“Ramazon hayiti arafasida” – kirib kelayotgan muborak bayram munosabati bilan qo‘mitada yig‘ilish o‘tkazildi
30.04.2022 | scis.uz

Yer  yuzidagi islom ummati tomonidan keng nishonlanadigan ulug‘ va muborak ayyom – Ramazon hayiti arafasida turibmiz.

Bu qutlug‘ bayram  el-yurtimiz uchun insonparvarlik, sabr-qanoat, xayru saxovat va shukronalik timsolidir.

Ramazon oyi va hayit bayramining mohiyatida mujassam bo‘lgan mehr-muruvvat, ehtiyojmand toifalarga har tomonlama ko‘mak va yordam ko‘rsatish, hayot tashvishlari va muammolarini birgalikda, o‘zaro yelkadosh bo‘lib hal etishdek olijanob qadriyatlar har vaqt ham muhim ahamiyatga ega.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida o‘tkazilgan bayramoldi yig‘ilishda qo‘mita raisi Baxtiyor G‘ulomov jamoani yaqinlashib kelayotgan muborak ayyom bilan tabriklab, O‘zbekistonimiz yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ygani, barcha sohalarda o‘zgarish va yangilanishlar ro‘y berayotgani, Ramazon hayiti munosabati  bilan yurtimizda besh kunlik dam olish e'lon qilinishi rejalashtirilayotgani to‘g‘risida gapirdi. Qo‘mita  markaziy apparati va hududiy boshqarmalari xodimlarini shanba kuni o‘tkazilishi belgilangan umumxalq xayriya hasharida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Shu bilan birga qo‘mitaning mas'ul rahbarlariga Ramazon hayiti o‘qiladigan masjidlar va aholi yig‘iladigan joylarda tegishli davlat tuzilmalari vakillari bilan hamkorlikda xavfsizlik talablari bajarilishini nazoratga olishlari ko‘rsatib o‘tildi.