Yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga bag‘ishlangan dala mashqlari
12.05.2022 | scis.uz

Samarqand veterinariya medisinasi institutining Toshkent filialida Kimyoviy, biologik, radiologik va yadro xavflarini minimallashtirish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi ilg‘or tajriba markazlari tashabbusining “Markaziy Osiyo mamlakatlarida milliy huquqiy bazani mustahkamlash hamda biologik himoya va biologik xavfsizlik bo‘yicha ixtisoslashtirilgan o‘qitish - 53-loyiha”si doirasida biologik mobil laboratoriyalardan foydalangan holda dala mashqlari o‘tkazildi.

Xalqaro ilmiy-texnik markaz (Qozog‘iston) tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi delegasiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Innovasion rivojlanish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda boshqa bir qator xalqaro tashkilotlar va sherik davlatlar elchixonalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan 53-loyiha rahbari janob Xendrik Visser, Bundesver mikrobiologiya instituti eksperti Djerald  Zikeli hamda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi - Kimyoviy, biologik, radiologik va yadro xavflarini minimallashtirish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi  ilg‘or tajriba markazlari  tashabbusining Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy  Kotibiyati  rahbari Baxtiyor Gulyamov yuqumli kasalliklarning tarqalishi aholi salomatligi uchun ayniqsa epidemiologik kuzatuv infratuzilmasi ko‘pincha cheklangan qishloq joylarida katta xavf tug‘dirishi, chunki malakali laborant mutaxassislar va diagnostika imkoniyatlari asosan shaharlarda mavjud ekanligi to‘g‘risida gapirdilar. Bu COVID-19 pandemiyasi holatida ham namoyon bo‘ldi

Aytish kerakki, Yevropa Ittifoqi (EI) O‘zbekiston Respublikasiga bu borada ko‘mak ko‘rsatish maqsadida 2021-2022 yillar davomida mobil laboratoriya bo‘linmalarini Toshkent shahrida joylashtirish bo‘yicha qator treninglarda O‘zbekistonlik ekspertlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ushbu treninglar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan va Xalqaro ilmiy-texnik markaz tomonidan amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyo mamlakatlarida milliy huquqiy bazani mustahkamlash hamda biologik himoya va biologik xavfsizlik bo‘yicha ixtisoslashtirilgan o‘qitish - 53-loyiha”si doirasida o‘tkaziladi. Germaniyaning Bundesver Mikrobiologiya instituti tomonidan olib boriladigan treninglar mazkur institut tomonidan ishlab chiqilgan ikkita diagnostik mobil laboratoriya qurilmasiga asoslangan bo‘lib, ular 2021 yil iyul' oyida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga COVID-19 ga javoban qo‘llab-quvvatlash doirasida topshirilgan.

Trening amaliyotga yo‘naltirilgan yondashuv bilan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda ishtirokchilarga hayotiy ssenariylardan foydalangan holda mobil laboratoriya ishining barcha jihatlari o‘rgatildi. Tinglovchilar namunalar bilan ishlash va real vaqtda PSR-ni mustaqil ravishda o‘tkazish ko‘nikmalarini qo‘llash va yangi vaziyatlarga maxsus ko‘rsatmalarsiz javob berish bo‘yicha mashqlar bajardilar.

Dala mashqlarining asosiy maqsadi

* Xavfli yuqumli kasallik epidemiyasini modellashtirish;

* mobil laboratoriyalarni mavjud laboratoriya muassasalaridan uzoqda joylashtirish;

* Ko‘chma laboratoriyalarni laboratoriya inshootlarisiz poligonda joylashtirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida xorijiy va o‘zbekistonlik mutaxassislar ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdilar.