O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismi tashkil etilganiga 30 yil to‘ldi
18.02.2022 | scis.uz

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 3 fevraldagi 27-f-son farmoyishiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat qo‘mitasi (Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi) tarkibida ixtisoslashtirilgan tashkilot sifatida Harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismi (HKQQ)  tashkil qilingan.

Harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismi 1993 yil 3 martdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 122-son qarori bilan tasdiqlangan “Harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismi to‘g‘risidagi Nizom”ga, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 4 dekabrdagi 332-son qarori bilan tasdiqlangan “HKQQ to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq o‘z faoliyatini yuritib kelmoqda.

HKQQ mamlakatimiz iqtisodiyotining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan sanoat va boshqa sohalarning xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarida kon-qutqaruv ishlarini olib bormoqda. Jumladan, “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “O‘zbekko‘mir” AJ, “Sharg‘unko‘mir” AJ, “Dehqonobod KZ” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ korxonalarining xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyalar haqida ogohlantirish, avariyalarda qolgan odamlarni qutqarish, avariyalarning kengayib ketishini oldini olish va bartaraf etish, yer osti kon laximlaridagi havo tarkibining tahlili va korxonalarning avariyalarni bartaraf etishga tayyorgarligi bo‘yicha profilaktik tadbirlar, konchilar hayoti xafsizligini ta'minlashga va tabiiy boyliklarimizning nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan kon-qutqaruv ishlarini olib bormoqda.

HKQQning 30 yillik faoliyati davomida kon-qutqaruv ishlarini samarali olib borilishi natijasida ko‘plab odamlar hayotini saqlab qolishga, avariyalar kengayib ketib tabiiy boyliklarimizga zarar yetishini oldini olishga muvaffaq bo‘lindi. O‘tgan davr mobaynida HKQQ qutqaruvchilarining bilim mahoratlari doimiy oshirib borildi, kon-qutqaruv texnika va jihozlari qisman yangilandi, jumladan qutqaruvchilarni avariya joyiga eltuvchi tezkor avtotransport vositalari, gazli muhitlarda qutqaruvchilarning nafas  yo‘llarini himoya etuvchi apparatlar, jabrlanuvchilarga birinchi yordam berish apparatlari va jihozlari, kon laximlaridagi havo tarkibini tahlil qiluvchi uskunalar va boshqa jihozlar modernizasiya qilib kelinmoqda.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan inson qadri va  mehnatini qadrlash, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish yo‘lidagi islohotlarda HKQQ xizmatchilari faoliyatini alohida ta'kidlash joiz.

Qutqaruvchilar xavfli muhit va sharoitlarda mardona harakatlari, bilim va ko‘nikmalari bilan konchilar hayoti, tabiiy boyliklar zaxiralarini saqlab qolishga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.

2021  yilning o‘zida Harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismi bo‘linmalari xizmat ko‘rsatilayotgan korxonalar hududida sodir bo‘lgan 14 ta favqulodda hodisa, shu jumladan 5 ta avariya oqibatlarini bartaraf qilishga jalb qilingan.

Avariyalar va baxtsiz hodisalar oqibatida jarohatlangan 11 kishidan 8 kishining  hayoti saqlab qolingan.

Harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismi tashkil topganining 30 yilligi munosabati bilan bo‘linma  bir guruh xodimlarining mehnat faoliyatini yuqori baholab,  qo‘mita raisi Baxtiyor Gulyamov tomonidan harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismi rahbari Murodjon Abdibaevga faxriy yorliqlar topshirildi