Asosiy maqsad – baxtsiz hodisalar va avariyalarning oldini olish
24.08.2022 | scis.uz

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida sanoat ob'ektlari, ayniqsa tadbirkorlik sub'ektlarida ro‘y berayotgan baxtsiz hodisаlarning oldini olish muammolariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbirda Qo‘mita raisi Baxtiyor Gulyamov, boshqarma va inspeksiyalar rahbarlari, xodimlar ishtirok etdilar, hududiy boshqarmalar rahbarlari va xodimlari tadbirga Zoom orqali bog‘landilar.

Yig‘ilish avvalida qo‘mita rahbari yaqinda Sirdaryo viloyatida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa – Isuzu avtobusining gaz balloni natijasida 6 nafar insonning hayotdan bevaqt ko‘z yumishi, so‘nggi 9 oy ichida ayniqsa tadbirkorlik sub'ektlarida baxtsiz hodisalar soni ortishi to‘g‘risida gapirdi. 18 avgust kuni Sirdaryo viloyatida sodir bo‘lgan hodisani tekshirish va bundan keyin bunday hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi va qo‘mita zimmasiga ham tegishli topshiriqlar yuklandi. Gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazuvchi barcha tashkilotlarni tekshiruvdan o‘tkazish belgilandi. Shu bilan birga Baxtiyor Gulyamov Hukumat topshirig‘iga asosan issiqlik elektr stansiyalari holatini o‘rganish topshirilganini qayd etdi.

Yig‘ilishda mas'ul rahbarlar va hududiy boshqarmalar boshliqlariga ushbu topshiriqlarni tezkor bajarish yuzasidan zaruriy ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda shuningdek, yaqinlashib kelayotgan O‘zbekiston mustaqilligi bayrami arafasida hamda bayram kunlari sanoat ob'ektlari hamda aholi yig‘iladigan saylgohlarda tegishli xavfsizlik talablari bajarilishini nazoratga olishlari ko‘rsatib o‘tildi.