Ayollarning ilm-fan va texnologiyalar rivojlanishida muhim o‘rni bor
29.08.2022 | scis.uz

Tojikistonning So‘g‘d viloyati Guliston shahrida Ilm-fan, innovasiyalar va texnologiyalarning rivojlanishida olima ayollarning o‘rniga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Tadbir Kimyoviy, biologik, radiologik va yadro xavflarini minimallashtirish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi ilg‘or tajriba markazlari tashabbusi loyihasini amalga oshirish doirasida Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi, Xalqaro ilmiy-texnik markaz tomonidan tashkil etildi.

Ilmiy-amaliy anjumanda 100 dan ortiq ayol: xalqaro va xorijiy tashkilotlar – MAGATE, AQShning Middlberi xalqaro tadqiqotlar instituti ekspertlari, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Pokiston davlatlarining ilmiy va halqaro hamda davlat muassasalarida radiasiyaviy xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar ishtirok etdilar.

Bir necha kun davom etgan ilmiy anjumanda radiasiyaviy xavfsizlikni ta'minlashda yangi texnologiyalar, yadroviy tibbiyot va radioekologiyani rivojlantirish, biologik xavfsizlik masalalari, shuningdek, MAGATEning ayollarni tadqiqotlarga jalb qilish va gender tenglik siyosati  mavzularida tashkilotchilar va ishtirokchilar tomonidan taqdimot va ma'ruzalar qilindi.

Olima ayollarning ilm-fanda, shu bilan birga jamiyat hayotida, xususan, siyosat, madaniyat va ijtimoyi sohalardagi tobora ortib borayotgan o‘rni ta'kidlandi.

Xususan tadbirda qatnashgan Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Radiasiya va yadro xavfsizligi departamenti mutaxassisi Dildora Umurzakova Qo‘mitaning radiasiya va yadro xavfsizligini ta'minlash sohasidagi faoliyati, uning natijalari va rejalar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Tashkilotchilar eng yaxshi taqdimot, ma'ruza mavzusini mohirona ochib berish, tanlangan mavzuning dolzarbligi nominasiyalarida tanlov o‘tkazdilar.

Konferensiyaning keng doiradagi ilmiy yo‘nalishlarini hisobga olib, ishtirokchilarning nafaqat tadqiqot ishlarida, balki innovasion yo‘nalishda ham bilim va tajriba almashishlari foydali bo‘ldi.