Mamlakatimizda 1 martdan «Yashil yillik» umummilliy tadbiri boshlanganidan xabaringiz bor. Bu yil bahor mavsumida «Yashil makon» loyihasi doirasida 125 mln dona daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Shu bilan birga aholiga kamida 10 mln dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari bepul tarqatilmoqda. Ushbu keng ko‘lamli ezgu tashabbusni samarali tatbiq etish yuzasidan kuni kecha o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida Bosh vazir tomonidan vazirlik va idoralar rahbarlariga ham qator topshiriqlar berildi. Unga ko‘ra “Yashil makon” loyihasi doirasida Toshkent shahri tumanlariga biriktirilgan vazirliklar va idoralar tomonidan mahallabay daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi belgilandi.
Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan ham o‘ziga biriktirilgan Yangi hayot tumanining Choshtepa, Yangi Darxon, Binokor, Gulzor, Jaloir, Xo‘ja Uchqun mahallalarida jami 5 800 tup olma, o‘rik, behi, shaftoli kabi mevali hamda manzarali daraxtlar, shundan 3 000 tasi aholi hovli joylariga ekish uchun tarqatish va 2 800 tasini mahalla ko‘chalariga ekish ishlari jadal olib borilmoqda.
Aytish kerakki, ushbu daraxt ko‘chatlari O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan yetkazib berilmoqda.
Qo‘mita tomonidan “Yashil makon” loyihasini amalga oshirish grafigi ishlab chiqilib, daraxt ko‘chatlarini ekish va aholiga tarqatish ishlarini yaqin 2-3 kun ichida nihoyasiga yetkazish rejalashtirilgan.