Kimyoviy, biologik, radiologik va yadro xavflarini minimallashtirish bo‘yicha Yevropa Ittifoqining Ilg‘or tajriba markazlari tashabbusi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, YeI Birlashgan tadqiqot markazi hamda BMTning Jinoyatchilik va odil sud masalalari bo‘yicha mintaqaviy ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda KBRYa xavflarni minimallashtirish bo‘yicha O‘zbekistonning milliy harakatlar rejasini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan on-layn seminar o‘tkazdi.
Tadbirda yuqorida ko‘rsatilgan tashabbusning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy muvofiqlashtiruvchisi, Birlashgan tadqiqot markazi va ilmiy-tadqiqot markazi ekspertlari, milliy harakatlar rejasini amalga oshirishda ishtirok etayogan vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda so‘zga chiqqan Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi raisi - Kimyoviy, biologik, radiologik va yadro xavflarini minimallashtirish bo‘yicha Yevropa ittifoqining Ilg‘or tajriba markazi mintaqaviy kotibiyati rahbari Baxtiyor Gulyamov 2018-2021 yillarda milliy harakatlar rejasini amalga oshirish doirasida erishilgan natijalar to‘g‘risida gapirib, KBRYa xavfsizlikni hamda xalqaro majburiyatlar bajarilishini ta'minlashda mazkur rejaning ahamiyatini ta'kidladi. KBRYa xavflar bo‘yicha O‘zbekiston milliy guruhi bu borada erishilgan natijalar va yutuqlar bilan bo‘lishdi. Seminarda kimyoviy va biologik, radiologik va yadroviy xavflarni kamaytirish bilan bog‘liq bo‘limlar ko‘rib chiqildi. Xalqaro ekspertlar barcha to‘rt yo‘nalishda ehtiyojlarni aniqlash va ustuvorliklarni belgilash metodologiyasi bo‘yicha batafsil amaliy trening o‘tkazdilar.
Umuman olganda seminar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otib, 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan yangi harakatlar rejasini ishlab chiqishda foydali bo‘ladigan qator takliflarni ilgari surdi. Yangi reja yadroviy, kimyoviy va biologik qurolni noqonuniy tashish va tarqatishning oldini olish, kimyoviy, biologik, radiasiyaviy va yadroviy xavfsizlik sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, vakolatli davlat organlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlarni o‘qitish va qayta tayyorlashni tashkil etish, KBRYa xavfsizlik sohasida xalqaro va mintaqaviy hamkorlik hamda faol tajriba almashishni kuchaytirish kabi qator muhim masalalarga yo‘naltirilishi kutilmoqda.