“Mehnat muhofazasining ijobiy madaniyatini birgalikda shakllantiramiz”
25.04.2022 | scis.uz

Xalqaro Mehnat  Tashkilotining  tashabbusi bilan 2003 yildan boshlab 28 aprel “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” deb e'lon qilinib, ushbu kunda dunyoning 120 dan ortiq davlatlarida ish joylarida sodir bo‘layotgan baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarga chalinishning oldini olish hamda mehnat muhofazasi masalalariga e'tiborni yanada kuchaytirishga qaratilgan qonunlar qabul qilinib, turli mavzularda tadbirlar o‘tkazib kelinadi.

O‘zbekistonda  ham  xodimlar xavfsiz va qulay, adolatli mehnat sharoitlarida ishlashlarining huquqiy asosi Konstitusiyamizning 37-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan. Ushbu konstitusiyaviy kafolatni amalda ro‘yobga chiqarilishiga qaratilgan aniq chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida,  «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunda, boshqa bir qator qonunlar va qonun osti me'yoriy hujjatlarida belgilangan. Sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitida mehnat qilish huquqi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining eng asosiy mehnat huquqlaridan bo‘lib hisoblanadi. Mehnat muhofazasiga oid talablar va standartlar yuqorida qayd etilgan hujjatlar asosida ishlab chiqariladigan korxona va tashkilotlarning ichki mehnat tartibi qoidalari, jamoa shartnomalari, tarmoq yoki mintaqaviy jamoa kelishuvlari, korxonalarning boshqa ichki me'yoriy-huquqiy hujjatlarida, muayyan soha, kasb, ish joylariga oid bo‘lgan mehnat muhofazasi standartlarida belgilab qo‘yiladi.

Mulkchilik shakli va xo‘jalik yuritish usulidan qat'i nazar barcha korxona, muassasa, tashkilotlar o‘z xodimlari uchun sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitini yaratishi, xavfsizlik texnikasi choralarini ko‘rishi, mehnatni muhofaza qilish xizmatlarini tashkil etishi, boshqa tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirishi shart. 

Kuni kecha   Xiva tumanida joylashgan «Urganchtransgaz» UK tizimidagi Urganch magistral quvurlar boshqarmasida  Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan “Mehnat muhofazasining ijobiy madaniyatini birgalikda shakllantiramiz” mavzusida o‘tkazilgan  davra suhbatida ham ayni shu masalalar to‘g‘risida gapirildi. Unda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining Xorazm hududiy boshqarmasi mutaxassislari hamda hududdagi boshqa nazorat organlari vakillari ishtirok etdilar. Tadbirda sanoat korxonalarida mehnat xavfsizligini ta'minlash, bunda sanoat xavfsizligi sohasidagi normativ va me'yoriy hujjatlar talablariga rioya etilishi ahamiyati ta'kidlandi. Yig‘ilish qatnashchilariga tegishli hujjatlar yuzasidan tushuntirishlar, qiziqtirigan savollarga javoblar berildi, shuningdek, keyinchalik faoliyatlari davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan savollarga ham qo‘mita mutaxassislari tomlnidan kerakli tavsiya va yordam ko‘rsatilishi qayd etildi.