Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi hay'atining “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar sabablari tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilishi o‘tkazildi
30.03.2022 | scis.uz

“Olmaliq KMK” AJning tarkibiy tuzilmalari rahbar va mas'ul xodimlari tomonidan sanoat xavfsizligi, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi talablariga to‘liq rioya etilmaganligi oqibatida 2021 yil davomida jami 17 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi hay'atining navbatdagi yig‘ilishi aynan shu mavzuga – baxtsiz hodisalar sabablari tahlili, ularni oldini olish bilan bog‘liq choralar muhokamasiga bag‘ishlandi.

Yig‘ilishda Hay'at a'zolari, qo‘mitaning boshqarma, bo‘lim, tarmoq inspeksiyalari rahbarlari, «Olmaliq KMK» AJ Kon-texnika inspeksiyasi mas'ullari ishtirok etdi.

Hay'at yig‘ilishida “Olmaliq KMK” AJ Angren kon boshqarmasi direktori v.b. Sulton Azizov, Olmaliq KMK” AJ Qalmoqir kon boshqarmasi direktori Muxamadamin Isakovning kun tartibidagi masala yuzasidan axborotlari tinglandi.

Ma'ruzachilar va so‘zga chiqqanlarning taklif va mulohazalarini e'tiborga olib, Hay'at tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish va baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish, qonun hujjatlari, xavfsizlik talablari so‘zsiz bajarilishi yuzasidan qaror qabul qilindi. Xavfsizlik talablari buzilganligi va ishchilarning mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi qoidalari hamda normalariga rioya etishlari yuzasidan  nazoratni susaytirganliklari uchun “Olmalik KMK” AJ bir qator xodimlari ma'muriy javobgarlikka tortildi.