Xotira – abadiy, qadr – muqaddas
11.05.2022 | scis.uz

Xotira va qadrlash – xalqimizning asriy qadriyatlari, ulug‘ fazilatlaridan. El-yurtining tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar hamisha xalqimiz ardog‘idadir.

Kuni kecha yurtimizda keng nishonlangan Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda, ona diyorimizni, xalqimizning ozodlik va istiqlolini, erkin va farovon hayotini mardlik va shijoat bilan himoya qilgan fidoyi yurtdoshlarimizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, hurmat-ehtirom yana bir bor  namoyon bo‘ldi.

Shu kunlarda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan barpo etilgan  Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasiga ko‘plab yurtdoshlarimiz kelib, o‘tganlar xotirasini yod etmoqda.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining bir guruh xodimlari ham “G‘alaba bog‘i”ga tashrif buyurib, “Matonat madhiyasi” majmuasiga gul qo‘ydilar.

Bog‘ markazidan o‘rin olgan ushbu majmua ikkinchi jahon urushida besh o‘g‘lidan ayrilgan jafokash va matonatli ona – Zulfiya aya Zokirova, uning sadoqatli kelinlari va yetim qolgan nabiralari xotirasiga bag‘ishlab barpo etilib, xalqimizning urushdagi yo‘qotishlari, g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi timsolidir.