Avstriyaning Vena shahridagi MAGATE bosh qarorgohida “Yadroviy materialni jisman himoya qilish to‘g‘risidagi Konvensiyaga” o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha keng qamrovli tahlil va baholash jarayonlari bilan tanishish maqsadida 2022 yilgi Tomonlar konferensiyasi o‘tkazildi.
Yadroviy materialni jisman himoya qilish to‘g‘risidagi Konvensiya 1979 yilda Venada qabul qilingan hamda yigirma bir davlat tomonidan ratifikasiya qilinganidan so‘ng 1987 yilda kuchga kirgan. O‘zbekiston Respublikasi ushbu Konvensiyaga 1997 yilda qo‘shilgan. Hozirda 130 dan ortiq mamlakat a'zo bo‘lgan ushbu Konvensiyaning maqsadi butun dunyoda tinchlik maqsadlarda foydalanilayotgan yadroviy material va yadroviy qurilmalar jisman himoyasining samarali darajasini ta'minlash, butun dunyoda shunday material va qurilmalar bilan bog‘liq huquq buzilishlarini oldini olish va ularga qarshi kurashish, shuningdek, ushbu maqsadlarga erishish uchun a'zo mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikka ko‘maklashishdan iboratdir.
Ta'kidlash joizki, Yadroviy materialni jisman himoya qilish to‘g‘risidagi Konvensiyaga dunyoda yuzaga keladigan shunday material va qurilmalar bilan bog‘liq vaziyat talablaridan kelib chiqib, o‘zgartirish va tuzatishlar kiritish ko‘rib chiqiladi.
Konvensiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha Tomonlarning 2022 yilgi konferensiyasida dunyoning 77 mamlakatidan vakillar, shu jumladan O‘zbekistonlik mutaxassis – qo‘mitaning Radiasiya va yadro xavfsizligi departamenti xodimi Bahodir Fayzullaev ishtirok etdi.
Unda xalqaro ekspertlarning Yadroviy materialni jisman himoya qilish to‘g‘risidagi o‘quv kursi, uning maqsadi va jarayonlari, shuningdek missiyaga ekspertlarni tayyorlash, tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqishda MAGATE metodologiyalari bilan tanishtirish bo‘yicha milliy bayonotlar tinglandi. Bundan tashqari konferensiya qatnashchilari ekspertlar bilan birga Konvensiyaga o‘zgartirish va to‘ldirish kiritish masalalari yuzasidan muhokamada ishtirok etdilar.
Konvensiyaga o‘zgartirish kiritish muvofiqligi va uni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha tematik uchrashuv bo‘lib o‘tdi, takliflar berildi. Konferensiya hujjatlari bo‘yicha yakuniy xulosalar qabul qilindi.