Mustaqillik – oliy ne'mat
25.08.2022 | scis.uz

Bu yil O‘zbekiston mustaqillikka erishganiga 31 yil to‘ladi.

Mustaqillik yillarida boy tarixiy va madaniy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va an'analarimiz qayta tiklandi. Bugungi kunda mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik kabi olijanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatanimiz buguni va ertasiga daxldorlik tuyg‘usi yuragimizning tub-tubidan o‘rin oldi.

Bugun Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida o‘tkazilgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirda mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar, zabt etilgan marralar xususida so‘z bordi. Tadbirga taklif etilgan Toshkent davlat yuridik universiteti xodimi, yuridik fanlari doktori, professor Omonilla Muxammadjonov istiqlol, keng ko‘lamli islohotlar samarasi natijasida respublikamizda  yirik ishlab chiqarish korxonalari, ijtimoiy soha ob'ektlari qurilib, foydalanishga topshirilayotgani xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotganini, bunda tobora rivojlanib borayotgan sanoat sohasining xavfsizligi ta'minlanishida qo‘mita jamoasining muhim o‘rnini ta'kidlab o‘tdi.

O‘tgan davr mobaynida jamiyat hayotining turli jabhalari – iqtisodiyot, ta'lim, madaniyat va turizm hamda sportda erishilgan yutuqlar dunyo hamjamiyati e'tiborini qozonmoqda.

Ma'ruzachi yaqinda shaxmatchilarimizning jahon olimpiadasida chempion bo‘lishi ham inson qadrini oliy maqsad qilib qo‘ygan bugungi izchil islohotlarning samarasi ekanini aytib o‘tdi.

Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan  konstitusiyaviy islohotlar, ularning inson huquq va erkinliklari hamda qadrini mustahkamlashdagi ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.