Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida qo‘mita raisining o‘rinbosari - Radiasiya va yadro xavfsizligi departamenti boshlig‘i Ibrohim Tashkentbaevning Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) ekspertlari X.Li, A.Aszodi va N.Xarmanlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda kuni kecha “O‘zatom” agentligida MAGATE tomonidan AES qurilish maydonchasining xavfsizligini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan milliy seminar yakunlari muhokama qilindi. MAGATE ekspertlari AES quriladigan maydonchaning xavfsizligini baholash bo‘yicha yaqin hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Aytish joizki, AES qurilish maydonchasining xavfsizligini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan milliy seminarda respublikaning bir qator vazirlik va idoralari vakillari, shu jumladan, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining Radiasiya va yadro xavfsizligi departamenti mutaxssislari ham ishtirok etdilar. Besh kun davom etgan milliy seminarda mamlakatimizning yadro energetikasi loyihasi va uning salohiyatini oshirish, yadroviy qurilmalarni maydonchaga joylashtirishning texnik jihatlarini baholash, yadroviy qurilma joylashadigan maydonchaning xavfsizlik tahlilini ko‘rib chiqishga tayyorgarlik ko‘rish, xavfsizlik tahlili hisobotining xulosasini jamoatchilikka taqdim qilish bo‘yicha bir qator amaliy va nazariy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.