Tadqiqot reaktorlarining xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi
14.04.2022 | scis.uz

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida  Avstriyaning «ENCONET Consulting GesmbH» muhandislik konsalting kompaniyasi tomonidan “Tadqiqot reaktorlarining xavfsizligini ta'minlovchi asbob-uskunalarning ishlash (eskirish) resurslari”, “Xavfsiz va samarali ishlashini ta'minlash talablari” hamda “Tadqiqot reaktorlari uchun qo‘llaniladigan jismoniy himoya talablari” mavzularida seminar o‘tkazildi.

Qayd etish kerakki, ushbu konsalting kompaniyasi 1994 yildan beri Yevropaning boshqarish va injiniring sohasidagi xizmatlar bozorida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Kompagniya tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar yadroviy qurilmalar va boshqa kompleks sanoat qurilmalarini tahlil qilish, loyihalashtirish, qurilishi, ekspluatasiya qilish hamda texnik xizmat ko‘rsatish sohalarini qamrab oladi.

Seminarda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya vakillari bilan bir qatorda Radiasiya va yadro xavfsizligi departamenti mutaxassislari ishtirok etdi.

Qo‘mita raisi Baxtiyor Gulyamov seminar tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirib, olingan ma'lumot va ko‘nikmalar tadqiqot reaktorlarining xavfsizligini ta'minlovchi uskunalardan foydalanish, ularning xavfsiz va samarali ishlashini ta'minlash hamda  tadqiqot reaktorlari uchun qo‘llaniladigan jismoniy himoya talablarini takomillashtirish, baholash va tahlil qilishda mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari mutaxassislari uchun foydali bo‘lishini ta'kidladi.