Is gazidan zaharlanish holatlari ko‘pligicha qolmoqda
25.05.2022 | scis.uz

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining yigirma oltinchi yalpi majlis oldidan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Qo‘mita raisi Q.Burxonov, Qo‘mita a'zolari, ekspertlar guruhi va tegishli vazirlik va idoralar, shu jumladan Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar birma-bir muhokama qilindi.

Shuningdek, mamlakatimizda “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunning ijrosi, xususan, is gazidan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, senatorlar boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida mazkur tarmoqda qator tizimli muammo hamda kamchiliklar mavjudligi aniqlangan.

2020 va 2021 yillarda hamda 2022 yilning o‘tgan davrida is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida mamlakatimizda 8 milliondan ortiq xonadonlarda isitish tizimlari, dudburonlar ko‘rikdan o‘tkazilgan va boshqa chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Shu bilan birga, mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish bo‘yicha OAV, mahallalar, ta'lim muassasalari, tashkilot va korxonalarda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan.

Prokuratura organlari tomonidan 105 ta tekshirish o‘tkazilgan. Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga 30 dan ortiq taqdimnoma, 25 tadan ziyod ogohlantiruvlar kiritilib, 25 nafar shaxs intizomiy va 4 nafar shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

Senatorlar qayd etishicha, o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar yetarli darajada o‘z samarasini bermagan. Oqibatda 2020 yildan 2022 yilning o‘tgan davrida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 428 ta holat sodir bo‘lgan. Natijada 366 nafar fuqaro vafot etgan va 307 nafar shaxs turli darajada jarohatlangan.

Iste'molchilarda tabiiy va suyultirilgan gaz hamda muqobil turdagi yoqilg‘idan foydalanishda xavfsizlik madaniyatining shakllanmaganligi, gazda ishlovchi qurilmalarning dudburon va shamollatish kanallari soz holatda emasligi, sifatli tozalanmaganligi va belgilangan muddatlarda texnik ko‘rikdan o‘tkazilmayotganligi is gazidan zaharlanish holatlari hamon ko‘pligicha qolishiga asosiy sabablaridan biri bo‘lmoqda.

Shuningdek, milliy qonunchilikda is gazi chiqishi, uni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ko‘rish, aholini muhofaza qilish, xususan, zaharlanish holatlarining oldini olish borasidagi munosabatlarni o‘zida ifoda etuvchi yaxlit normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi ham tarmoqda ijobiy o‘zgarish bo‘lmayotganligiga bir sabab sifatida aytib o‘tildi.

Xususan, amaldagi qonunchilikda is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olishga mas'ul bo‘lgan vakolatli davlat organi aniq belgilanmagan. Natijada bu borada amaliyotda tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda.

Ta'kidlanishicha, is gazining chiqishi bilan bog‘liq holatlar asosan ko‘p kvartirali uylarda yuzaga kelmoqda.

Shuningdek, senator Samarqand viloyatida olib borgan o‘rganishlari natijalarini ham alohida aytib o‘tdi.