Xavfsizlikni tartibga solish sohasida bo‘lajak ekspertlar salohiyatini oshirish radiasiyaviy xavfsizlikni ta'minlashning muhim omili
08.04.2022 | scis.uz

Avstriyaning Vena shahridagi  MAGATE bosh qarorgohida Xavfsizlikni tartibga solish bo‘yicha keng qamrovli tahlil  xizmati (IRRS) missiyalari ishtirokchilari uchun xalqaro o‘quv kursi tashkil etildi.

Argentina, Benin, Braziliya, Bolgariya, Kamerun, Kanada, Chexiya Respublikasi, Daniya, Misr, Estoniya, Fransiya, Gruziya, Gresiya, Vengriya, Italiya, Litva, O‘zbekiston va yana qator mamlakatlardan xavfsizlikni tartibga soluvchi davlat organlari vakillari ishtirok etgan ushbu o‘quv tadbirining asosiy maqsadi  keng qamrovli tahlil xizmati missiyalarini o‘tkazish va xavfsizlik infratuzilmasini baholash jarayonlari, bu boradagi ilg‘or jahon tajribasi bilan tanishishdan iborat bo‘ldi.

O‘quv kursi ishtirokchilari xavfsizlikni tartibga solish sohasida tahlillar o‘tkazish bo‘yicha yirik xalqaro ekspertlarning ma'ruza va taqdimotlarini tingladilar. IRRS missiyalarini tashkil etish va o‘tkazish, uning bosqichlari, tegishli hujjatlarni tayyorlash va ko‘rib chiqish yuzasidan olingan ma'lumotlarni o‘zlashtirish, va tajriba almashish maqsadida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Ta'kidlash joizki, IRRS missiyasi MAGATEning ekspert baholash xizmatlaridan biri hisoblanadi. Mazkur missiyaning maqsadlari davlat, huquqiy va xavfsizlikni tartibga solish bazasini MAGATEning xavfsizlik standartlariga muvofiqligini baholash orqali milliy xavfsizlik infratuzilmasining samaradorligini oshirishdan iboratdir. Bu o‘z navbatida, MAGATEning takliflari va tavsiyalari asosida ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muammolasida, yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktini joylashtirishga ruxsatnoma berish, qurish, foydalanish va ularni foydalanishdan chiqarish jarayonlarida atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi davlat organlari tomonidan o‘z vazifa va funksiyalarini sifatli darajada amalga oshirishga ko‘mak beradi.

Mazkur xalqaro o‘quv kursida O‘zbekiston vakili – Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Radiasiya va yadro xavfsizligi departmamenti mutaxassisi Aziz Ashirmetovning ishtiroki  2024 yilda O‘zbekiston Respublikasida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan IRRS missiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va mazkur missiyani o‘tkazish uchun kerakli ma'lumot va tajribani qo‘llashda foydali bo‘lishi shubhasiz.