O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev: "Ayol qadri ulug‘langan yurtda tinchlik va farovonlik barqaror bo‘ladi"
09.03.2022 | scis.uz

Xalqimiz azal-azaldan Ona siymosini, Ayol zotini Yaratganning ulug‘ ne'mati, tengsiz mo‘'jizasi, deb biladi, uni hamisha ardoqlab-asrab yashaydi. Yurtimiz zaminidagi “Bibixonim”, “Qizbibi”, “Modarixon”, “Qirqqiz” majmuasi kabi tabarruk me'moriy obidalar ham ana shunday azaliy yuksak e'tibordan dalolat beradi.

Ayni paytda biz insoniyat taraqqiyotiga unutilmas va beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizni dunyoga keltirib, mehr bilan tarbiyalagan, ularni ulug‘vor ishlarga ruhlantirib, kamarbasta bo‘lgan fozila ayollarimiz bilan albatta faxrlanamiz.

Ma'lumki, har qanday jamiyat va davlatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati va g‘amxo‘rligi bilan belgilanadi» - dedi Xalqaro kongress markazida 8 mart Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

Darhaqiqat, ayollarga yuksak ehtirom ko‘rsatish, ularning mehnatini munosib taqdirlash, jamiyat hayotining turli jabhalariga faol jalb qilish bugungi kunda mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Bu respublikamiz Prezidentining bayram munosabati bilan O‘zbekiston xotin-qizlariga tabriklarida bir necha bor ta'kidlandi.

Tantanalarga Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasidan ham vakila taklif etildi. Bu ham bo‘lsa davlatimiz rahbarining turli davlat idoralarida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ayollarga bo‘lgan ishonch va hurmatning dalilidir.

Shuning barobarida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida ham ushbu kunga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi. Qo‘mita raisi Baxtiyor Gulyamov tizimda mehnat qilayotgan barcha xotin-qizlarni 8 mart bilan samimiy tabriklab, ularga hurmat-ehtiromini bildirdi. Bayram tadbirida so‘zga chiqqanlar ayollarning nafaqat davlat va jamiyat miqyosida, balki jamiyatning kichik bo‘lagi – oiladagi beqiyos o‘rinlarini e'tirof etdilar.

Tadbir yakunida qo‘mita ayollariga gullar va esdalik sovg‘alari topshirildi.