.uz

Jamiyatda shunday illatlar borki, u ma'lum bir sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiladi. Davlatni ich-ichidan yemiradigan ana shunday illat – korrupsiya va poraxo‘rlikdir.

Taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan O‘zbekiston uchun korrupsiyaning har qanday shakldagi ko‘rinishi islohotlar shiddatini susaytirishi bilan xavfli. Bu o‘rinda ayniqsa korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, ushbu illatning yuzaga kelishiga olib keluvchi omillarga barham berish, bunda davlat xizmatchilarining mas'uliyatini kuchaytirish alohida ahamiyat kasb etadi.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida qo‘mitaning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan tashkil etilgan on-layn seminar ana shu dolzarb muammoga bag‘ishlandi. Tadbirda qo‘mita mas'ullari – boshqarma va inspeksiyalar, hududiy boshqarmalar rahbarlari va mutaxassislar ishtirok etdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida respublika, xususan qo‘mita miqyosida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Komplaens nazorat tomonidan qo‘mitada korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi doirasida asosiy ichki idoraviy hujjatlar qayta ko‘rib chiqildi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha jami 10 ta ichki idoraviy hujjat ishlab chiqildi va qo‘mita raisi tomonidan tasdiqlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini muvofiqlashtirish va takomillashtirish maqsadida ijtimoiy tadbirlar, seminarlar va so‘rovlar o‘tkazilmoqda.

Shu bilan birga ushbu tadbirlarga hududiy boshqarmalar xodimlarini jalb qilish yetarlicha emasligi ta'kidlandi.

On-layn seminar davomida mavzuga oid qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyatini o‘rganish, ularning talablariga rioya qilish muhimligi, bunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan zaruriy amaliy ko‘mak ko‘rsatilishi qayd etildi.