Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning “Yadroviy bilimlarni boshqarish maktabi” – yadroviy texnologiyalar va bilimlar sohasida yosh mutaxassislarga ko‘mak
20.04.2022 | scis.uz

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) tomonidan yadroviy bilimlar va texnologiyalar bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarda yadroviy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tish imkonini yaratish maqsadida doimiy ravishda Yadroviy bilimlarni boshqarish maktabi tashkil etib boriladi. Bu o‘quv kurslarida sohaning taniqli xalqaro ekspertlari jamoasi tinglovchilarni yadroviy bilimlarni boshqarish, unin jarayon va vositalari, muammolari va foydalari, tashkiliy madaniyat hamda inson resurslarini boshqarish, bilimlarni saqlash va almashish uchun axborot texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha jadal o‘qitadilar.

Kuni kecha Amerika Qo‘shma Shtatlarining Texas shtati Kolledj-steyshn shahrida navbatdagi ana shunday maktab tashkil etildi.

Unda Argentina, AQSh, Braziliya, Gana, Misr, Nigeriya, Peru, Turkiya va O‘zbekistondan 20 nafar mutaxassis ishtirok etdi.

Xususan, Qo‘mitaning Radiasiya va yadro xavfsizligi departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sardorbek Yakubekov xorijiy hamkasblari qatorida yadroviy bilimlarni boshqarishga integratsiyalashgan yondashuv, bu  bilimlarni boshqarish vositalari,  yadroviy bilimlar vositasida biznesni boshqarish yo‘nalishlarida yangi bilimlar olib, ko‘nikmalarini rivojlantirdi.

O‘quv jarayoni mobaynida ma'ruzalardan olingan bilimlarni mustahkamlash maqsadida mavzular yuzasidan xorijiy tajriba tanishtirildi va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Tadbir yakunida barcha qatnashchilar bilimlarini sinab ko‘rdilar, guruh taqdimotlari o‘tkazildi va imtihon natijalari asosida qatnashchilarga sertifikatlar topshirildi.